Asosiy qonunimizning dunyoga kelishiga asosan ikkita omil sabab bo‘lgan edi. Ilgari amal qilib kelgan barcha konstitusiyalar (Turkiston ASSRning 1918 va 1920 yillardagi konstitusiyalari, Xorazm va Buxoro Xalq Respublikalarining 1920-1921 yillardagi konstitusiyalari, O‘zSSRning 1927, 1937, 1978 yillardagi konstitusiyalari) o‘z xalqi va hududini erkin, demokratik asosda boshqaradigan mustaqil davlat talablariga javob berolmay qoldi. Boshqacha aytganda, davlat mustaqilligining e’lon qilinishi O‘zbekiston Respublikasining yangi Konstitusiyasini ishlab chiqish va qabul qilishni taqozo etgan asosiy omil bo‘ldi.
Respublika mustaqillikni qo‘lga kiritgach, tabiiyki, buni konstitusiyaviy asosda mustahkamlash zarurati tug‘ildi. Konstitusiyada yangi davlatning maqsadi, suvereniteti, ichki va tashqi siyosiy tamoyillari, inson huquqlariga, demokratiyaning va ijtimoiy adolatning oliy maqsadlariga sodiqligi mustahkamlab qo‘yilmog‘i zarur edi. Shuning barobarida, yangi Konstitusiya o‘zbek davlatchiligi tarixiy tajribasini hisobga olishi, xalqaro huquqning umum tomonidan e’tirof etilgan me’yorlariga tayanishi, fuqarolar uchun munosib hayotni ta’minlashga asos bo‘lishi, barqaror bozor iqtisodiga asoslangan demokratik davlat, farovon jamiyat uchun huquqiy poydevor yaratishi kerak edi.
Shu bilan birga, Konstitusiyamiz xalqimizning milliy xususiyatlarini ham o‘zida aks ettira oldi. Konstitusiya mamlakatning xalqaro munosabatlarning mustaqil sub’yekti ekani, tashqi siyosatni o‘z manfaatlaridan kelib chiqib olib borishi, xalqaro tashkilotlar va davlatlararo tuzilmalarga kirish huquqini qonuniy mustahkamlab qo‘ydi. 1990 yilning 20 iyun kuni e’lon qilingan «Mustaqillik deklarasiyasi» hamda 1991 yil 31 avgust kuni qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida»gi qonun talablarini o‘zida to‘liq aks ettirgan Konstitusiyamizda inson hayoti va erkinligi, sha’ni, qadr-qimmatining oliy qadriyat ekani, fuqarolarning sud orqali himoya qilinishi, aybsizlik prezumpsiyasi kabi normalar mustahkamlab qo‘yilgan. Shuning uchun ham Konstitusiya ijtimoiy hayotimizga, fuqarolarning turmush tarziga tez singib ketdi.
Huquqiy davlat -bu davlat tuzilishi va faoliyatining huquqiy asoslanganligidir. Huquqiy davlat g‘oyasini dastlab antik davr mutafakkirlari ilgari surganlar. Jumladan, I.Kant unga ilmiy-falsafiy ta’rif bergan. Huquqiy davlatda eng oliy qadriyat inson sanalib kelingan. Davlat faqat huquq normalarini yaratibgina qolmay, balki o‘zining ham ularga bevosita amal qilishi huquqiy davlatning eng muhim belgisidir. Huquqiy davlat demokratiyaning ajralmas qismidir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining muqaddimasida O‘zbekiston xalqi insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishni ko‘zlab, O‘zining muxtor vakillari siymosida davlatimizning asosiy qonunini qabul qilishi ta’kidlab o‘tilgan. Qonunni chetlab o‘tish emas, aksincha, qonun talablari asosida, unga mos va muvofiq ravishda yashash lozimligi kishilar ongiga tobora singib bormoqda. Davlat inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlashning izchil huquqiy mexanizmini yaratish tadbirlarini amalga oshirib kelmoqda. Bosh Qomusimiz davlatimiz mustaqilligining eng ustuvor ramzi bo‘lib, unda o‘zbek xalqining o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘li aks ettirilgan. Shu uchun uni yosh avlod erkinlik, mustaqillik, ozodlik va hurlik tantanasi sifatida e’zozu hurmat bilan tilga oladilar.
Konstitusiyamiz xalqimizning xohish-irodasini ifoda etuvchi adolatli davlat, ochiq jamiyat va erkin hayot qurish, uni rivojlantirishning istiqbollarini belgilaydi. Yuqorida sanab o‘tilganidek, unda inson hayoti, uning sha’ni, qadr-qimmati, haq-huquqlari va manfaatlari oliy qadriyat sifatida mustahkamlab qo‘yilgan. Ma’lumki, o‘tgan 29 yillik tarixiy davrda Konstitusiyamiz mamlakatimiz, xalqimiz hayotining barcha sohalarini tartibga solayotgan milliy huquqiy tizimimizning asosiy manbai bo‘lib xizmat qilib kelmoqda. Ushbu tarixiy hujjat inson huquqlari, erkinliklarini amalga oshirish va himoya qilish kafolatlarini mustahkamlashda muhim ahamiyatga egadir. Zotan, tarixan qisqa davrda inson huquqlarini ta’minlash borasida asrlarga tatigulik ishlar amalga oshirilganligini e’tirof etish joiz. Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi xalqaro standartlarga mos keladigan oliy huquqiy hujjatdir. O‘zbekiston Konstitusiyasi haqida jahon hamjamiyati vakillari, xalqaro huquq bilimdonlari hozirga qadar ijobiy fikrlar bildirib kelishmoqda. Masalan, Fransiyalik huquqshunos Mishel Lesaj bir necha yil ilgari quyidagi gaplarni aytgan edi: «O‘zbekiston davlati o‘zining yangi Konstitusiyasini qabul qilgan. Ushbu Konstitusiya shunisi bilan e’tiborliki, unda belgilangan normalar asosida dunyo mamlakatlarining yangi qabul qilinayotgan Konstitusiyasini ishlab chiqish mumkin». Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Bosh Qomusimizning qabul qilinishida davlatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning beqiyos xizmatlari bor. U kishining tashabbuslari va tavsiyalari, maslahatlari bilan puxta o‘ylab, juda ko‘plab huquqshunos olimlar fikr-mulohazalariga tayanib ishlab chiqilgan ushbu Konstitusiyamiz mana 29 yildirki, yurtimizni farovonlik sari yetaklab bormoqda. Mustaqil O‘zbekiston Konstitusiyasi tufayli mamlakatimizda istiqlol yillarida ko‘hna tariximiz, boy merosimiz, milliy davlatchiligimiz, muqaddas dinimiz, urf-odat va an’analarimiz qayta tiklandi. Bugungi kunda mehr-oqibat, bag‘rikenglik, hamjihatlik kabi oliyjanob fazilatlar, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, Vatan taqdiri va kelajagiga daxldorlik tuyg‘ulari yuragimizning tub-tubidan o‘rin oldi.
Bugungi kunda davlatimiz xalqaro huquq normalariga mos, xorijiy mamlakatlarning ilg‘or huquqiy tajribasiga, ajdodlarimizning boy ma’naviy merosiga va xalqimizning urf-odatlari, siyosiy va huquqiy tajribalariga asoslangan milliy huquq tizimiga ega bo‘ldi. Eng muhimi, Konstitusiyamiz yurtimizda barpo etilayotgan insonparvar, adolatli va demokratik huquqiy davlat va uning huquqiy tizimining nazariy hamda huquqiy asoslarini ishlab chiqishda muhim manba bo‘lib xizmat qilmoqda. Konstitusiyaga bo‘lgan hurmat uning amalda qo‘llanilishi bilan belgilanadi. To‘g‘ri, O‘zbekiston Oliy sudi Plenumining O‘zbekiston Konstitusiyasi, Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasiga havola qilgan qarorlari bor. Bundan tashqari, hozirda Konstitusiyaning har bir moddasi bo‘yicha tegishli qonunlar qabul qilingan, lekin Konstitusiya yaratilganining dastlabki yillarida uning to‘g‘ridan-to‘g‘ri, bevosita qo‘llanilishiga e’tibor yetarli emas edi. Bugun Konstitusiyamizga bag‘ishlangan yuzdan ortiq ilmiy-ommabop kitob, darslik, qo‘llanmalar chop etilgan.
Xalqimiz Konstitusiyamizning mazmun-mohiyatini tobora chuqurroq anglab yetmoqda. Ammo Konstitusiyani amaliyotga tatbiq etish mexanizmlarini takomillashtirish muhimligicha qolmoqda. Xalqimiz orasida huquqiy ongni o‘stirish borasida qilinayotgan ishlar yetarli darajadami? Zotan, Konstitusiya –huquqiy bilimlar alifbosi. Huquqni bilish esa, Konstitusiyani o‘rganishdan boshlanadi. Har qanday fuqarolik jamiyatining poydevori uning Konstitusiyasi bilan belgilanadi. Chunki konstitusiyaviy vatanparvarlik –o‘z taqdirini o‘zi yaratayotgan, madaniyati yuksak xalq ma’naviyatining uzviy qismi ekanligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. Har qanday me’yoriy-huquqiy hujjat, qonun, farmon, qaror, avvalambor, Konstitusiyaga asoslanadi. Boshqacha aytganda, Konstitusiya –davlatning Asosiy qonuni bo‘lib, shaxs, jamiyat va davlatning o‘zaro munosabatlarini tartibga soladi. Konstitusiyaga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar Parlament palatalarining o‘rni va vakolatlarini yanada kengaytirib, ularning ijro hokimiyati ustidan nazorat funksiyalarini kuchaytiradi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi jamiyatimiz barcha a’zolarining, shu jumladan, yoshlarning manfaatlarini, ularning haq-huquqi va erkinliklarini ham o‘zida to‘la ifoda etadi. Yoshlarning qobiliyati, iste’dodi, bilimiga muvofiq ijtimoiy ehtiyojlarini e’tiborga olib, ilm olish, kasb, mashg‘ulot turi va ish tanlash huquqini o‘z ichiga oluvchi huquqlar majmui konstitusiyaviy doirada mustahkamlab qo‘yilgan. Haqiqatan ham, Konstitusiyamiz kelajagi buyuk davlatning ishonchli huquqiy kafolati hisoblanadi. Jamiyat esa u orqali demokratik huquqiy davlat qurish va fuqarolik jamiyatini barpo etishni eng oliy maqsad deb, unga tomon intilishda davom etaveradi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, Konstitusiyaning davlatda asosiy qonun sifatida mavjudligi, bu o‘z navbatida o‘sha davlatning mustaqilligini, unda demokratiyaning mavjudligini isbotlaydi. Davlatimiz rahbarining fikriga ko‘ra, dunyoning barcha ne’matlaridan eng ulug‘i inson omili haqida ilgari surilgan g‘oyadir. Konstitusiyaning ustuvorligi va yakdilligi esa inson huquq va erkinliklarini doimiy mustahkamlashni ta’minlashdan iboratligida.
To‘la ishonch bilan aytish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasidir. U hech kimga qaram bo‘lmasdan, erkin va ozod, tinch va osoyishta, farovon yashashning qonuniy kafolati bo‘lib kelmoqda. Bozor munosabatlariga asoslangan huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish borasida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Muxiddinov Nodir Sayfiddinovich
TDYU Ixtisoslashtirilgan filiali
Davlat-huquqiy fanlar kafedrasi o‘qituvchisi
Toshmuxammatov Javlonbek Azimjon o‘g‘li
TDYU Ixtisoslashtirilgan filiali
1-kurs, A-patok, 2-guruh talabasi