Quldorlik zamoni hech tugamaydi. Tafakkur, tasavvur va e’tiqoddagi qullikning ketishi qiyin. U juda bo‘lmasa kiyinish va ko‘rinish ostiga yashirinadi.
(Mubashshir Ahmad domla sahifasidan)
Hozirgi kunda bu gaplar o‘z isbotini topmoqda. Shu kunlarda Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urushda, ko‘pchilik yoshi katta insonlar ruslar tomonida bo‘ldilar. Ularning yoshligi, yaxshi va yomon xotiralari barchasi SSSR davriga to‘g‘ri kelgani uchun shundaydir balkim. Axir hamma inson o‘zining yoshligini, beg‘ubor, g‘am-tashvishsiz o‘tgab paytlarini qumsaydi.
Lekin, ruslarni Turkiston ustida qilgan zulmini hech qaysi yo‘l bilan oqlab bo‘lmaydi. Muallif kitobida yaltiroq materiallar bilan bezalgan shkaf eshigini ochib yuboradi-ki, undagi barcha iflosliklar to‘kilib tushadi, zohir bo‘ladi. “Teng huquqlilik” da’vosi bilan ayollarni dalada ishlatish, yurtini himoya qilgan kishilarga “bosmachi” tamg‘asini bosish, ularni qatl qilish, nohaq qamab yuborish, surgun qilish xullas jamiyki chirkin narsalar bu kitobda zikr etilgan.
Tog‘ay Murod o‘sha paytdagi qishloq erkaklarining dunyo qarashini, fikrlashini, hayot tarzini yaxlit bir personajda — Dehqonqul obrazida ifodalab beradi.
Dehqonqul — sodda, mehnatkash, rostgo‘y qishloq kishisi. Uning soddaligidan boshqa aybi yo‘q. U ajdodlaridan farqli o‘laroq, rus hukumatiga quloq osadi. Ular o‘tir desa o‘tiradi, tur desa turadi. Hayotini dalada o‘tkazadi. Paxta quchoqlab tug‘uladi, paxta quchoqlab ulg‘ayadi, paxta quchoqlab umrini o‘tkazadi. Shuncha qilgan fidokorligi evaziga sakkiz yil qamoq jazosi bilan “mukofotlanadi”.
Kitobni o‘qir ekanman yuragim ezildi. “Bechora o‘zbek xalqim!” dedim, achindim. Bu kitob — kim aslida kim ekanligini ko‘rsatib bergan kitob. Bu kitob — har bir “russevar” o‘qishi shart bo‘lgan kitob.
Dehqonqul romanning oxirida aytgan gaplari bilan taqrizni yakunlayman. ” Dini boshqa minba’d-minba’d el bo‘lmaydi”.
Avazbek Mirsaitov