Istalgan sohani olaylik unda muvaffaqiyatga erishish oson kechmaydi. Buning uchun qattiq mehnat qilish, muvaqqaqiyat sirlarini o‘rganib borish talab etiladi. Massachusets texnologiyalar instituti professori Kel Nyuport o‘zining “Diqqat: Chalqituvchi dunyoda muvaffaqiyat sirlari” asarida shunday sirlardan biri haqida so‘z yuritadi. Bu sir – biz uchun berilgan eng katta ne’matlardan bo‘lgan vaqtimizni foyda keltirmaydigan narsalarga sarflashdan saqlanishdir.
Asarda qanday qilib bugungi chalg‘ituvchi vositalar bilan to‘lgan dunyoda muvaqqaqiyat qozonish, qanday qilib ishimizning unumini orttirish, vaqtimizni o‘g‘irlovchi vositalardan qanday tiyilish mumkin degan savolllarga muallif tomonidan aniq misollar orqali javob beriladi.
Asarga ko‘ra, yuqorida keltirilgan savollarning javobi teran ishlashdir. Teran ish – hech narsaga chalg‘imasdan, bor aqliy imkoniyatni ishga solgan holda, chuqur diqqat bilan bajarilgan ishdir. Bu ish bebaho qiymat yaratadi. Mahoratingizni oshiradi va uni har kim ham bajara olmaydi.
Bill Geyts yiliga ikki marta “tafakkur xaftaligi”ga vaqt ajratardi. Bu vaqt mobaynida u o‘zini hamma narsadan ajratib qo‘yar (ko‘pincha ko‘l bo‘yidagi hovlisida), vaqtini o‘qish va katta g‘oyalar haqida fikrlashga bag‘ishlardi. Bundan tashqari, Karl Yung, Mishel de Monten, Mark Tven, Jon Rouling va boshqalar ham teran ishdan foydalanganganligi kitobda aytilgan fikrlarning isboti sifatida keltirilgan.
Asarda inson muvaffaqiyatga erishishi, o‘zining yashirin imkoniyatlarini kashf qilishi uchun teran ishdan foydalanishi va diqqatni cheklovchi turli ijtimoiy tarmoqlardan voz kechishi lozimligi uqtirishi bilan birgalikda bu ishni amalga oshirishga yordam beruvchi har xil usullar ham keltiriladi.
Teran ishlovchilardan biri yozuvchi Nil Stefenson bilan elektron tarzda bog‘lanishning iloji yo‘q. Chunki, uning veb-saytida elektron pochta manzilini emas, nima sababdan ijtimoiy tarmoqlardan unumli foydalanmasligi haqidagi essesini uchratasiz. Nil bunga quyidagicha izoh beradi: “Agar men hayotimni shu tarzda qursam, ishlashga uzoq va uzluksiz vaqtim bo‘lsa, romanlar yozishim mumkin. Biroq bezovta qilaverishsa, nima yozaman? Barhayot roman o‘rniga kimlargadir jo‘natgan bir dasta elektron xatlarim qolmaydimi?!”
Asarda bu kabi fikrlarni ko‘plab uchratish mumkin. Bu fikrlar insonlarni befoyda ijtimoiy tarmoqlardan chekinib, real hayotda real muvaffaqiyatlarga erishish uchun harakat qilishni boshlashlariga chorlaydi. Va o‘ylashimcha, o‘zini, o‘z umrini qadrlagan inson vaqtini behuda sarflamasdan, Uinfred Gallagerning quyidagi so‘zlariga rioya qilib yashaydi: “Men maqsadli hayot kechirmoqchiman, chunki shu eng yaxshi hayotdir”.