Kontrakt asosida o’qiydigan talabaga ta’lim krediti beriladimi?
Mart 30, 2023 kuni chop etildi, muallif:
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 26-iyuldagi 318-son qaroriga ilova sifatida “Oliy o‘quv yurtlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta’lim kreditlari berish to‘g‘risida” nizomga muvofiq,
O’zbekiston Respublikasi tijorat banklari tomonidan ta’lim kreditlari berish ularni qaytarish, to‘lovning ta’minlanganligi, muddatliligi va ulardan maqsadli foydalanish shartlari asosida amalga oshiriladi. Ta’lim kreditlari tijorat banklari tomonidan oliy ta’lim muassasalarining kunduzgi bo‘limlariga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan talabalarning o‘qishi uchun talabalarning o‘zlariga, ularning ota-onalariga yoki vasiylariga berilishi mumkin.
Ta’lim krediti turlari
Ta’lim kreditlari, oliy ta’lim muassasalarida o‘qish davri hisobga olingan holda, bakalavriatga o‘qishga qabul qilingan talabalarga 10 yilgacha, magistraturaga o‘qishga qabul qilingan talabalarga 5 yilgacha bo‘lgan muddatga beriladi. Muddatli harbiy xizmatni o‘tash davri bu muddatga kirmaydi.
Mazkur Nizomga muvofiq tijorat banklari tomonidan berilgan ta’lim kreditlariga quyidagi foiz stavkalari o’rnatilgan:
chin (otasi ham, onasi ham yo’q) yetimlarga, “Mehribonlik uylari”da tarbiyalanganlarga hamda bolalikdan I va II guruh nogironlariga — nol foiz stavkasi (foizsiz kredit);
talabalarning qolgan toifalariga — O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining amaldagi qayta moliyalash stavkasidan yuqori bo‘lmagan o‘zgaruvchi foiz stavkalari belgilanadi. Ta’lim kreditlari bo‘yicha foiz stavkasi va tijorat banklari tomonidan qo‘shiladigan foizlar uchun to‘lovlar miqdori Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi o‘zgarishiga qarab o‘zgarishi mumkin, bu kredit shartnomasida qayd etilishi kerak.
Kam ta’minlangan oilalardan bo‘lgan talabalar uchun kredit bo‘yicha qo‘shilgan foizlarning 50 foizi tuman Bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari tomonidan Ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘laridan to‘lanadi.
Ko‘rsatib o‘tilgan imtiyozga huquqli bo‘lgan oilalar Kam ta’minlangan oilalarni hisobga olish va ularga moddiy yordam tayinlash va berishning amaldagi tartibiga muvofiq (Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 24-avgustdagi 434-son qaroriga ilova) fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan aniqlanadi.
Ta’lim kreditlari uchun foizlarni hisoblash va to‘lash ta’lim muassasasiga o‘tkazilgan summa berilgan vaqtdan, asosiy qarzni qaytarish esa talaba tomonidan oliy ta’lim muassasasida o‘qishning ta’limning ushbu turi uchun rasmiy belgilangan muddat tugallangandan so‘ng, ayrim kurslarda takroran o‘qish muddati hisobga olinmasdan, uch oy o‘tgandan so‘ng boshlanadi.
Talaba muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan davrda ta’lim kreditlari uchun foiz stavkalari hisoblanmaydi. Ta’lim kreditlari, qoidaga ko‘ra, qarz oluvchi yashaydigan aholi punktida joylashgan tijorat banklari muassasalari tomonidan beriladi.
Kreditni rasmiylashtirish tartibi
Ta’lim kreditini olish uchun qarz oluvchi tijorat bankiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) ta’lim krediti berish to‘g‘risidagi ariza;
b) talaba va oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi to‘lov-kontrakt asosida o‘qish haqida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan shartnoma (kontrakt). Kontraktda o‘qishning belgilangan muddati va bir yil uchun to‘lov miqdori ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim. O‘qish uchun to‘lov miqdori keyingi yillarda o‘zgargan hollarda kontraktlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi. Bu haqda oliy ta’lim muassasasi o‘n kun muddatda bankka yozma ravishda ma’lum qiladi, so‘ngra qarz oluvchi, bank va oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi kredit shartnomasiga zarur o‘zgartirishlar kiritiladi;
v) fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari yoki xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan qarz oluvchining yashash joyi to‘g‘risida berilgan ma’lumotnoma:
g) kreditni qaytarishning ta’minlanishi to‘g‘risida hujjat;
d) imtiyozli ta’lim kreditlari olish huquqiga ega bo‘lgan chin yetimlar, “Mehribonlik uylari”da tarbiyalanganlar, bolalikdan I va II guruh nogironlari, kam ta’minlangan oilalardan chiqqanlar tegishli tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadilar.
Qarz oluvchi yuqoridagi hujjatlarni bankka taqdim etish bilan ayni bir vaqtda pasportini shaxsan ko‘rsatadi. Bank pasportdan va taqdim etilgan boshqa hujjatlardan zarur ko‘chirmalar va nusxalar olishga haqlidir.
Olingan kredit qaytarilmasligi xavfining oldini olish maqsadida qarz oluvchi quyidagi ta’minlash shakllaridan birini bankka taqdim etish lozim, uning amalga oshirilishi unga qo‘yilgan asosiy talab hisoblanadi:
mol-mulk yoki qimmatli qog‘ozlarni garovga qo‘yish;
bankning kafolati;
uchinchi shaxsning kafilligi;
sug‘urta kompaniyasining qarz oluvchining kreditni qaytara olmasligi xavfi sug‘urta qilinganligi to‘g‘risidagi sug‘urta polisi;
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari kafilligi (faqat chin yetimlar va “Mehribonlik uylari”da tarbiyalanganlar, bolalikdan I va II guruh nogironlari va kam ta’minlangan oilalardan chiqqanlar uchun).
Bank qarz oluvchi tomonidan kredit olish uchun taqdim qilingan ariza va boshqa hujjatlarni o‘rganib chiqadi. Agar kreditni qaytarish ta’minlanishi sifatida kafolat yoki kafillik shartnomasi taqdim qilingan bo‘lsa, bank garant va kafilning moliyaviy ahvolini baholaydi. Agar kreditni qaytarish ta’minlanishi sifatida mol-mulk yoki qimmatli qog‘ozlar qo‘yilgan bo‘lsa, bank ularning bozor narxlarini aniqlaydi. Agar taqdim etilgan hujjatlar bank talablariga javob bersa, bank, qarz oluvchi va oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida kredit shartnomasi tuziladi.
Kam ta’minlangan oilalardan chiqqan talabalarning o‘qishi uchun ta’lim kreditlari berish uchun har bir tomonning mazkur Nizomdan kelib chiquvchi huquq va majburiyatlari aniq belgilangan holda bank, qarz oluvchi, oliy ta’lim muassasasi va Ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish davlat jamg‘armasi o‘rtasida ko‘p tomonlama kredit shartnomasi tuziladi. Tijorat banklari qarz oluvchi tomonidan ta’lim krediti berishni so‘rab bankka taqdim qilingan ariza va unga ilova qilingan to‘la hujjatlar to‘plamini 10 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqishi va kredit shartnomasini imzolashi yoki kredit berilmasligi to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda arizachiga kredit berishning rad etilishi sababi ko‘rsatilgan yozma xulosa berishi lozim.