Alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi faoliyatini litsenziyalash tartibi qanday?

Alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya olish talab etiladi.

Ma’lumot uchun: Alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish faoliyati ushbu faoliyatni boshlaganlik yoki tugatganlik haqida xabarnoma yuborish orqali amalga oshirish mumkin.

Alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi faoliyatini litsenziyalash Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

Litsenziya yuridik shaxslarga (korxonalarga) beriladi.

Diqqat qiling! Mahalliy pivo mahsulotlari, ko‘piklanadigan va tabiiy vinolarning ulgurji savdosi bo‘yicha faoliyat bilan shug‘ullanish uchun litsenziya talab etilmaydi.

Litsenziya olish uchun hujjatlarni topshirish Litsenziyalovchi organga bevosita tashrif buyurish orqali yoki pochta orqali amalga oshirilishi mumkin.

Talab qilinadigan hujjatlar:

a) Litsenziya berish to‘g‘risidagi ariza;
b) alkogol mahsulotlarini saqlash, qabul qilish va tarqatish uchun mo‘ljallangan binoga nisbatan mulk huquqini yoki boshqa ashyoviy huquqlarni tasdiqlovchi hujjat yoki ijara shartnomasining nusxasi;
v) ustav fondini bazaviy hisoblash miqdorining 1 000 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda pul mablag‘i ko‘rinishida shakllantirilganligi to‘g‘risida dalolat beruvchi hujjat nusxasi.

Litsenziya olish uchun tadbirkorda quyidagilarning mavjud ekanligi tekshiriladi:

alkogol mahsulotlarini saqlash, qabul qilish va tarqatish uchun mo‘ljallangan va belgilangan talablarga javob beradigan binoning mavjudligi;
ustav fondining bazaviy hisoblash miqdorining 1 000 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda shakllantirilganligi.

To‘lovlar:

Arizani ko‘rib chiqish uchun yig‘im: BHM 5 baravari;

Yillik litsenziya to‘lovi: BHM 200 barobari.

Arizani ko‘rib chiqish muddati: 15 kun

Litsenziyaning amal qilish muddati: cheklanmagan

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications