“Boksni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra, dastlab quyidagi hududlarda Turizm va sport vazirligi huzurida boks boʻyicha oliy sport mahorati maktablari davlat muassasasi sifatida tashkil etiladi:
Andijon viloyati (Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlari);
Buxoro viloyati (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlari);
Qashqadaryo viloyati (Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari);
Toshkent viloyati (Sirdaryo va Toshkent viloyatlari, Toshkent shahri).
Boks maktablari faoliyati iqtidorli yosh sportchilarni tanlab olish va ularni asosan milliy terma jamoalarga tayyorlashga yoʻnaltiriladi.
Oʻqish 7-sinfdan tashkil etiladi, taʼlim olish muddati 5 yil etib belgilanadi.
Qaror bilan Boksni 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi hamda uning maqsadli koʻrsatkichlari tasdiqlandi.
Unga koʻra, 2025-yilgacha quyidagilarni amalga oshirish belgilangan:
sport taʼlim muassasalaridagi boks bilan muntazam shugʻullanadigan oʻquvchilar sonini 27 minggacha yetkazish;
kelgusi 5 yil ichida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida 7 ta boks zallarini tashkil etish;
boks boʻyicha terma jamoalarning 46 ga yaqin xalqaro sport musobaqalarida ishtirokini taʼminlash.
2021/2022 oʻquv yilidan Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari, ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktablari va bolalar-oʻsmirlar sport maktablarida boks boʻyicha amaldagi oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari ikki baravarga oshiriladi.