Uchuvchisiz uchadigan apparatlar uchun yangi javobgarlik choralari belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2024-yil 15-martda imzolangan Qonun (O‘RQ-921-son) bilan Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga uchuvchisiz uchadigan apparatlar (dronlar) bo‘yicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Ushbu o‘zgarishlarga ko‘ra, dronlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish endi avval ma’muriy, keyin esa jinoiy javobgarlikka tortiladi. Oldingi qonunchilikda bunday harakatlar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilangan edi.

Yangi norma bo‘yicha, agar shaxs dronlarni qonunga xilof ravishda olib kirsa, o‘tkazsa, olsa, saqlasa yoki ulardan foydalansa, u ma’muriy javobgarlikka tortiladi. Buning uchun BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha (3,4 mln so‘mdan 6,8 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solish ko‘zda tutilgan. Agar shaxs o‘z ixtiyori bilan dronlarni topshirsa, ma’muriy javobgarlikdan ozod etiladi.

Agar xuddi shu harakatlar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, unda jinoiy javobgarlik yuzaga keladi. Buning uchun quyidagi jazo choralari belgilangan:

  • BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha (8,5 mln so‘mdan 17 mln so‘mgacha) miqdorda jarima;
  • 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
  • 3 yilgacha ozodlikni cheklash;
  • 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

Ushbu o‘zgartirish va qo‘shimchalar dronlardan noqonuniy foydalanishning oldini olish va nazorat qilish maqsadida kiritildi. Chunki oxirgi vaqtlarda dronlarni litsenziyasiz boshqarish yoki ulardan noqonuniy maqsadlarda foydalanish hollari ko‘paygan.

Shu bilan birga, yangi norma fuqarolarni dronlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va qonuniy foydalanish zarurligini anglash va masʼuliyatni his qilishga undaydi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications