Xato qilishdan qo’rqmang. Nega biz har doim xatolardan o’rganamiz?

Xato qilishdan qo’rqmang. Nega biz har doim xatolardan o’rganamiz?

Ta’lim jarayonida xatoliklarga yo‘l qo‘ymaslik kerak, agar inson xato qilmasa, demak u yaxshi o‘quvchi, degan noto‘g‘ri qarashlar mavjud. Bu yolg’on fikrlar nafaqat ta’limning o’ziga, balki hayotga ham tegishli. Ideal holda siz xato qilmasdan yashashingiz kerak deb hisoblanadi. 

Aslida esa o’quv jarayonining o’zi xatolarga asoslanadi. Biz ulardan shunchaki o‘rganmaymiz – xato qilmay turib o’rganishdan boshqa yo‘lning o’zi yo‘q. Yangi hayotiy tajribani o’rganish va egallash jarayonidagi xatolar muqarrar – ular jarayonning mohiyatidir. Shunga ko’ra, agar xatolar bo’lmasa, o’rganish va rivojlanish ham bo’lmaydi. 

Xatolarning ta’lim jarayonidagi roli

Stenford universitetining psixologiya bo’yicha professori Kerol Dvek fikrlashning qat’iy chegaralangan va moslashuvchan turlariga mos keluvchi ta’lim yondashuvlari mavjudligi haqidagini nazariyani olg’a surgan.  

Qat’iy chegaralangan fikrli insonlar ma’lum darajadagi tafakkurga ega va uni sezilarli darajada o’zgartira olishmaydi. Ular “siz o’zingizdan balandroq sakray olmaysiz” tamoyiliga amal qilishadi va xatoni o’zlarining qobiliyatlari yetarli emasligining belgisi sifatida qabul qilishadi. Moslashuvchan fikrlash qobiliyatiga ega bo’lganlar esa rivojlanish jarayoniga e’tiborlarini qaratishadi. Agar ular o’z harakatlari orqali mehnatsevarlik va sabr-toqatni namoyon qilsalar qobiliyatlarini sezilarli darajada yaxshilashlari mumkinligiga ishonishadi. Xatolar ular uchun o’rganish uchun imkoniyatdir.

Kerol Dvekning nazariyasi uning psixologik tajribalariga asoslanadi. Ulardan birida 400 dan ortiq beshinchi sinf o‘quvchilari qatnashadi. Bolalar og’zaki bo’lmagan jumboqlardan iborat oddiy testdan o’tishadi, shundan so’ng ularga natija aytiladi. Bolalarning yarmini aqlli ekanligi, qolgan yarmini esa tirishqoqlik bilan ishtirok etganliklari uchun maqtashadi. Shundan so’ng bolalardan qiyinlik darajasi turlicha bo’lgan ikkita testdan birini tanlashlarini so’rashadi. Aql-idroki uchun maqtovga sazovor bo’lgan bolalarning qariyb 90 foizi erishgan yutuqlariga kifoyalanish hamda aqlli degan nomni yo’qotmaslik uchun oddiyroq testni tanlashadi. Sa’y-harakatlari uchun maqtovga sazovor bo’lgan bolalar esa ularga o’z mahoratlarini ko’rsatishga imkon beruvchi nisbatan qiyinroq testni tanladilar. 

Keyin Dvek o’sha 5-sinf o’quvchilarini 8-sinf uchun mo’ljallangan juda qiyin testni topshirishga chaqirdi. Mehnatsevarligi uchun maqtovga sazovor bo’lgan talabalar topshiriqlarni hal qilishga astoydil harakat qildilar va katta muvaffaqiyatlarga erishdilar. Aql-idroki uchun maqtovga sazovor bo’lganlar tezda o’zlaridan hafsalasi pir bo’lib, harakat qilishni to’xtatdilar. Ular o’z xatolarini mag’lubiyat alomati va u qadar aqlli emasliklarining isboti sifatida qabul qilishdi.

Shunday qilib, xato qilish qo’rquvi ta’lim jarayoniga salbiy ta’sir qiladi, bu qo’rquvning yo’qligi va xatolar ustida ishlashga tayyorlik samarali o’rganishni kafolatlaydi.

Michigan universiteti psixologi Jeyson Moser Dvekning qat’iy va moslashuvchan fikrlashni farqlash g’oyasiga qo’shilib, turli xil xatolarga javob beradigan nerv mexanizmlarini o’rganib chiqdi. U insonning fikrlash turi va uning xatolarga munosabati o’rtasidagi bog’liqlikni kuzatdi.

Uning tajribasi ishtirokchilari xato qilish oson bo’lgan vazifalarni bajarishlari kerak edi. Bu vaqtda Mozer ensefalogrammadan foydalanib, xatolarni qayta ishlash bilan bog’liq neyron signallarni tahlil qildi.

Mozer Kerol Dvek nazariyasini tasdiqladi: uning tajribasi shuni isbotladiki, moslashuvchan fikrlashli insonlar xatolarga ko’proq e’tibor berishadi va xatolardan keyin ko’proq aniqlik ko’rsatishadi, ya’ni ular yaxshiroq o’rganishadi. Xatoga yo’l qo’ygan “moslashuvchan” odamlar darhol diqqatni jamlaydilar, xatoni qayta ishlaydilar va shundan so’ng aniqlikning oshishini namoyish etadilar.

Mozerning ishi xatolar o’rganish va rivojlanishning muhim qismi ekanligini ko’rsatdi. Agar ulardan qochish yoki ma’lum bir kasbda qobiliyat yetishmasligining ko’rsatkichi sifatida qabul qilinsa, o’rganish samaradorligi sezilarli darajada kamayadi. Subyektiv darajada biz xatoni “nimadir noto’g’ri ketdi” deb qabul qilamiz, lekin aynan shu “noto’g’ri” asab darajasida eng faol jarayonlarga hissa qo’shadi. Xatolar o’rganish uchun eng qimmatli narsadir: bu jarayon muvaffaqiyatga emas, balki muvaffaqiyatsizliklar ustiga qurilgan. 

Abdukarimov Behzod

O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti, Mediamarkenting va reklama yo‘nalishi talabasi
Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications