Aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida masʼul boʻlgan yagona organ tuziladi

Prezident farmoyishi bilan 2021–2030-yillarda aholini ijtimoiy himoya qilish milliy strategiyasi konsepsiyasi tasdiqlandi.

Konsepsiya, jumladan, quyidagi chora-tadbirlarni oʻz ichiga oladi:

➖ asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, taʼlim, parvarish va boshqa zarur boʻlgan mahsulotlar va xizmatlar olishga imkoniyati boʻlmagan bolalarga koʻmaklashish;

➖ kasallik, ishsizlik, onalik va nogironlik kabi holatlar tufayli oʻzini oʻzi taʼminlash masalalarini toʻliq hal qila olmaydigan mehnatga layoqatli fuqarolarni kafolatlangan daromadlar bilan taʼminlash;

➖ keksa yoshdagi fuqarolarni kafolatlangan daromad bilan taʼminlash;

➖ ijtimoiy sugʻurta tizimini joriy etish.

Shunga koʻra, konsepsiya doirasida quyidagilarni amalga oshirish rejalashtirilgan:

● aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan yagona organni belgilash;

● olis va chekka hududlarda birlamchi va ixtisoslashgan tibbiy yordam koʻrsatish va ehtiyojmand aholi uchun skrining va davolash tadbirlariga xususiy shifoxonalar jalb etish va ularga subsidiya ajratish;

● chin yetim yoshlarni uy-joy bilan taʼminlash, boshpanasiz qolgan, ogʻir turmush sharoitiga tushib qolgan oilalar va shaxslarni mulk huquqi berilmagan holda joylashtirish uchun mahalliy hokimliklar tomonidan uy-joylarni sotib olish tartibini joriy etish;

● tadbirkorlik va oʻzini-oʻzi band qilish faoliyatini boshlamoqchi boʻlgan ishsiz, ayniqsa “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga faoliyatini boshlash uchun kerak boʻlgan asbob-uskuna, mehnat qurollari xarid qilish uchun subsidiyalar berish;

● bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish samaradorligini yangi bosqichga olib chiqishda inson huquqlarini himoya qilishning yagona milliy tizimini saqlagan holda Bolalar Ombudsmani faoliyatini tashkil etish;

● imkoniyati cheklangan bolalar uchun maktabgacha taʼlimni uyda berish modelini joriy qilish.

2025-yilga qadar Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi negizida tuman (shahar)lar miqyosida Aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazlari tashkil etiladi.

Davlat byudjetining aholini ijtimoiy himoyasiga xarajatlari ichki yalpi mahsulotga nisbatan 2019-yilgi 1 foizdan 2030-yilda 1,5 foizga yetkaziladi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications