“Olis hududlardagi byudjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 2021-yil 1-yanvardan olis va chekka hududlarda quyidagi imtiyozlar beriladi:
➖ byudjet tashkilotlariga ishga qabul qilingan oliy maʼlumotli mutaxassislarga BHMning 50 baravari (11 mln 150 ming soʻm) miqdorida bir martalik boshlangʻich yordam puli va uy-joylarni ijaraga olganlik uchun BHMning 2 baravari (446 ming soʻm) miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi toʻlanadi;
➖ oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarga ishga qabul qilingan shifokorlarga kamida 3 yil ishlab berish sharti bilan 30 mln soʻm miqdorida bir martalik boshlangʻich yordam puli, uy-joyi boʻlmaganlarga esa 3 yil davomida xizmat uy-joylari beriladi yoki BHMning 2 baravari (446 ming soʻm) miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi toʻlanadi.
Boshlangʻich yordam puli va har oylik pul kompensatsiyasi soliq toʻlovchining jami daromadiga kiritilmaydi hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining soliq solish obyekti hisoblanmaydi.
Mazkur imtiyozlardan OTMning bakalavriati yoki magistraturasini (taʼlim shaklidan qatʼi nazar – kunduzgi, sirtqi, kechki, shuningdek, ikkinchi mutaxassislik) tamomlaganidan keyin uch yil mobaynida olis va chekka hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlari, shu jumladan tibbiyot muassasalariga ishga kirgan bitiruvchilar foydalanish huquqiga ega.
Bunda uy-joy uchun har oylik pul kompensatsiyasi mutaxassis ishga qabul qilingan oydan boshlab 36 oygacha toʻlanadi.
Oliy maʼlumotli mutaxassis va (yoki) tibbiyot xodimi tegishliligi boʻyicha olis va chekka hududda joylashgan bir byudjet tashkilotidan va (yoki) tibbiyot muassasasidan boshqasiga oʻtkazilganida, har oylik pul kompensatsiyasini toʻlash belgilangan muddat tugagunga qadar davom ettiriladi.