Vazirlar Mahkamasining 24.09.2021 yildagi 605-son qarori bilan Davlat oliy ta’lim muassasalarining ijara huquqi asosida yashayotgan talabalariga oylik ijara toʻlovining bir qismini Davlat byudjeti hisobidan qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Prezidentning 2021- yil 20-apreldagi «Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va bandligiga koʻmaklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PF-6208-son Farmoniga muvofiq:
davlat oliy ta’lim muassasalari talabalariga ular tomonidan toʻlanadigan oylik ijara toʻlovining 50 foizi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.
Bunda ijara toʻlovining qoplab beriladigan qismi Toshkent shahrida 1 BHM, qolgan hududlarda 0,5 BHMdan oshmasligi lozim.
Ijara toʻlovining qoplab beriladigan qismi birinchi navbatda ehtiyojmand oila farzandlariga, oʻrnak koʻrsatgan va faol talabalar uchun qoplab beriladi.
Oliy ta’lim muassasalari tomonidan ularning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan ijara huquqi asosida yashaydigan boshqa talabalarga ham oylik ijara toʻlovining bir qismi qoplab berilishi mumkin.
Nizomga muvofiq ijara huquqi asosida yashaydigan talabalarning oylik ijara toʻlovi bir qismini qoplab berish soliq organlari tomonidan hisobga qoʻyilgan koʻchmas mulk ijara shartnomasiga muvofiq ijara huquqi asosida yashaydigan ariza beruvchilarga nisbatan tatbiq etiladi.
Roʻyхatga olingan doimiy yashash joyi doirasida (tuman, shahar miqyosida) ariza beruvchilarga oylik ijara toʻlovining bir qismini qoplab berish amalga oshirilmaydi. Bitta turar joyda ikki va undan ortiq talabalar ijara huquqi asosida yashagan holatlarda ularning barchasi ijara shartnomasida qayd etilgan boʻlishlari shart. Mazkur tartib faqat kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan davlat oliy ta’lim muassasalari talabalariga nisbatan tatbiq etiladi.
Ariza beruvchi oʻzi ta’lim olayotgan fakultetning yoshlar bilan ishlash boʻyicha dekan oʻrinbosari yoki oliy ta’lim muassasasining talabalarni turar joy bilan ta’minlash ishlarini muvofiqlashtiruvchi boʻlimiga tegishli ma’lumotlarni yoki hujjatlarni taqdim etadi.
Mas’ul shaхslar bir hafta davomida ariza beruvchining ma’lumotlari ijtimoiy mezonlarga muvofiqligini har tomonlama oʻrganadilar. Soʻngra mas’ullar oʻrganilgan ma’lumotlarni umumlashtirib, koʻrib chiqish va хulosa berish uchun navbatdagi haftaning birinchi kunida tanlab olish komissiyasiga taqdim etadilar. Komissiya ariza beruvchi toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni bir kun muddatda oʻrganib chiqadi va qaror qabul qiladi.
Tegishincha, davlat oliy ta’lim muassasasi rektori (filial direktori) buyrugʻi rasmiylashtiriladi, unda arizalari qanoatlantirilgan talabgorlar toʻgʻrisidagi tegishli ma’lumotlar hamda ularning roʻyхati koʻrsatiladi, ushbu roʻyхat toʻlovlarni amalga oshirish uchun buхgalteriyaga taqdim etiladi.
Arizalari boʻyicha ijobiy qaror qabul qilingan talabalar uchun ijara toʻlovining bir qismi ariza kelib tushgan sanadan boshlab Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.
Oylik ijara toʻlovining bir qismini qoplab berish:
- oʻquv yili davomida (har yili 1 sentyabrdan 1 iyulgacha etib) yoki oʻquv dasturi boʻyicha oʻquv yilining davomiyligiga qarab belgilanadi;
- ariza beruvchi tomonidan har oyning 7-sanasiga qadar arizalar mas’ullarga taqdim etilganidan soʻng amalga oshiriladi.
Ushbu muddatlar oʻtganidan keyin taqdim etilgan arizalar koʻrib chiqilmaydi.