Ishqqa oid 40 qoida – Elif Shafaq (Sharh)

Ushbu kitob bugungi kunda asarlari zamonamiz bestselleriga aylanishga ulgurgan, Turkiya va AQSH yozuvchisi sifatida tanilgan Elif Shafaq tomonidan yozilgan. Unda ishq tuyg’usi va odamlar orasidagi o’zaro bir-birini tushunishday murakkab ruhiy muammolar mahorat bilan yoritib berilgan. Shuningdek, Sharqqa va G’arbga, o’tmishda va hozirga oid motivlarning birlashib ketishi bilan o’quvchi diqqatini o’ziga tortadi.

Ba’zi kitoblardan ayrilging kelmaydi va tugab qolmasligi uchun sekin o’qimoqchi bo’lasan, ammo o’ziga bog’lab olgani uchun varaqlamay turolmaysan. Turk va Amerika yozuvchisi Elif Shafaqning “Ishqqa oid qirq qoida” romani bilan shunday bo’ldi. Bir nafasda o’qidim.

Roman tuzilishiga ko’ra murakkabday tuyulishi mumkin: asar ichida asar shaklida yozilgan va o’nlab qahramonlarning tilidan hikoya qilinadi. Har bir qahramon ruhiyatiga kirib, ularni anglaysan, hamdard bo’lasan. Qirq yoshga kirgan uy bekasi Ellaning ulg’ayib qolgan uch farzandi va xiyonatkor erini tashlab ketib, darveshona hayot kechiruvchi Aziz bilan uning qolgan bir yillik umrini birga o’tkazishi , Cho’l atirguli deb nom olgan fohishaning Rumiy uyidan panoh topib, hidoyat yo’liga kirishi ajablantirmay qo’yadi. Otasini qizg’anib uning do’stini o’ldirtirgan Alovuddinni tushunasan, ichkilikboz Sulaymonga mehr qo’yasan, moxov tilanchining tug’yonlariga sherik bo’lasan.

Asarning bosh qahramoni so’zsiz Shams Tabriziy deyish mumkin — aynan u boshqa hamma qahramonni tushuna oladi, hammasini bog’lab turadi, hammasida Allohni, ishqni ko’ra oladi. Hatto o’zidan sakkiz asr keyin yashagan Ella va Azizni o’zining ishqqa oid qirq qoidasi bilan bog’laydi, birlashtiradi. Rumiydek ulug’ odamning ishqi yuksalishi uchun ham Shams Tabriziy kerak edi.

Voqealar rivoji ikkita chiziqda yuz beradi: Shams bilan Rumiyning, Ella bilan Azizning munosabatlarini hayajon va hadik bilan kuzatib borasiz. Garchi asarga nur berib turgan shamslar — Tabriziy va Aziz vafot etsalar-da, mutolaadan qalbingizda iliq nur qoladi. Bu nur sizni Ishq sari yetaklab ketadi…

Asardan iqtibos sifatida qirq qoidani ham, boshqa satrlarni ham bu yerda keltirgan bo’lardim-u, ammo bir-ikkitasi ham sizda mutolaaga qiziqish uyg’otolsa kerak:

“… Ammo shahmatdan farqli o’laroq, hayotda shunday yo’llar bo’ladiki, ularda yutib chiqmoq uchun emas, shunday qilish kerakligi uchun yurasiz”.

— Bu qirqinchi qoida, — dedi sekin Ella. — “Ishq bo’lmasa, hayot ham kerak emas. Ishqning qay xilini izlasam ekan — ruhiysinimi yo jismoniysinimi, ilohiysinimi yo dunyoviysinimi, g’arbga xosinimi yoki sharqqa xosinimi, deb o’zingdan so’rama… Ajratishlar yana boshqa ajratishlarga olib keladi. … Ishqning xos nomi yo’q. U qanday bor bo’lsa, shundayicha bor — oddiy va sof tuyg’u. Ishq obi hayotdir. Oshiqlik esa olov. Olov suvga oshiq bo’lgan chog’da butun koinot butkul boshqacha aylana boshlaydi”.

Muallif : Sarvinoz Omonova (Facebook foydalanuvchisi)

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications