Bosh sahifa / Badiiy kitob sharhlari / Fyodor DOSTOEVSKIY «Telba» asaridan tagiga chizilgan parchalar

Fyodor DOSTOEVSKIY «Telba» asaridan tagiga chizilgan parchalar

…Lekin odamga eng yomon azob beradigan narsa jarohatlarning og’rig’i bo’lmasa kerak, menimcha hozir, mana bir soatdan so’ng, keyin o’n daqiqa, so’ng yarim daqiqa, keyin mana hozir, shu on, shu soniyada muqarrar suratda joning uzilishini, boshqa hech qachon odam bo’lmasligingni, hammasi endi muqarrar suratda ro’y berishini bilib turishing qattiq qiynoqqa soladi; hammasidan og’iri — shu muqarrarlik.

* * *

Qotillik qilganligi uchun qatl qilish jinoyatning o’zidan ko’ra ham og’irroq jazo. Hukm o’qish yo’li bilan qilinadigan qotillik qaroqchilik yo’li bilan qilinadigan qotillikdan ko’ra beqiyos dahshatliroq.

* * *

…jimjima — bu juda ham xatarli narsa.

* * *

Ba’zan peshin chog’larida tog’lar orasiga kirib, bir o’zing tog’lar ichida turasan, chor atrofda qari, haybatli va shirador qarag’aylar; tepada qoya ustida o’rta asrdan qolgan ko’hna qasr, vayronalar, qishlog’imiz juda ham pastda bazo’r ko’zga ilg’anadi: oftob charaqlagan, osmon zangori, vahm sukunat. Ana shunda uzoqlarga bosh olib ketging keladi, agar nuqul to’g’riga qarab ketaversang, ketaversang, uzoq-uzoq yurib borsang, anavi chiziqdan, o’sha osmon yer bilan tutashgan yerdan o’tsang, hamma ko’ngilga tukkan niyatlaringga yetadigandek, bu yerdagi hayotga qaraganda ming karra qudratliroq, shovqin-suronli yangi bir hayotga duch keladigandek bo’lib tuyulaverardi…

* * *

Otalari ularni juda ham yosh, hech nimani tushunmaydi deb hisoblashlarini bolalar juda yaxshi fahmlaydilar, ular hamma narsani yaxshi fahmlaydilar. Bola eng mushkul vaziyatda ham haddan ziyod foydali maslahat berishi mumkinligini kattalar bilmaydilar.

* * *

…har kimning o’ziga yarasha kamchiligi bo’ladi va… o’ziga xos odatlari bo’ladi, ba’zan birovning qiliqlarini barmoqlarini bigiz qilib ko’rsatishadi, lekin o’zlarini surishtirib qaralsa, bundan beshbattarroq chiqadi.

* * *

Pulning qabohati va yaramasligi shundaki, u hatto yo’q talantni bor qiladi.

* * *

…odamning qanday yolg’on so’zlayotganini kuzatib o’tirishning o’zi qiziq.

* * *

Rahm, ehtimolki, butun odamzod borlig’ining eng ulug’ va birdan-bir qonunidir.

* * *

…bu she’rda ideal bilan yashashga qobil bo’lgan odam tasvirlangan, ikkinchidan, o’z ideali yo’lida butun umrini bag’ishlaydigan va hech narsadan toymaydigan odam. Bizning zamonamizda bunaqasi noyob uchraydi.

* * *

…olijanob va sofdil odam, ya’ni sog’lom fikrlaydigan odam demoqchiman, qonunlar majmualarida yozilmagan narsalar borasida ham olijanob va sofdil bo’lib qolmog’i darkor.

* * *

Aldangan qizni hammaning hukmiga olib chiqib sharmanda qilish vahshiylik, insongarchilikdan yiroq narsa. Agar shunday qiladigan jamiyatni odamgarchilikdan uzoq deb hisoblasang, unda qiz bechoraning ahvolini shu jamiyat og’irlashtirganini tan olishing kerak.

* * *

O’ziga xoslikning yo’qligi har yerda, butun dunyoda azal-abad ishchan, ishbilarmon, uddaburon odamning eng muhim fazilati hisoblangan, unga fazilatning bor-yo’qligiga qarab baho berganlar, jillaqursa odamlarning yuzdan to’qson to’qqiz foizi (ha, jillaqursa shunchasi) mana shunday fikrda bo’lgan, faqat yuzdan bir bo’lak odamlargina doimo bosh-qacha fikrda bo’lib keladi.

* * *

…hatto eng ashaddiy, g’irt qotil ham harqalay o’zining jinoyatchi ekanini biladi, ya’ni vijdonan yomon ish qilganligini anglaydi, lekin pushaymon qilmaydi.

* * *

O’zini o’zi xarob qilish va o’z-o’zini saqlash qonunlari odamzod uchun baravar darajada kuchlidir! Shayton odamzod ustidan hali bizga tobe bo’lmagan zamonlarga qadar hokimlik qilib boradi.

* * *

…yolg’on gapirayotganda, agar yolg’onga juda ham aql bovar qilmaydigan, antiqa, hayotda bo’lmaydigan yoki juda kam uchraydigan biron narsani qo’shib-chatib yuborsangiz, yolg’on xuddi chinga
o’xshab qoladi.

* * *

Filhaqiqat, xudo jazo beraman desa, avvalo odamning aqlini oladi.

* * *

Insoniyatga bo’lgan mubham muhabbatingda doimo deyarli faqat o’zingnigina yaxshi ko’rasan.

* * *

O, ishonchingiz komil bo’lsinki, Kolumb Amerikani ochgandan keyin emas, Amerikani ochayotgan chog’da baxtli bo’lgan; ishonchingiz komil bo’lsinki, u Yangi Dunyoni ochmasidan uch kun ilgari o’z
iqbolining eng baland cho’qqisiga ko’tarilgan, o’shanda uning kemasidagi odamlar g’alva ko’tarishgan, sal bo’lmasa Yevropaga qaytib ketmoqchi bo’lishgan!

* * *

…inson kallasida tug’iladigan har qanday daho g’oyada yoki fikrda boshqa odamlarga anglatib yetkazib bo’lmaydigan, jild-jild asarlar va sharhlar yozib, o’ttiz besh yil tushuntirishga harakat qilib ham anglatib bo’lmaydigan allanima qolib ketadi; miyangizda aslo chetga chiqishni istamagan allanima doim qoladi, abadiy sizdan ajralmaydi; siz shunday o’lib ketasiz, o’zingizning eng asosiy fikringizni hech kimga bildirmay, hech kim bilan o’rtoqlashmay o’tib ketasiz.

* * *

Agar u meni yomon ko’rib qolgan bo’lsa, bu yomon ko’rishi ham o’ziga xos edi: u «sabr bilan yomon ko’rardi».

* * *

Nazarimda janob ham, xonim ham yaxshi odamlar edilar, lekin yo’qchilik ularni shu qadar tuban bir holatga solib qo’ygan ediki, ular bu tartibsizlik bilan olishaverib holdan toygan va endi e’tibor bermay qo’ygan edilar, ular hatto kun sayin tobora ortib borayotgan bu tartibsizlik, beboshvoqlikdan allaqanday juda alamli va achchiq bir lazzat hamda o’ch olayotgan kabi edilar.

* * *

Tajang va xafa bo’lishni yaxshi ko’radigan odamlar toifasi bo’ladi, ular xafa bo’lishdan lazzat topadilar, ayniqsa, xafagarchiliklari o’zining oxirgi nuqtasiga yetgan bo’lsa (bu tez-tez bo’lib turadi), bu narsa ularda juda kuchaygan bo’ladi. Bunday paytlarda ular o’zlarini xafa bo’lmagandan ko’ra xafa bo’lgan holda ko’rishni ma’qul sezadilar.

* * *

Shaxsiy yaxshilik hech qachon yo’qolmaydi, chunki u shaxsning ehtiyoji bilan bog’liq, bir shaxsning ikkinchi bir shaxsga to’g’ridan-to’g’ri ta’siridan kelib chiqadigan jonli ehtiyojdir.

* * *

…inson xatti-harakatlarining sababi odatda keyin biz uni tushuntirganga qaraganda haddan tashqari chigal va rang-barang, juda kamdan-kam hollarda aniq bir belgiga ega bo’ladi.

* * *

Bilasizmi, menimcha, ba’zan kulgi bo’lish ham yaxshi, hatto juda soz: bir-birimizni darrov kechirishimiz, darrov qanoat hosil qilishimiz mumkin.

* * *

Kamolotga erishish uchun oldin ko’p narsalarni tushunmagan bo’lish kerak.

* * *

…atrofda shunchalar go’zal va latif narsalar ko’pki, eng yo’ldan ozgan odam ham ularni ko’rganda ko’zlari quvonib ketadi… Sabiy bolaga qarang, Yaratganning oqarib otayotgan tongiga qarang, ko’kka til cho’zib kelayotgan ko’katga qarang, sizni yaxshi ko’radigan, sizga to’ymay tikilayotgan ko’zlarga qarang…

0