Fermer xo’jaligi qanday tashkil etiladi?
Fermer xo’jaligini tashkil etish uchun siz, avvalo, belgilangan tartibda yer uchastkasi olishingiz kerak.
Fermer xo‘jaligi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan va zaxira yerlarda tashkil etiladi.
Chorvachilik mahsuloti yetishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaligi kamida 30 shartli bosh chorva moli bo‘lgan taqdirda tashkil etiladi.
Chorvachilik mahsuloti yetishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaligini tashkil etishingiz uchun kamida 30 shartli bosh chorva moliga ega bo’lishingiz kerak.
Chorvachilik mahsuloti yetishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaligiga beriladigan yer uchastkalarining eng kam o‘lchami, bir shartli bosh chorva molga hisoblaganda, Andijon, Namangan, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridagi sug‘oriladigan yerlarda kamida 0,3 gektarni (nasldor chorvachilik fermer xo‘jaliklari uchun 0,5 gektarni), boshqa viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi sug‘oriladigan yerlarda tegishlicha, kamida 0,45 gektarni (nasldor chorvachilik fermer xo‘jaliklari uchun 0,6 gektarni), sug‘orilmaydigan (lalmikor) yerlarda esa kamida 2 gektarni tashkil etadi.
Dehqonchilik mahsuloti yetishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaliklariga ijaraga beriladigan yer uchastkalarining eng kam o‘lchami paxtachilik va g‘allachilik uchun kamida 30 gektarni, g‘allachilik va sabzavotchilik uchun kamida 10 gektarni, bog‘dorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik va boshqa ekinlarni yetishtirish uchun kamida 1 gektarni hamda ko‘pi bilan 5 gektarni tashkil etadi.
Fermer xo‘jaliklari yuritish uchun yer uchastkalari ochiq tanlov asosida ijaraga ellik yilgacha bo‘lgan, lekin o‘ttiz yildan kam bo‘lmagan muddatga beriladi.
Yuqoridagi talablar bajarilgan taqdirda, fermer xo’jaligi tegishli tartibda davlat ro’yxatidan o’tkazilishi mumkin.
Fermer xo‘jaligi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin tashkil etilgan deb hisoblanadi. Uning muassisi yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga olish to‘g‘risida shartnoma tuzadi.
Fermer xo‘jaligi bank muassasasida hisob-kitob varag‘i va boshqa xil hisobvaraqlar ochishga, o‘z nomi yozilgan muhrga ega bo‘lishga haqli.