Sudlanganlik nima?

Har bir jinoyat sodir etgan shaxs albatta jinoiy javobgarlikka tortiladi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 16-moddasiga ko‘ra, jinoiy javobgarlik – jinoyat sodir etishda aybdor bo‘lgan shaxsga nisbatan sud tomonidan hukm qilish, jazo yoki boshqa huquqiy ta’sir chorasi qo‘llanilishida ifodalanadigan jinoyat sodir etishning huquqiy oqibatidir. Sud tomonidan qo‘llaniladigan jazo natijasida mahkumga nisbatan qator huquqiy oqibatlar yuzaga keladi. Bu ya’ni sudlanganlik holatidir.

Darhaqiqat sudlanganlik nima?

Sudlanganlik– bu shaxs uchun salbiy, birinchi navbatda jinoyat -huquqiy xususiyatdagi oqibatlarning kelib chiqishini belgilab beradigan, jazoning muayyan turi va miqdoriga hukm qilinishidan kelib chiqqan holatdir.

Sudlanganlik – bu sud tomonidan aybli deb topilgan va jazoga hukm qilingan shaxsni maxsus jinoiy-huquqiy holatini belgilaydi.

Sudlanganlik tushunchasi amaldagi Jinoyat kodeksining 77-moddasining 1-qismida berilgan bo‘lib, unga ko‘ra sudlanganlik shaxsning sodir etgan jinoyati uchun hukm etilganidan kelib chiqadigan huquqiy holatidir. 

Hukm qilish degandada nimani tushunamiz?

Hukm qilish deganda, shaxsning qilmishida jinoyat tarkibining barcha elementlari mavjud bo‘lgan aniq jinoyatni sodir etishda aybdor deb topish, shuniningdek, bu shaxsga nisbatan muayyan turdagi va miqdordagi yoki muddatdagi jazoning tayinlanishi tushuniladi.

Jazoning turi va miqdori yoki muddati  shaxsni sudlangan deb hisoblash uchun ahamiyatga ega emas, lekin bu sudlanganlikning tugallanishi yoki olib tashlanishiga taьsir qiladi.

Sudlanganlikning mohiyatini yana nimada ko‘rishimiz mumkin?

Biz buni jinoyat-huquqiy ahamiyatga ega bo‘lgan va jazoni ijrosiga ta’sir qiluvchi sudlanganlikning mohiyatida ko‘ramiz. Bu jazolovchi xarakterga ega bo‘lgan huquqiy cheklovlar bilan belgilanadi.

Sudlangalikning maqsadi nimadan iborat?

Sudlangalikning maqsadi ham jinoiy jazoning maqsadi kabi: shaxsni ahloqan tuzatish, jinoyatlarning oldini olishdir. Sudlanganlikning maqsadlari ichida asosiy e’tiborni jinoyatlarning oldini olishga qaratish kerak.

Qo‘shimcha cheklashlar bilan bog‘liq bo‘lmagan sudlanganlik boshqa mohiyatga ham ega. Chunki u sinov muddatining bir ko‘rinishi hamdir. Agar shaxs bu sinov muddati davomida yangi jinoyat sodir etmasa, sudlanganlik hech qanday jinoyat-huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi.

Bunda sudlanganlikning maqsadi jazolash bilan bog‘liq bo‘lmay balkim, uning maqsadi jinoyatlarning oldini olish bo‘ladi.  

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, sud tomonidan ayblov hukmining chiqarilishi sudlanganlik holatini keltirib chiqaruvchi asos bo‘lib hisoblanadi. Ayblov hukmi jinoyat sodir etishda aybli deb topilgan va jinoiy jazoga hukm etilgan shaxsning alohida huquqiy holatini belgilab, sudlanganlikni vujudga keltiradi hamda sudlanganlik bekor qilungunga qadar (olib tashlash yoki tugashi) bu holat davom etadi. Sudlanganlikning bekor qilinishi bilan sudlanganlikning barcha huquqiy oqibatlari ham bekor bo‘ladi.

Qanday hollarda shaxs sudlanmagan hisoblanadi?

Bundan tashqari, jinoyat qonunida shaxs sudlanmagan hisoblanadigan holatlar ham mavjud.

Quyidagi holda shaxs sudlanmagan hisoblanadi:

agar unga nisbatan jazo tayinlanmagan holda ayblov hukmi chiqarilgan (JK 70, 71, 76-moddalari) yoxud shaxs bir vaqtning o‘zida asosiy va qo‘shimcha jazodan  apellyasiya, kassasiya yoki nazorat instansiyasi sudi tomonidan ozod qilingan (JKning 69, 75, 76-moddalari) bo‘lsa;

tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilgan bo‘lsa (JKning 94-moddasi).

Jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan shaxs ham sudlangan hisoblanadimi?

Yo‘q, jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan shaxs sudlanmagan hisoblanadi.

Quyidagi asoslarga ko‘ra jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan shaxs ham sudlanmagan hisoblanadi:

javobgarlikka tortish muddatining o‘tib ketganligi munosabati bilan (JK 64-moddasi);

qilmish yoki shaxs ijtimoiy xavfliligini yo‘qotganligi munosabati bilan (JK 65-moddasi);

aybdor o‘z qilmishiga amalda pushaymon bo‘lganligi munosabati bilan (JK 66-moddasi);

jinoyat sodir etgan shaxs jabrlanuvchi bilan yarashganligi munosabati bilan (JK 661-moddasi);

jinoyat sodir etgan shaxsning kasalligi tufayli (JK 67-moddasi);

amnistiya akti qo‘llanilganligi munosabati bilan (JK 68-moddasi).

Jinoyat sodir etgan shaxs jabrlanuvchi bilan yarashganligi munosabati bilan sudlanganshik holatiga misol keltiradigan bo‘lsak,

Misol: 2017 yil 15 avgustda jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining ajrimiga ko‘ra JKning 25,169-moddasi 1-qismi bilan ayblangan jinoyat ishi JK 661-moddasiga asosan harakatdan tugatilgan, sudlanganlik holati tugallangan.

Og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar yarashilganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilinmaydi.

Jazoni o‘tagan, ammo qonunning o‘zgarishi bilan bunday qilmish jinoyat deb hisoblanmaydigan taqdirda, shuningdek sodir qilingan jinoyat uchun tayinlangan jazoni o‘tab bo‘lishi bilan sudlanganlik holatining tugallanishi belgilangan bo‘lsa, shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi.

Shunday qilib, jinoyat qonunida sudlanganlikning ijtimoiy ahamiyati shundaki, shaxs sodir qilgan jinoyati uchun tayinlangan jazoni o‘tab chiqqanidan keyin, uni yana jinoyat yo‘liga o‘tib qolishining oldini olish maqsadida uni nazorat qilishdir.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications