„Martin Eden“ (talaffuzi: Martin Iden) (ingl. Martin Eden) — amerikalik yozuvchi Jack London qalamiga mansub roman. Kitob oʻlaroq birinchi marta 1909-yil „Macmillan“ nashriyoti tomonidan chop etilgan. Ilk bor 1908-yilning sentabridan 1909-yilning sentabrigacha „The Pacific Monthly“ jurnalida chop etilgan.
„Martin Eden“ Londonning oʻzbek kitobxonlari orasida eng yaxshi tanilgan asarlaridan biridir. Romanni oʻzbek tiliga Qodir Mirmuhamedov tarjima qilgan. Oʻzbekcha nashr 1986-yil Toshkent shahrida Gʻafur Gʻulom nomidagi badiiy adabiyot nashriyotida chop etilgan.
Syujet
Romanda yozuvchi boʻlish ishtiyoqida yurgan yosh kishi haqida soʻz yuritiladi. London romanda oʻz hayotini aks ettirgan. Ammo Londondan farqli oʻlaroq, asar qahramoni Eden sotsializmga qarshi chiqadi. Roman qahramoni ogʻir mehnat qilib, shuhrat qozonadi. Ammo oʻzi ideallashtirgan tuzumdan hafsalasi pir boʻlib, umidsizlikka tushadi hamda oʻz joniga qasd qiladi.
Qahramonlar
- Martin Eden (talaffuzi: Martin Iden) – bosh qahramon; sobiq dengizchi
- Ruth Morse (talaffuzi: Rus Morz) – talaba, badavlat oila farzandi
- Lizzie Connolly (talaffuzi: Lizzi Konnoli) – fabrika ishchisi
- Joe Dawson (talaffuzi: Jo Douson) – Edenning boshchisi
- Russ Brissenden (talaffuzi: Ras Brissenden) – kasal yozuvchi
Oʻzbekcha tarjima
Asarni oʻzbek tiliga 1961-yil Moskva shahrida „Ogonyek“ nashriyotida chop etilgan nashrga asoslanib Qodir Mirmuhamedov tarjima qilgan. Oʻzbekcha nashr 1968-yil Toshkent shahrida Gʻafur Gʻulom nomidagi badiiy adabiyot nashriyotida chop etilgan. Asarni nashrga tayyorlashda quyidagi shaxslar ishtirok etgan: M. Osimov – muharrir, A. Kiriakidi – rassom, I. Siganov – rasmlar muharriri, A. Boboxonov – texnik muharrir, Sh. Sobirova – musahhih. Kitob adadi – 25 000 nusxa.