Ma’lumkim, Savodxonlik – ijtimoiy-madaniy taraqqiyotning muhim omili hisoblanadi.
Ijtimoiy-iqtisodiy tadbirlar savodxonlik bilan o‘zaro chambarchas bog‘langan holda qo‘llaniladi.
Savodsizlikni tugatish muammosi dunyodagi kо‘pchilik mamlakatlarda, eng avvalo, milliy tilni, uning muloqot vositasi sifatida ishlatilishini va shu orqali milliy madaniyatni, ma’naviy о‘zlikni muhofaza qilish jarayonining uzviy qismi sifatida amalga oshirilgan. О‘zbekistonda savodsizlikni, chala savodlilikni tugatish borasida amalga oshirilgan harakatlar hozirgi о‘zbek adabiy tilidagi muloqotning ommaviylashishida, adabiy tilning demokratiyalashuvida alohida о‘rin tutganligi bugun bizga ma’lum. Hozirgi о‘zbek adabiy tili maromlari uchun asos bо‘lgan shevalarni tanlash, adabiy til mulkini tayin etish ehtiyoji о‘sha davr о‘zbek tilshunosligi muammolarini ham kun tartibiga qо‘ygan. Jumladan: XX asrning 20-40 yillari kо‘p shevalilik muhitida yagona umumadabiy til maormlarini tayin etish va qoidalashtirish tamoyillarini ishlab chiqish va bu tamoyillar, tavsiyalarni nutq amaliyotiga tatbiq etish muhim vazifalar sirasiga kirgan. Bunda adabiyot, matbuot, maktab va ta’limiy-ma’rifiy tilshunoslik nihoyatda muhim amaliy ijtimoiy omil vazifasini о‘tagan. О‘rni kelganda aytish kerak, tom ma’nodagi о‘zbek ilmiy tilshunosligi ham XX asr mahsuli hisoblanadi. Milliy til mustaqil imtiyozga ega emas ekan, hokim tilning faol ta’sirida bо‘lar ekan, ommaviy savodxonlik ham, milliy til ta’limi ham о‘z imkoniyatlarini tо‘la namoyon eta olmaydi. Buni dunyo mamlakatlari lisoniy taraqqiyotiga oid misollar ham tasdiqlaydi.
О‘zbekistonda sobiq shо‘rolar davri lisoniy muhitida ham shunga о‘xshash vaziyat mavjud edi – kо‘pchilik о‘z farzandlarining rus maktablarida ta’lim olishini ma’qul kо‘rardi. Bu albatta, jamiyat hayotida milliy til imtiyozi va qо‘llanish doirasining cheklanganligi bilan, rus tilini bilmaganlar ijtimoiy faoliyati istiqbolining chegaralanganligi bilan bevosita bog‘liq edi. О‘zbek tili arab va fors tillari bо‘g‘ovida bо‘lgan davrlarda aynan shunga о‘xshash vaziyatning mavjud bо‘lganligini tasavvur qilish qiyin emas. Lekin bugungi kunda ham, о‘zbek tili davlat tili maqomini olgan bir davrda ham kо‘pchilik ota-onalarning o’z farzandlarini rus maktablarida ta’lim olishini istayotganligi kuzatilmoqda.
Biz istaymizmi, istamaymizmi, bundan qat’i nazar, jamiyat g‘oyasida bu xil vaziyatlar ham nazarda tutilgan bо‘ladi. Boshqacha aytganda, jamiyat lisoniy g‘oyasi adabiy tilning maqomini, ya’ni barcha muloqot sohalarida ishlatilish imkoniyati va istiqboli, rasmiy-idoraviy munosabatlardagi imtiyozi tasavvurini ham о‘z ichiga oladi. Ona tilidan g‘ururlanish hissi, uni muhofaza qilish, imtiyozini tiklash istagi faqat lisoniy mustaqillik, milliy davlatchilik sharoitidagina, milliy til rasmiy til – davlat tili maqomiga erishgan vaziyatdagina bor bо‘y-basti bilan namoyon bо‘ladi.
Bu mustaqil milliy lisoniy g‘oyaning asosiy mohiyatini tashkil etadi.
Zamidov Doniyor Najimiddinovich