Yakka tartibdagi tadbirkor qanday soliq to’laydi?

Bir kalendar yilda tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi 100 mln so‘mdan oshmaydigan yakka tartibdagi tadbirkorlar qat’iy belgilangan soliqni to‘lovchilar hisoblanadi.

Bir kalendar yil davomida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi 100 mln so‘mdan oshgan yakka tartibdagi tadbirkorlar qonun hujjatlarida belgilangan miqdor oshgan oyning keyingi oyidan boshlab yagona soliq to‘lovini to‘lashga o‘tadi.

Yuridik shaxs tashkil etmagan holda oilaviy tadbirkorlik shaklida faoliyat amalga oshirilgan taqdirda, oilaviy tadbirkorlik subyekti nomidan ish ko‘radigan yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan oila a’zosigina qat’iy belgilangan soliqni to‘lovchi bo‘ladi.

Quyidagi yakka tartibdagi tadbirkorlar qat’iy belgilangan soliqni to‘lovchilar hisoblanmaydi:

  • meva-sabzavot mahsulotlari eksportini amalga oshiruvchilar;
  • Elektron tijorat ishtirokchilarining milliy reyestriga kiritilganlar.

Bir kalendar yil davomida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi bir mlrd so‘mdan oshgan yakka tartibdagi tadbirkorlar soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni yuridik shaxslarga belgilangan tartibda to‘laydi.

Qat’iy belgilangan soliqni to‘lash

Yakka tartibdagi tadbirkorlar soliq to‘lovchining kalendar oyida ishlagan kunlari sonidan qat’i nazar, qat’iy belgilangan soliq tadbirkorlik faoliyatining turi va soliq to‘lovchining faoliyatni amalga oshirish joyiga qarab belgilangan stavkalar bo‘yicha to‘lanadi.

Faoliyatning bir necha turi bilan shug‘ullanuvchi soliq to‘lovchilar qat’iy belgilangan soliqni faoliyatning har bir turi uchun mazkur turdagi faoliyatga nisbatan belgilangan stavkalar bo‘yicha alohida-alohida to‘laydilar.

Qat’iy belgilangan soliqni hisoblab chiqarish soliq bo‘yicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Qat’iy belgilangan soliq tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilgan oyning 10-kunidan kechiktirmay har oyda, soliq to‘lovchi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan joy uchun belgilangan stavkalar bo‘yicha to‘lanadi.

Agar faoliyat amalga oshirilgan joy uchun qat’iy belgilangan soliq stavkalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan joy uchun belgilangan stavkalardan farq qilsa, qat’iy belgilangan soliq eng yuqori stavka bo‘yicha to‘lanadi.

Yangi ro‘yxatdan o‘tgan yakka tartibdagi tadbirkor, shu jumladan, oilaviy tadbirkorlik subyekti qat’iy belgilangan soliqni yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan oydan keyingi oydan boshlab to‘laydi.

Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari kollejni tamomlagandan keyin o‘n ikki oy ichida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan taqdirda, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan sanadan e’tiboran qat’iy belgilangan soliqni to‘lashdan olti oy muddatga ozod etiladi. Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tilgan paytdan boshlab o‘n ikki oy ichida faoliyat tugatilgan yoki faoliyat uch va undan ko‘p oyga to‘xtatilgan taqdirda,qat’iy belgilangan soliq faoliyat amalga oshirilgan butun davr uchun to‘lanadi.

Agar yakka tartibdagi tadbirkor o‘z faoliyatini muayyan muddatga to‘xtatsa, u o‘z faoliyatini to‘xtatguniga qadar tadbirkorlik subyektini ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga faoliyatni vaqtinchalik to‘xtatish to‘g‘risida ariza berish bilan bir vaqtda davlat ro‘yxatidan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnomani topshiradi. Bunda xodimlarni yollagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkor soliq bo‘yicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organiga har bir yollangan xodim uchun belgilangan tartibda berilgan hisobga olish kartochkalarini ham belgilangan muddatlarda topshiradi.

Yakka tartibdagi tadbirkorning faoliyati vaqtincha to‘xtatilganligi yoki qayta tiklanganligi to‘g‘risidagi arizani olgan tadbirkorlik subyektini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organ kelgusi ish kuni tugaguniga qadar soliq bo‘yicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organlariga yakka tartibdagi tadbirkorning faoliyati vaqtincha to‘xtatilganligi yoki qayta tiklanganligi to‘g‘risida axborot taqdim etadi.

Yakka tartibdagi tadbirkorning faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilganligi to‘g‘risida davlat soliq xizmati organlari tomonidan olingan axborot yakka tartibdagi tadbirkor o‘z faoliyatini amalga oshirmaydigan davr uchun qat’iy belgilangan soliqni hisoblashni to‘xtatib turish uchun asos bo‘ladi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications