Elif shafaq – Ishqqa oid 40 qoida (Ostiga chizilgan parchalar)

“Qonun misoli sham – u yoritadi. Lekin biz qorong’uda sham yorug’ida faqat bir yerdan boshqa yerga o’tishimiz mumkinligini ham unutmasligimiz kerak. Agar biz bor e’tiborimizni faqat shamga qaratib, aslida qayoqqa ketayotganimizni unutsak, yaxshi bo’ladimi?” (Shams Tabriziy)

*****

Tafakkur bilan ishq turli matolardan to’qiladi. Tafakkur odamlardan chigallik to’qiydi va hech nimasini boy bermaydi, ishq esa barcha chigallarni yozadi va bor yo’g’ini beradi. Tafakkur hamisha ehtiyotkor va har doim: “Me’yorsiz zavqu-shavqdan saqlanish”ni maslahat beradi. Ishq esa”Oh bu gaplar behuda! Zahmatlar tubiga tushib boraver!” deydi. Aqlni aldab bo’lmaydi, ishqni esa loyga belash mumkin. Lekin ana shul oy ichiga xazina jo bo’lishi mumkin. Pora bo’lgan yurak xazinani o’zida saqlaydi.

*****

Insoniyat muammolarining juda ko’pi o’zaro bir-birlarini tushunmasliklaridan kelib chiqadi. So’zlarni to’g’ridan-to’g’ri qabullab bo’lmaydi. Ishq mintaqasiga kirilganida tilni qo’llab bo’lmaydi. Ishq tuyg’usini so’zlar bilan qamrab olib bo’lmaydi, uni so’zsizlikda ifodalash mumkin xolos.

*****

Yosh Rumiy buyuk so’fiy, attor va ruhiyat bunyodkori Farididdin Attor bilan uchrashganida, u “Hademay uning qalbida dunyo qalbi o’t olur, uning uchqunlari Haqiqat tashnalari yuragida alanga yoqur” degan edi. Taniqli faylasuf, olim va so’fiy Ibn Arabiy ham otasi bilan birga yurgan Rumiyni ko’rganida “Sharaflar bo’lsin, ko’l yonida ummon odimlamoqda”, deya xitob qilgan edi.

*****

Yolg’izlik va hilvat bir xil hodisalar emas. Kishi yolg’iz bo’lsa, o’zining to’g’ri yo’ldaligiga o’zini oson ishontiradi. Biz uchun hilvat yaxshi, chunki bu yolg’izlanib qolishni anglatmaydi. Ammo senga ko’zgu bo’la oladigan insonni toppish undan-da yaxshiroq. Yodingda bo’lsinki, sen o’zingni va o’z qalbingdagi xudoni faqat boshqa inson yuragiga qarab, adashmasdan ko’ra olasan.

*****

So’fiy berilgani uchun ham, berilmagani uchun ham shukur qiladi.

*****

Sabr degani nofaollik degani emas. Sabr degani oqibatni ko’ra olish va unga ishonish demakdir. Sabrning ma’nosi nimada? Tikanga qarab turib atirgulni ko’rmoqlikda; tunda bo’la turib tongni ko’ra bilmoqlikda. Sabrsizlik esa uzoqni va kelajakni ko’ra bilmaslikdir. Xudoni sevuvchilar aslo sabrni yo’qotmaydilar, zero ularga oyning to’lishi, to’lin oyga aylanishi uchun vaqt kerakligi ma’lum.

*****

Sharq, G’arb, Janub va Shimol orasida farq yo’q, asosiysi, sayohat tashqariga emas, ichkariga yo’nalgan bo’lishidir. Shunda butun olamni bila olasan.

*****

Men so’fiy edim va atirgulni tikoni bilan, hayotdagi qiyinchiliklarni undagi quvonchlar bilan birga qabul qilishga odatlangan edim. Bu esa “Ona o’z bolasini dunyoga og’riqsiz keltira olmasligini, o’z joni og’rimasdan farzandiga hayot baxsh eta olmasligini biladi. Insonda boshqacha “Men”ning tug’ilishi uchun ham xuddi shunday mashaqqatlar zarur. Loy ham spool idishga aylanishi uchun olovda kuyishi kerak. Ishq mukammal bo’lishi uchun og’riq, azoblarni boshdan kechirish kerak”, degan yana bir qoidadan kelib chiqadi.

*****

Ishq izlash insonni o’zgartiradi. Bu yo’lda kishi  balog’atga yetmay qolmaydi. Ishq izlash boshlangan ondanoq u ichkaridan ham, tashqaridan ham o’zgara boshlaydi.

*****

Hodisalar suv kabi oquvchan, o’zgaruvchan va kelajakda nima bo’lishini oldindan aytib bo’lmas.

*****

Yo’lingda uchraydigan to’siqlarga qarshilik qilma. Hayot o’z o’zanida oqishiga qo’yib ber. Hayoting o’zgarib ketsa, bundan diling vayron bo’lmasin. O’tmish kelajakdan yaxshiligini qayoqdan bilasan.

*****

Xudo hamisha sen bilan mashg’ul. Har bir inson xudoning yaratmishidir va u sekin-asta, lekin og’ishmasdan barkamollashish sari harakatlanadi. Bizlar Xudoning tugallangan yaratiqlari emasmiz, biz to’liq mukammallik ishtiyoqidagi yaratiqlarmiz. Xudo har birimiz bilan alohida ishlaydi, zero insoniyat – har bir qismning umumiyatda muhim o’rni borligini bilguvchi buyuk me’mor san’atining asaridir.

*****

Mukammal, benuqson va beayb xudoni sevish juda oson. Ammo qisqa umr kechiruvchi o’z birodaringni barcha nuqson va kamchiliklari bilan sevmoq mushkul. Inson sevishga qobil zot ekani esingizda bo’lsin. Sevgisiz hikmat yo’qdir. Esingizda bo’lsinki, agar biz Xudoning yaratmishlarini seva olmasak, Xudoni ham chinakamiga seva olmaymiz va bila olmaymiz.

*****

Asosiy kir insonning ichida bo’ladi. Qolgan barcha kirlarni yuvsa ketadi. Faqat bir kirni toza suv bilan yuvib ketkazib bo’lmaydi, bu qalblarni kemiruvchi nafrat va o’ta mutaasiblik kiri, yuragingni faqat ishq poklay oladi.

*****

Har bir inson misoli ochiq kitob. Xudoni anglamoqlik, xoh u fohisha bo’lsin, xoh avliyo, har  bir inson qalbida jo bo’lgan, Har bir inson qalbida tig’ilgandan boshlab Ishq yashaydi va u ochilmoqni istaydi. Qirq qoidadan biri ayni shu haqidadir: “Butun koinot insonda – senda jo bo’lgan. Atrofingda nimalarni ko’rayotgan bo’lsang, hatto sen nafratlanadigan, yoqtirmaydigan odamlar ham, – hammasi o’zingda jo bo’lgan.  Shuning uchun shaytonni tashqaridan izlama. Iblis o’zimizning ichimizda yashiringan. Agar sen chin o’zligingni bila olsang, o’zingdagi nurli va qorong’u tomonlaringni ko’ra olsang, eng yuksak anglashga erishasan. Har bir inson, xoh u erkak bo’lsin, xoh yo ayol, o’zligini bila olsa, Xudoni ham biladi.

*****

“Men” degan tushuncha bo’lmagani kabi “ular” degan tushuncha ham yo’q. Butun olam, undagi hamma narasalar o’zaro bog’langan. Biz – yuzta yoki mingta har xil mavjudotlar emasmiz. Biz hammamiz Bir butunmiz.

*****

Agar odamlarning senga munosabati o’zgarsin desang, avval o’zingning o’zingga munosabatingni o’zgartir. O’zing o’zingni chin qalbdan sevishni o’rganmaguningcha, seni hech kim seva olmaydi. Lekin bunga erishganingdan keyin ham odamlar senga qarshi otadigan barcha tikanlardan minnatdor bo’lishing kerak. Zero, bu sening yaqin orada atirgullar ichiga tushmog’ingdan nishonadur.

*****

O’tmish – bu girdob. Agar uning hozirni o’z soyasida qoldirishiga yo’l qo’yib bersang, u seni o’z tubiga tortib ketadi. Vaqt – bor yo’g’i  sarob. Sen hozirgi damda yashashni o’rganishing kerak. Faqat hozirgi on ahamiyatga ega.

*****

Har bir inson o’z avliyolik yo’lini o’zi tanlaydi. Shunday qoida bor: “Biz hammamiz Uning o’zidan nusxa olib va o’ziga monand qilib yaratilganmiz. Ikkita bir xil odam yo’q. Ikkisi bir maromda tepuvchi yurak yo’q. Agar Xudo barcha odamlar bir xil bo’lishini istasa, ularni bir xil qilib yaratgan bo’lar edi. Shuning uchun boshqa insonlarga hurmatsizlik bilan qarash va ularga o’z fikrini majburlab qabul qildirish, Xudoning rejasiga hurmatsizlik bilan munosabatda bo’lishni bildiradi.

*****

Chin e’tiqodli inson mayxonaga kirsa, mayxona uning uchun ibodatxonaga aylanadi, ichkilikboz ibodatxonaga kirsa, ibodatxona mayxonaga aylanadi. Barcha ishlarimizda eng asosiysi qalbdir. So’fiylar inson haqida tashqi ko’rinishiga qarab hukm chiqarmaydilar. So’fiy kimnidir ko’rmoqchi bo’lsa, ko’zlarini yumadi, lekin uchinchi – ichkarini ko’radigan ko’zini ochadi.

***** 

…harakatdagi, bir joydan boshqasiga ko’chib  turadigan narsalar shubha ostida bo’ladilar.

*****

Faylasuflar ham so’fiylardan tuzukroq emas. Ular o’zlarining cheklangan tafakkurlari bilan cheksiz olamni bilish mumkin den o’ylashadi.

Bir kuni faylasuf bilan darvesh uchrashishibdi va ular bir birlaria juda o’xshar ekanlar.

Ular kun bo’yi gaplashishibdi, gaplari bir biriga aynan muvofiq ekan.

Nihoyat xayrlashganlaridan keyin, faylasuf suhbat haqida: “U men bilgan narsalarni tushunadi” degan ekan.

So’fiy esa: “Men tushungan narsalarni u biladi” degan ekan.

Demak, So’fiy tushunaman, deb o’ylaydi, Faylasuf esa bilaman deb o’ylaydi. Men esa ular hech nimani tushunishmaydi va bilishmaydi, deb o’ylayman.

*****

Bir darbadar darvesh begonalarni yoqtirmaydigan shaharga kelib qolibdi. “Ket, –  deb qichqirishibdi unga.  – Seni bu yerda hech kim tanimaydi.!” Darvesh esa ularga xotirjam javob beribdi: “Tog’ri, lekin men o’zimni taniyman va ishontirib aytamanki, agar buning aksi bo’lsa, yomon bo’lardi. “

*****

Tushunmovchiliklar bilan yo’g’rilgan bu dunyoda hech bir suhbatdoshga qat’iy ishonib bo’lmaydi, chunki eng kuchli ishonch ostida ham tushunmovchiliklar to’lib yotgan bo’lishi mumkin.

*****

Botin Alloh – aqlimdan pardani ko’targil, toki Haqiqatni bilgayman.

*****

…Haqiqat sari yo’lning yeti bosqichi – Xudo bilan bog’lanishga erishmoqlikda har bir inson “men”I yengib o’tishi kerak bo’lgan yeti maqom, yeti taraqqiyot bosqichi namoyon bo’ldi.

  1. Birinchi bosqich Buzilgna Yolg’on Men – inson joni faqat dunyoviy istaklarni qondirish yo’llarini axtaradigan eng tuban va eng keng yoyilgan bosqich. Ko’pchilik odamlar o’zlarining shu “men”larini deb azob-uqubatlar chekar va uni qanoatlantirishga urinar ekanlar, shu bosqichdan nariga o’ta olmay to’xtab qoladilar va hamisha o’z omadsizliklari, baxtsizliklarida faqat boshqalarni aybdor hisoblaydilar (Nafsi Ammora). Inson qachon o’zining bu “men”ining tubanligini tushunsa, o’zining bu holati ustida ishlay boshlaydi va muayyan ma’noda bu bosqichdagi fe’liga qarshi bo’lgan ikkinchi bosqich (ikkinchi maqom) ga o’tadi.
  2. Bu bosqichdagi inson birovlarni ayblash o’rniga o’zini ayblashga o’tadi. Shunda uning xudbinona meni (EGOsi) o’zini ayblovchi Menlik bosqichiga o’tadi va u ichki poklanish maqomiga ko’tariladi (Nafsi Lavvoma).
  3. Uchinchi  bosqichda inson joni (ruhiy quvvati, ma’naviyati) birmuncha kuchayadi va uning xudbin meni yo’q bo’lib, o’rnini Mayinlashgan Men oladi. Shunda inson Ma’rifat vodiysiga yetib kelgan bo’ladi. Bu bosqichda unda (shu bosqich uchun zaruriy) sabr, qat’iyat, zakovat va royishlik zahirasi to’plangan bo’ladi. Olam uning uchun ilhomga to’lib toshadi. Bu bosqichga yetganda ko’pchilik yanada ilgarilab boorish istagini yoki jasoratini yo’qotib, shu pog’onada to’xtashga moyil bo’ladilar. Shuning uchun bu bosqich garchi juda chiroyli ko’rinsa-da, olg’a intiluvchi inson uchun qopqonga aylanishi mumkin (Nafsi Mutmaina).
  4. Yo’lda davom etuvchilar esa Tinchlangan Men (Nafsi Rizoiya) maqomiga yetadilar. Sahovat, shukronalik va hayotning o’zlariga bog’liq bo’lmagan barcha qiyinchiliklarga rozilik nazari bilan qarash – shu bosqichga yetgan insonning asosiy xususiyatlaridir. Bu Birlik Vodiysidir. Bu maqomdagilar Xudo ularga nimaiki ravo ko’rsa, shunga rozi bo’lib va ilhomlanib yashaydilar.
  5. Bu maqomga yetganlar duyoviy quvonch va qiyinchiliklarga befarq bo’lib qoladilar. Ularning “Men”i Qanoatlangan Men bo’ladi (Yoki “Nafsi mulhama”, ya’ni ilhomlangan nafs ham deyiladi).
  6. Keyingi Maqom – Yordam berishga tayyor turadigan Men (Nafsi Mardiya). Bu maqom egalari odamlar uchun nur manbaiga aylanadilar, haqiqiy Ustozlar sifatida boshqalarga ilm, ma’rifat baxsh etib, o’z ruhiy quvvatlarini hammaga taratadilar. Ular qayerga bormasinlar, o’sha yerda odamlar hayotini tubdan o’zgartiradilar. Nimaiki ish qilmasinlar, qanday kasb bilan mashg’ul bo’lmasinlar, baribir, atrofdagilarga xizmat ko’rsatish vositasida Xudoga xizmat qiladilar.
  7. Nihoyat yettinchi bosqichga yetganida, uning shaxsi Sof Men (Asl Men)ga aylanadi, o’zi esa, so’fizm nazariyasiga ko’ra komillikka erishadi, ya’ni INSONI KOMIL bo’ladi. Ammo bu maqom haqida hech nima ma’lum emas. Bunga erishgan ozchilik insonlar bu borada hech nima gapirmaydilar.

*****

Do’zax hozirda va shu yerdadir.  Jannat ham shunday. Do’zaxdan qo’rqish va jannatni orzu qilish kerak emas, zero do’zax ham, Jannat ham hamisha inson qalbida. Qachon ishq bizga nuzul etsa, demak, biz jannatdamiz. Qachon nafratlansak, hasad qilsak yoki jang qilsak, demak, biz do’zax o’tida yonayotirmiz.

*****

E’tiqoding mustahkam bo’lishini istasang, qalbingni yumshat. E’tiqoding bamisoli qoyatosh, sen esa pardanda yumshoq bo’lmog’ing kerak. Biz duch keladigan ko’pgina hodisalar – hastalik, baxtsizlik, judolik, qo’rqinch kabilar – bizni o’z muhokamalarimizda xudbinlik va keskinlikni kamaytirishga, odamlarga nisbatan hamdardroq va mehribonroq bo’lishga o’rgatadi. Ba’zilar bu darslardan saboq olib yumshaydilar, boshqalar esa, aksincha, avvalgidan ham qattiqroq bo’lib boradilar. Haqqa yaqinlashmoqning yagona yo’l – o’z qalbingni ochmoqlikdir, toki u barcha insonlarni qamrab olsin va Ishq uchun yana joy bo’lsin.

*****

Bobo Zamonning bir vaqtlar aytgan gaplari esimda: dunyoni o’z ipagi bilan qoyil qoldirish uchun ipak qurti o’lishi kerak.

 ***** 

Har qanday kutilmagan hodisa faqat inson o’z ichidan tayyor bo’lgandagina sodir bo’ladi.

*****

Mo’min degani zaiflik yoki itoatkorlik degani emas. U fatalism yoki beixtiyor bo’ysunuvchanlikka ham olib kelmaydi. Aksincha, Mo’minlikda inson ichki dunyosida o’sib unadigan haqiqiy kuch mavjud bo’ladi. Tabiatning muqaddas mohiyati oldida mo’minlikni kasb etgan odam, hatto butun olam alg’ov-dalg’ov bo’lib ketganda ham, vazmin, sokinlikda va isyon ko’tarmay yashaydi.

Fatalizm- taqdirga so’ssiz bo’ysunish kerakligini uqtiruvchi qarash.

*****

Shahmatdan farqli o’laroq, hayotda shunday yo’llar bo’ladiki, ularda yutib chiqmoq uchun emas, shunday qilish kerakligi uchun yurasiz.

*****

Bu dunyoda yakdillik ham, to’g’rilik ham olg’a yurishimizga yordam bermaydi, qarama-qarshiliklar yordam beradi. Har birimizda butun koinot qarama-qarshiliklari mavjud. Shunga ko’ra, har bir e’tiqodli odamning ichida e’tiqodsiz odami ham bor. E’tiqodsiz odam ham o’z ichida e’tiqodli odam borligini ertami-kechmi topadi. Insoni komil, ya’ni mukammal inson bo’lish yo’lida e’tiqod asta-sekinlik bilan sodir bo’ladigan jarayon va u o’z qarama-qarshisini – e’tiqodsizlikni taqazo etadi.

*****

Dunyo hamma narsalarning hamma narsalarga bog’liqligi qonuniyatiga bo’ysunadi. Ezgulikning har bir topmchisi, yomonlikning har bir bo’lagi – hamma-hammasi o’zaro bog’langan. Suiqasdlardan, aldanishlardan, ayyorliklardan qo’rqmaslik kerak. Kimdir senga qopqon qo’yayotgan bo’lsa, bilginki, u xudoning irodasi bilan shunday qilayapti. Eng zo’r qopqonni Uning O’zi qo’yadi. Xudoning izmisiz daraxtning yaprog’I ham qilt etmaydi. Xudoga to’liq ishon. Nimaiki sodir bo’lmasin, uning izmisizbo’lmaydi.

*****

Xudo vaqtni juda aniq hisoblaydi. Uning tartiboti shunchalar aniqki, yer yuzidagi barcha hodisalar aynan o’z vaqt-u soatida sodir bo’ladi. Bir daqiqa oldin ham, bir daqiqa keyin ham emas. Soat hamma uchun birday yuradi. Har bir insonning sevgisi va o’limi uchun aniq vaqt ajratilgan.

*****

Hayotimni o’zgartirishga tayyormanmi? O’zimni o’zgartirishga tayyormanmi? Hayotning hatto bir kuni oldingisiga o’xshasa, buning aslo yaxshi tomoni yo’q. Inson har on, har nafas yangilanishi kerak. Yangi hayot boshlashning faqat bir usuli bor: o’limdan oldin o’lish.

*****

Barcha g’oliblar o’z g’alabalarini abadiy deb o’ylashadi. Barcha mag’lublar esa o’z mag’lubiyatlarini abadiy bo’lishidan qo’rqishadi. Har ikki tomon ham bir sababga ko’ra nohaq. Xudodan boshqa hamma narsa o’zgaradi.

 *****

Qismlar o’zgarsa ham, butun o’zgarmaydi. Bir yaramas inson dunyodan o’tsa, boshqa yaramasi dunyoga keladi. Bir yaxshi inson dunyoni tark etsa, o’rniga boshqa yaxshisi keladi. Shuning uchun nafaqat hech nima o’zgarmasdan qolmaydi, balki hech nima chinakamiga o’zgarmaydi ham. Bir so’fiy vafot etsa, qayerdadir boshqa yerda boshqa so’fiy dunyoga keladi.

*****

Bizning dinimiz – ishq dini. Bizlar yurak zanjirlari bilan o’zaro bog’langanmiz. Zanjirning bir bo’lagi uzilsa, uning o’rnida boshqa joyda yana bir bo’lak keladi. Shams Tabriziy vafot etganidan keyin boshqa joyda, boshqa yoshda, boshqa “Shams” paydo bo’ladi.

*****

Ismlar o’zgaradi, odamlar kelib va ketib turishadi, lekin mohiyat o’shandayligicha qoladi.

 *****

Ishq bo’lmasa, hayot ham kerak emas. Ishqning qay xilini izlasam ekan – ruhoniysinimi yo jismoniysinimi, ilohiysinimi yoki dunyoviysinimi, g’arbga xosinimi yoki sharqqa xosinimi, deb o’zingdan so’rama… Ajratishlar yana boshqa ajratishlarga olib keladi. Ishqning xos nomi yo’q. U qanday bo’lsa, shundayligicha bor – oddiy vas of tuyg’u. Ishq obi hayotdir. Oshiqlik esa olov. Olov suvga oshiq bo’lgan chog’da butun koinot butkul boshqacha aylana boshlaydi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications