Jamoat xavfsizligini ta’minlashda probatsiya xizmatining ahamiyati ortmoqda

Mamlakatimizda jinoyat sodir etgan shaxslarni axloqan tuzatish, jamiyatdan ajratmagan holda jamoatchilik bilan uzviy hamkorlikda qayta tarbiyalash borasida keng ko‘lamli islohotlar o‘tkazilmoqda. Shulardan biri probatsiya xizmatining yo‘lga qo‘yilganidir. Mazkur xizmat O‘zbekiston Prezidentining 2018-yil 7-noyabrda qabul qilingan “Jinoyat-ijroiya qonunchiligini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 4006-qarori bilan 2019-yil 1-yanvardan joriy etilgan. Qarorga muvofiq Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasining Ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar ijro etilishini nazorat qilish boshqarmasi negizida vazirlikning Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzurida Probatsiya xizmati tashkil etilgan edi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi PF-6196-son farmonga muvofiq probatsiya xizmati Jamoat xavfsizligi departamenti tarkibiga kiritildi.  

Zamonaviy probatsiya xizmatini 1841 yilda AQSH politsiyasi ofitseri Jon Avgustus tashkil qilgan. Bunga kutilmagan bir voqea sabab bo‘lgan. Kunlarning birida sud ichkilikbozlikka yo‘liqqan huquqbuzarni hibsxonaga jo‘natadi va uch haftadan keyin hukm o‘qilishini ma’lum qiladi. Hukm o‘qiladigan kuni huquqbuzar politsiya ofitseri Jon Avgustus hamrohligida xushmuomalalik bilan kirib keladi. Hamma huquqbuzarning tashqi qiyofasi va fe’l-atvori tubdan o‘zgarganidan hayratlanadi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Jon Avgustus huquqbuzarni nazoratga olib, axloqan qayta tarbiyalagan ekan. Shu orqali sud va kishilar ongida shaxsni jazolash emas, balki qayta tarbiyalash orqali jinoyatlarning oldini olish mumkinligi to‘g‘risida tasavvur paydo bo‘lgan. 

Olimlar tomonidan probatsiya tizimga oid turli fikrlar bildirilgan. Jumladan, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan yoki qamoqdan ozod qilingan jazolarga mahkum etilganlar bilan ishlash faoliyatni (xizmatlarni) institutsionalizatsiya qilish uchun qo‘llaniladi degan tarif berilgan. Probatsiya mahkumning xulq-atvoriga shunday ta’sir qilishki, u o‘z javobgarligini anglasin va ongli ravishda tuzatish yo‘lini tutsin degan fikrlar ham mavjud. Ayrim olimlar tomonidan probatsiya xizmati deganda, shartli sudlanganlik shakli tushunilib, bunda mahkum ozodlikdan mahrum qilinmasdan maxsus organlar nazorati ostida bo‘ladi, sinov muddati va unga qo‘yiladigan talablar sud hukmi bilan belgilanadi deb ko‘rsatishadi. Probatsiya bu ijtimoiy va huquqiy nazoratning bir shakli ekanligi haqida ham fikrlar ko‘rsatib o‘tilgan, shu bilan birga yana bir tarifda probatsiya – bu belgilangan jazoni shartli ravishda ado etmasdan mahkumni muayyan muddatga maxsus mansabdor shaxsning (agent, yordamchi, probatsiya bo‘yicha vakil) individual nazorati ostida joylashtirishdan iborat deb aytiladi. Shuningdek, Qozog‘iston Respublikasining Probatsiya to‘g‘risidagi qonunni bo‘yicha, Probatsiya – bu toifalari aniqlangan shaxslarning xatti-harakatlarini to‘g‘rilashga qaratilgan, yangi jinoiy huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish uchun individual ravishda belgilangan nazorat va ijtimoiy-huquqiy xarakterdagi tadbirlar tizimidir deya takidlanadi.

Rivojlangan xorijiy davlatlarning probatsiya xizmati faoliyati o‘rganilganda, ularda asosan to‘rt shakldagi probatsiya xizmatlari mavjudligi aniqlandi: 

Sudgacha probatsiya; 

Penitensiar probatsiya; 

Ijroiya probatsiya; 

Postpenitensiar probatsiya.

1) Sudgacha probatsiya – (Buyuk Britaniya, Vengriya, Slovakiya) sud tomonidan hukm chiqarilayotganda hisobga olinadigan muayyan jinoyatchining psixologiyasini o‘rganish va uning ijtimoiy xususiyatlarini o‘rganishdan iborat. Xorijiy mamlakatlar tajribasidan kelib chiqqan holda, jinoiy jazoni istisno qiluvchi eng insonparvar chora sudgacha bo‘lgan probatsiya hisoblanadi. Ushbu chora Italiyada faol qo‘llaniladi va 8 oygacha ish yuritishni to‘xtatib turish hisoblanadi. Ushbu davrda voyaga yetmaganlar ko‘pincha mahalliy cherkov tomonidan tashkil etilgan reabilitatsiya va ta’lim dasturlari va loyihalariga tashrif buyurishadi.

Gumon qilinuvchilar va sudlanuvchilarga ularning xatti-harakatlarini to‘g‘rilashga, yangi jinoiy huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga, sodir etilgan jinoiy qilmishning oqibatlarini, shuningdek uning sabablari va sharoitlarini minimallashtirishga qaratilgan ijtimoiy va huquqiy yordam ko‘rsatish ishlari amalga oshiriladi.  Sudgacha probatsiya gumon qilinuvchining xulq-atvorini to‘g‘irlash va uning yangi jinoyat sodir etishining oldini olishga qaratilgan. 

Probatsiya xizmati sudgacha probatsiyaga tortilgan shaxs murojaat qilgan kundan boshlab ijtimoiy va huquqiy yordam ko‘rsatishning individual dasturini tayyorlaydi va uning bajarilishini ta’minlaydi.

Sudgacha probatsiyaga tushgan gumonlanuvchilar toifasi:

– voyaga yetmaganlar;

– nogironlar;

– ayollar: 58 yosh va undan yuqori; uch yoshga to‘lmagan yosh bolalari bo‘lgan va homilador ayollar;

– erkaklar: 63 yoshdan katta; yolg‘iz uch yoshga to‘lmagan yosh bolalarni

tarbiyalayotganlar.

Probatsiya xizmati gumon qilinuvchi bilan uchrashganda suhbat o‘tkazadi, uning shaxsiy ma’lumotlarini bilib oladi, insonning psixologik portretini aniqlash uchun test sinovini o‘tkazadi.

Shaxsga psixologik va ijtimoiy baho berish uchun gumon qilinuvchi haqida ma’lumot to‘playdi.

Amalga oshirilgan ishlarning natijalariga ko‘ra, probatsiya xizmati sudgacha hisobot tayyorlaydi, unga nisbatan sudgacha probatsiya o‘tkazilgan shaxsga sud jarayoni boshlanishidan oldin taqdim etadi.

2) Penitensiar probatsiya (AQSH, Shvetsiya, Latviya) – jazoni o‘tashning yakuniy bosqichida mahkumni ozodlikka tayyorlash maqsadida uni qayta ijtimoiy tuzatish bo‘yicha penitensiar muassasalardagi tadbirlar majmuasini tashkil etadi.

Mazkur probatsiya jazoni ijro etish (penitensiar) tizimi muassasalarida ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tayotgan shaxslarni qayta ijtimoiylashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni aniqlash va amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘radi. Qamoq jazosini o‘tashga bir yil qolgan mahkumlar ushbu toifaga kiradi.

Penitensiar probatsiyaga tushgan shaxsga nisbatan, ozod qilinishga tayyorgarlik ko‘rishda, probatsiya xizmati jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyati bilan birgalikda mahkumlarga ijtimoiy va huquqiy yordam ko‘rsatish, shu jumladan jazoni o‘tashga tayyorlash bo‘yicha individual dastur ishlab chiqadi va amalga oshiradi. Ozod qilinishi uchun jazo muddatini o‘tayotgan shaxsni:

– ta’lim, o‘qitish, ish bilan ta’minlash;

– jismoniy va ruhiy salomatligi;

-to‘lovlar, da’vo qarzlarini to‘lash;

– oila bilan aloqada bo‘lish;

– qarashlar, fikrlash doirasi va o‘zini jamiyatda tutishni o‘rgatish ishlari amalga oshiriladi.

3) Ijroiya probatsiya (Avstriya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Xitoy, Latviya, Niderlandiya, Slovakiya, AQSH, Fransiya, Finlyandiya, Shvetsiya, Shveysariya, Estoniya, Yaponiya) bunda probatsiya xizmati ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoga hukm qilingan shaxslarni nazorat ostiga olish hamda sud tomonidan unga yuklatilgan vazifalarni bajarmaganligi uchun uni probatsiya nazoratini bekor qilib, jazoni haqiqatdan o‘tashi uchun qamoqxonaga yuborish vakolatiga ega.

Ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarga hukm qilingan shaxslar ustidan nazorat funksiyalarini amalga oshirish bilan bir qatorda, ularni (shartli hukm qilinganlar, ozodlikni cheklash jazosini sud zalidan kelgan shaxslar va jazoni ijro etish muassasalaridan jazoni yengilrog‘i bilan almashtirilgan shaxslar) ijtimoiy moslashuvi tashkillashtiriladi.

4) Postpenitensiar probatsiya (Avstriya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Xitoy,

Latviya, Niderlandiya, Slovakiya, AQSH, Fransiya, Finlyandiya, Shvetsiya, Shveysariya, Estoniya, Yaponiya) jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan shaxslarni jamiyatga qayta moslashtirishdan iborat. Shuningdek, ozodlikdan mahrum etish joylaridan shartli ravishda ozod qilinganlarga ijtimoiy va huquqiy yordam olishda, shuningdek ularga nisbatan ma’muriy nazoratni mahalliy politsiya xizmati inspektorlari amalga oshirishda yordam beradi.

Probatsiya xizmati ushbu shaxslarga ijtimoiy va huquqiy yordam olishda amaliy yordam ko‘rsatadi.  Aksariyat olimlar tomonidan probatsiya «huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimi» yoki «sud tizimi» tushunchasiga singdirib yuboriladi va alohida e’tirof etilmaydi. Aslida, probatsiya xizmati jamiyatda qonuniylikni mustahkamlash, jinoyatlarning oldini olish va jinoyat sodir etgan shaxslarni axloqan tuzatish bilan bog‘liq kompleks tadbirlarni qamrab olgan alohida huquqiy ijtimoiy tuzilma hisoblanadi. Ayrim olimlar probatsiya atamasiga nisbatan tor va keng yondashuvni tahlil qilgan holda ushbu tizim ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jinoiy jazolarni ijro etuvchi davlat organlari va muassasalarini, mahkumlarni axloqan tuzatish maqsadiga erishishni ta’minlaydigan tashkiliy-huquqiy, ijtimoiy va jamoat tuzilmalarini o‘z ichiga olishini ta’kidlaydi. Ushbu tariflarlarga yaqin bo‘lgan yana bir tushunchaga asosan probatsiya instituti bir qator ijobiy jihatlarga ega, xususan: 

-jazoni o‘tash uchun insonparvarlik tamoyilining namoyishi sifatida muqobillik; 

-mahkumlikda ijtimoiy mas’uliyatli xatti-harakatni shakllantirish; 

-ijtimoiy moslashuvni rag‘batlantirish va takroriy huquqbuzarliklarning oldini olish; -huquqbuzarni jamiyat hayotiga kiritishga ko‘maklashish; 

– penitensiar tizimlarni saqlash xarajatlarini kamaytirish. 

Uzoq tarixga ea bo‘lgan bu yuridik institutning rivojlanishi davomida u ijtimoiy xizmatlarning keng doirasiga asos soldi Shu bilan bir qatorda, XX asr oxirida probatsiya instituti Birlashgan Millatlar Tashkilotining etiborini tortib, jinoyatchilikka qarshi kurash doirasida bir qator xalqaro-huquqiy hujjatlarni qabul qilindi―Probatsiya xizmati  atamasi ilmiy muomalada va umumiy ma’noda qo‘llash uchun zarur, chunki u ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jinoiy jazolarni ijro etish sub’ektlari, mahkumlarni axloqan tuzatishda ishtirok etadigan tashkiliy-huquqiy, ijtimoiy va jamoat tuzilmalari yig‘indisini to‘liq belgilash imkonini beradi. Yuqoridagi tahlillardan kelib chiqib aytish mumkinki, Probatsiya -bu ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jinoiy jazolar va boshqa jinoyat-huquqiy ta’sir choralarini ijro etuvchi davlat organlari va muassasalarini hamda ularning mahkumlarni axloqan tuzalishi va qayta ijtimoiylashuvi maqsadiga erishishga qaratilgan tarbiyaviy-ahloqiy, pedagogik-psixologik, siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa faoliyat yo‘nalishlarini o‘z ichiga qamrab olgan tuzilmadir.

Hozirgi davrda probatsiya xizmati mamlakatimizda islohotlarni ma’rifatli vositalar yordamida, qonuniy tartib-taomillar doirasida, hech kimning huquqlari va manfaatlarini kamsitmasdan amalga oshirish, ammo shu bilan bir vaqtda jinoyatchilikka qarshi kurashni kuchaytirishning kafolatlaridan biri bo‘lishi lozim. 

Probatsiya xizmati bir qator belgilarga ega:

 – alohida vakolatlarga ega bo‘lgan, maxsus tuzilgan davlat organi tuzilmasi hisoblanadi; 

– jinoyat, jinoyat-ijroiya va boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solingan probatsiya munosabatlarining barcha sohalarida amal qiladi; 

– qoida tariqasida, jinoyat qonunchiligi buzilishi tufayli amalga oshiriladi; 

– o‘z vazifalarini davlat hokimiyati organlari, mahalliy o‘zini-o‘zi boshqaruv organlari, jamoat birlashmalaridan mustaqil amalga oshiradi. Aksariyat hollarda probatsiya organlari tarkibiy jihatdan ijro hokimiyati organlariga kiradi. O‘zbekiston Respublikasida jinoiy jazoni ijro etadigan organlar va muassasalar asosan Ichki ishlar vazirligi hamda prokuraturada jamlangan bo‘lib, ushbu organlarga Mudofaa vazirligining intizomiy harbiy qismlari ham kiradi. Ichki ishlar vazirligi va Mudofaa vazirligi ijro etuvchi hokimiyat organlari hisoblanadi. Har qanday ijtimoiy jarayonning samaradorligi, eng avvalo, uni tashkil etuvchi huquqiy munosabatlar sub’ektlari tizimi qay darajada oqilona tashkil etilgani va ularning o‘z vazifalarini qay darajada bajarishlari bilan belgilanadi. Jinoyat ijroiya kodeksining 3-bobining mazmunidan O‘zbekiston Respublikasining jinoiy jazoni ijro etish tizimi jazo va boshqa jinoyat-huquqiy ta’sir choralarini ijro etuvchi muassasalar va organlardan iborat, degan xulosa kelib chiqadi. JIK 14-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining jazolarni ijro etuvchi muassasalari va organlariga quyidagilar kiradi: 

– jarima, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan ijro etiladi; 

– muayyan huquqdan mahrum qilish, axloq tuzatish ishlari, majburiy jamoat ishlari, ozodlikni cheklash, ozodlikdan mahrum qilish va umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazolari Ichki ishlar vazirligi Probatsiya xizmati tomonidan ijro etiladi. 

Muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi mahkumning ish joyidagi ma’muriyat tomonidan, shuningdek tegishli faoliyat turlari bilan shug‘ullanish vakolati berilgan ruxsatnomani bekor qilishga vakolatli organlar tomonidan ijro etiladi; harbiy xizmatchilarga nisbatan:

– xizmat bo‘yicha cheklash tariqasidagi jazo – harbiy xizmatchi xizmatni o‘tayotgan joydagi harbiy qismlarning (muassasalarning) qo‘mondonligi tomonidan; – intizomiy qismga jo‘natish tariqasidagi jazo – maxsus tashkil etilgan harbiy qismlar tomonidan ijro etiladi; 

– harbiy yoki maxsus unvondan mahrum qilish tariqasidagi qo‘shimcha jazo mazkur unvonni bergan organ tomonidan ijro etiladi. JIK  15-moddasida O‘zbekiston Respublikasining boshqa jinoyat-huquqiy ta’sir choralarini ijro etuvchi muassasalari va organlar ko‘rsatilgan. Jinoyat-ijroiya kodeksining IV-bo‘limida, Ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni ijro etish tartiblari‖ aloxida belgilangan, ya’ni jazoni ijro etish muassasalarining tartibi va turlari aniq ko‘rsatilgan, ammo ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo chorasi shaxslarga nisbatan qo‘llanilishdagi huquqiy ahamiyati hamda jazoni ijro etish faoliyatini ta’minlovchi davlat organing qonuniy maqomi, vakolatlari, nazorat qilish tartibi, ahloqan tuzatish vositalari va ularni qo‘llash mexanizimlarini tartibga soluvchi va ta’minlovchi davlat organini alohida normativ qonun asosida to‘liq qamrab oluvchi tizim shakllanmagan. Hozirda og‘ir, ayniqsa, fuqarolarni jamiyatdan ajratish bilan bog‘liq bo‘lgan jazolarning jinoyatchilikning oldini olishdagi ahamiyatini oshirib ko‘rsatish o‘rinsiz ekanligini hayotning o‘zi isbotlamoqda. Jinoyatchilikning oldini olish, unga qarshi kurashish samaradorligi jazoning og‘irligi va shafqatsizligiga emas, balki birinchi navbatda, qonunni buzgan shaxsning jazoning muqarrarligini nechog‘li anglashiga bog‘liq. O‘zbekiston Respublikasi JK 7-moddasida, Jazo va boshqa huquqiy ta’sir choralari jismoniy azob berish yoki inson qadr-qimmatini kamsitish maqsadini ko‘zlamaydi. Jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan u axloqan tuzalishi va yangi jinoyat sodir etishining oldini olish uchun zarur hamda yetarli bo‘ladigan jazo taynlanishi yoki boshqa xuquqiy ta’sir chorasi qo‘llanilishi kera deyiladi.  

Shu nuqtai nazardan respublikamizda shaxsni ozodlikdan mahrum qilishga muqobil bo‘lgan jazolardan samarali foydalanishga qaratilgan islohotlar olib borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi JIKda belgilangan jazolar va boshqa jinoyat-huquqiy ta’sir choralarini ijro etuvchi muassasalar va organlarning vazifalaridan kelib chiqib, probatsiya xizimatining vazifalariga quyidagilarni kiritish mumkin: 

Mamlakatimizda probatsiya bo‘linmalarining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan: 

– ichki ishlar organlarining ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarni ijro etish bo‘yicha faoliyatini boshqa davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, jamoat tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorlikda samarali tashkil etish; 

– shartli hukm qilingan va jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan ta’sirchan nazoratni amalga oshirish; 

– nazorat ostidagilar, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan voyaga yetmaganlarning ijtimoiy moslashuvi va ishga joylashishiga, shu jumladan, ularning kasbiy tayyorgarligi bo‘yicha tadbirlarni tashkil etish orqali har tomonlama amaliy ko‘maklashish; 

– nazorat ostidagilarning qayta jinoyat sodir etish xavfini aniqlash va bunga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish, ularning shaxsini ijtimoiy-psixologik portretni tuzgan holda o‘rganish. Probatsiya tuzilmasi haqida gapirganda, shuni qayd etib o‘tish lozimki, respublika bo‘yicha jami 215 ta bo‘linma: probatsiya xizmati, 14 ta hududiy probatsiya bo‘limlari va 200 ta tuman (shahar) probatsiya bo‘linma (guruh)lari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Tuman (shahar) probatsiya bo‘linmalarining shaxsiy tarkibi ular zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda, qoida tariqasida, bir nafar xodimga shaharlarda – 100, tumanlarda – 75 nafar mahkum hisobidan kelib chiqib taqsimlanadi.

Yuqoridagi ma’limotlardan hamda, probatsiya mohiyatini tushunishga oid fikr va muammolarining tahlillaridan kelib chiqqan holda mamlakatimzida jazoni ijro etish tizimini takomillashtirish borasida ko‘plab amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari ushbu  faoliyatni o‘rni va ahamiyati takomillashtirishda xorijiy davlatlar tajribasidan foydalangan holda ishlab chiqilgan, loyihasi mavjud bo‘lgan “Probatsiya faoliyati to‘g‘risidagi ” qonunimizni  qabul qilish ishlarini jadallashtirishimiz kerak.

Eshqobilov Sirojiddin Abdunabiyevich

Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash kafedrasi o‘qituvchisi
Sirojiddin.law1993@mail.ru

 Mo‘minov Azimxon Melsxon o‘g‘li

Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali 3-kurs talabasi
Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications