Xususiy oliy ta’lim muassasi ochish va nodavlat ta’lim sohasida litsenziyalashning talablari va shartlari qanday?

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 27-martdagi 241-son qaroriga asosan nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatuvchi yuridik shaxslar faoliyatini amalga oshirishda litsenziya talablari va shartlari hisoblanadi:

Oʻzbekiston Respublikasining taʼlim sohasidagi qonun va qonunosti hujjatlariga majburiy rioya qilish;

taʼlim-tarbiya jarayonini davlat taʼlim standartlariga (davlat talablariga), oʻquv rejalariga va taʼlim dasturlariga muvofiq tashkil etish;

litsenziya daʼvogarida litsenziyalanayotgan faoliyatni bajarish uchun moʻljallangan, unga mulkiy yoki boshqa ashyoviy huquq bilan tegishli boʻlgan, belgilangan talablarga muvofiq binolarning (xonalarning) mavjud boʻlishi;

auditoriyalarni, oʻquv xonalarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya asbob-uskunalari, oʻqitishning texnik vositalari va anjomlar bilan jihozlash;

taʼlim dasturlarining belgilangan darajasini amalga oshirish uchun oʻquv binolarini zarur darsliklar, oʻquv-metodik adabiyotlar va boshqa kutubxona-axborot resurslari hamda vositalari bilan taʼminlash;

taʼlim dasturlarini umumiy oʻrta, kasb-hunar va oliy taʼlim davlat taʼlim standartlariga muvofiq, shuningdek, maktabgacha taʼlim, maktabdan tashqari taʼlim, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashga qoʻyiladigan davlat talablariga muvofiq amalga oshirish;

taʼlimning majburiy ravishda dunyoviy xarakterda boʻlishi, taʼlim jarayonida urushni, zoʻravonlikni targʻib qilishdan foydalanishga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinligi kamsitilishiga, mamlakatdagi xavfsizlik va ijtimoiy-siyosiy barqarorlikka, jamiyatning huquqiy va maʼnaviy asoslari, fuqarolar osoyishtaligiga, millatlararo va dinlararo totuvlikka raxna solinishiga, Oʻzbekiston Respublikasi toʻgʻrisida notoʻgʻri axborotlar tarqatilishiga hamda uning tarixiy, madaniy va maʼnaviy qadriyatlari buzib koʻrsatilishiga yoʻl qoʻymaslik;

nodavlat taʼlim tashkiloti, uning taʼlim oluvchilari, pedagoglari va taʼlim-tarbiya jarayoni toʻgʻrisidagi ishonchli maʼlumotlarni “Nodavlat taʼlimni boshqarish axborot tizimi”ga kiritish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga yozma yoki elektron shaklda taqdim etish;

maktabgacha taʼlim bilan bogʻliq yoʻnalish boʻyicha nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi, uning tarbiyalanuvchilari, pedagoglari va taʼlim-tarbiya jarayoni toʻgʻrisidagi ishonchli axborotni Maktabgacha taʼlimni boshqarishning axborot tizimiga kiritish;

iqtidorli bolalar va isteʼdodli yoshlarni aniqlash va qoʻllab-quvvatlash orqali taʼlim-tarbiyaning yuqori sifatini taʼminlaydigan qulay shart-sharoitlar yaratish;

ilgʻor xalqaro tajribalarni inobatga olib, oʻqitishning innovatsion shakllari hamda zamonaviy texnologiyalaridan foydalanish asosida taʼlim sohasidagi samaradorlik va natijadorlikni oshirish;

ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli va iqtidorli farzandlarini tanlov asosida muassasadagi jami tarbiyalanuvchilar, oʻquvchilar umumiy sonining 10 foizidan kam boʻlmagan miqdorda bepul oʻqishga qabul qilish;

bitiruvchilarga belgilangan tartibda taʼlim toʻgʻrisida hujjat berish.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications