Prezidentning “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida amalga oshiriladigan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Qaror bilan 2021-yilda Dasturlar doirasida loyihalarni moliyalashtirishning manbalar kesimidagi hamda loyihalarni kreditlashning hududlar kesimidagi maqsadli parametrlari tasdiqlandi.
2021-yil 1-apreldan:
➖ aholi va tadbirkorlik subyektlarining kredit olish uchun arizalari Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari yagona elektron platformasi orqali qabul qilinadi;
➖ kredit olishda talabgorlarga “Agrobank” ATB, AT Xalq banki va “Mikrokreditbank” ATBlar orasidan birini ixtiyoriy tanlab, barcha dasturlar doirasida imtiyozli kredit olish boʻyicha murojaat etish imkoniyati yaratiladi;
➖ kredit oluvchi tanlagan mahsulot yetkazib beruvchi tashkilot tomonidan mahsulotlar yetkazib berilgandan soʻng, kredit mablagʻlari taʼminotchiga ajratib beriladi;
➖ oʻzini oʻzi band qiladigan fuqarolarga ayrim turdagi faoliyatni amalga oshirish (kasanachilik, hunarmandchilik, issiqxona qurish va shu kabilar uchun zaruriy xomashyo, ehtiyot qism hamda qurilish mollarini sotib olish) maqsadida 5 mln soʻmgacha miqdorida kredit mablagʻlari naqd pulda berilishi mumkin;
➖ “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan fuqarolarga ajratilgan kreditlarning maqsadli ishlatilishini monitoring qilish masʼuliyati tijorat banklari bilan birga mos ravishda tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari, Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) boʻlimlari hamda sektor rahbarlari, shuningdek, mahalla fuqarolar yigʻini raislari zimmasiga yuklatiladi.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish loyihalarini moliyalashtirish uchun 1,3 trln soʻm miqdoridagi mablagʻni vakolatli banklarning ustav kapitalini oshirishga, shu jumladan “Agrobank” ATBga – 700 mlrd soʻm, “Mikrokreditbank” ATBga – 400 mlrd soʻm va AT Xalq bankiga – 200 mlrd soʻm yoʻnaltiriladi.