Mualliflik huquqini davlat ro’yxatidan o’tkazish tartibi qanday?
Mualliflik huquqi
Fan, adabiyot va san’at asarlarini (mualliflik huquqi), ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlarning ko‘rsatuvlari yoki eshittirishlarini (turdosh huquqlar) yaratish hamda ulardan foydalanish bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan munosabatlarni amaldagi qonun, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq muhofaza qilinadi.
Mualliflik huquqi obyektlari hisoblanmaydigan materiallar:
1) rasmiy hujjatlar (qonunlar, qarorlar, to‘xtamlar va shu kabilar), shuningdek ularning rasmiy tarjimalari;
2) rasmiy ramzlar va belgilar (bayroqlar, gerblar, ordenlar, pul belgilari va shu kabilar);
3) xalq ijodiyoti asarlari;
4) oddiy matbuot axboroti tusidagi kundalik yangiliklarga doir yoki joriy voqealar haqidagi xabarlar;
5) insonning bevosita individual asar yaratishga qaratilgan ijodiy faoliyati amalga oshirilmasdan, muayyan turdagi ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan texnika vositalari yordamida olingan natijalar.
Mualliflik huquqining yuzaga kelishi:
Fan, adabiyot va san’at asariga mualliflik huquqi uni yaratish fakti bo‘yicha yuzaga keladi. Mualliflik huquqining yuzaga kelishi va amalga oshirilishi uchun asarni ro‘yxatdan o‘tkazish yoki biron-bir boshqa rasmiyatchilikka rioya etish talab qilinmaydi.
Mualliflik huquqlarining cheklanishi
Muallif va boshqa shaxslarning asardan foydalanish borasidagi mutlaq huquqlarini cheklashga Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi Qonunning 25—33-moddalarida yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollardagina yo‘l qo‘yiladi. Mazkur cheklashlar asardan normal foydalanilishiga o‘rinsiz ziyon yetkazmagan va muallifning qonuniy manfaatlarini asossiz kamsitmagan taqdirdagina tatbiq etiladi.
Bojlar:
Asarlar ommaviy ijro etilganligi uchun mualliflik haqining eng kam stavkalari.
Fonogrammalarni, audiovizual asarlarni qayta ko‘paytirganlik uchun, fonogrammalar va audiovizual asarlar nusxalarini prokatga topshirganlik uchun mualliflik haqi stavkalari.
Tasviriy san’at asarlari takrorlanganligi va dekorativ-amaliy san’at asarlari nusxalari sanoatda ko‘paytirilganligi uchun mualliflik haqi stavkalari
Islombek Abdixakimov