Bugungi kunda davlat boshqaruvi va jamiyat hayotida yuz berayotgan jadal oʻzgarishlar mutaxassislardan nafaqat mavjud bilimlarini muntazam yangilab borishni, balki yangi kasbiy koʻnikmalarni egallashni ham talab etmoqda. Huquq, mehnat munosabatlari, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish, davlat xaridlari, korrupsiyaga qarshi kurashish, murojaatlar bilan ishlash kabi yoʻnalishlar kundalik faoliyatning ajralmas qismiga aylanib bormoqda.
Ana shunday ehtiyojlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 19-martdagi 171-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida Institut faoliyatida zamonaviy va amaliy yoʻnalishlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur qaror bilan Institutning asosiy vazifalaridan biri adliya organlari va muassasalari xodimlari, yuridik xizmat, advokatura, notariat, mediatsiya, intellektual mulk, sud ekspertizasi, arxiv ishi, ish yuritish, ijro intizomi, murojaatlar bilan ishlash va boshqa sohalar mutaxassislarini zamonaviy talablar asosida qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish etib belgilangan.
Shu bilan birga, bugungi ehtiyoj faqat an’anaviy yuridik bilimlarni takrorlash bilan cheklanib qolmayapti. Tashkilotlarda ishlayotgan xodimlarga mehnat qonunchiligidagi yangiliklarni bilish bilan bir qatorda, jamoani samarali boshqarish, hujjatlarni zamonaviy talablar asosida tayyorlash, raqamli texnologiyalardan oqilona foydalanish, axborot xavfsizligini ta’minlash, fuqarolar murojaatlari bilan toʻgʻri ishlash va zamonaviy kasbiy koʻnikmalarni rivojlantirish zarur. Shu bois Institut tomonidan jamiyat va davlat manfaatlaridan kelib chiqib, turli toifadagi tinglovchilarga moʻljallangan qisqa muddatli hamda amaliy yoʻnalishdagi oʻquv kurslari ham yoʻlga qoʻyilmoqda.
Mehnat munosabatlari har bir tashkilot uchun dolzarb masala. Institutda tashkilot rahbarlari, HR mutaxassislari, yuristlar, buxgalterlar, mehnatni muhofaza qilish va personalni boshqarish boʻyicha mutaxassislar uchun “HR menejment. Mehnat qonunchiligi va mehnat munosabatlarining oʻziga xos xususiyatlari” kursi tashkil etilgan. Kursda mehnat munosabatlarini huquqiy jihatdan toʻgʻri tashkil etish, ish beruvchi va xodimning huquq hamda majburiyatlari, personalni boshqarish bilan bogʻliq masalalarga amaliy yondashuvga e’tibor qaratiladi.
Mehnat munosabatlarida eng koʻp uchraydigan masalalardan biri bu mehnat shartnomasini bekor qilish bilan bogʻliq nizolardir. Shu sababli “Mehnat shartnomalarini bekor qilishda yuzaga keladigan nizolar va ularni hal etish” kursida ushbu munosabatlarning huquqiy asoslari, nizoli vaziyatlarning oldini olish va ularni qonunchilik asosida hal qilish masalalari atroflicha yoritiladi. “Mehnat intizomi va intizomiy jazo choralari: asoslar va cheklovlar” kursi esa intizomiy javobgarlikni qoʻllashda qonuniylikni ta’minlashga qaratilgan.
Halollik va korrupsiyaga qarshi immunitetni kuchaytirish ham Institutning muhim yoʻnalishlaridan biridir. “Korrupsiyaga qarshi kurashish va manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish” hamda “Halollik vaksinasi” tamoyili asosida korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar toʻqnashuvi va odob-axloq boʻyicha maxsus oʻquv kurslari tashkilotlarning barcha xodimlari uchun moʻljallangan. Mazkur kurslarning asosiy maqsadi xodimlarda korrupsion xavflarni anglash, manfaatlar toʻqnashuvini oʻz vaqtida aniqlash va kasbiy faoliyatda halollik tamoyillariga amal qilish koʻnikmalarini mustahkamlashdan iborat.
Zamonaviy davlat xizmatchisi uchun stressni boshqarish ham kasbiy koʻnikmaning bir qismidir. Shu nuqtayi nazardan, davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining stressga barqarorligini oshirish, shuningdek, “Muloqot psixologiyasi va stress-menejment” kabi kurslar xodimlarning ish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda hujjat bilan ishlash madaniyati ham alohida ahamiyat kasb etmoqda. “Hujjatlarni tayyorlashda zamonaviy yondashuv. Ish yozishmalari va rasmiy hujjatlarni tayyorlash. Qonunchilik texnikasi va yuridik dizayn” qisqa muddatli oʻquv kursi orqali yuridik xizmat xodimlari, devonxona va ish yuritish xodimlari hamda xizmat yozishmalari va rasmiy hujjatlar bilan ishlaydigan mutaxassislarning amaliy koʻnikmalarini rivojlantirish koʻzda tutilgan.
Bunga “Tashkilotda ish yuritish, elektron hujjat aylanishi va ijro nazoratini tashkil etish boʻyicha malakani oshirish” hamda “Tashkilotlarda arxiv ishi va elektron arxivlarni tashkil etish asoslari” kurslari ham bevosita xizmat qiladi. Elektron hujjat aylanishi kengayib borayotgan sharoitda hujjatlarni yaratish, saqlash, nazorat qilish va arxivlashtirish jarayonlarini toʻgʻri tashkil etish har qanday tashkilot faoliyati uchun muhimdir.
Davlat organlari va tashkilotlarining jamoatchilik bilan muloqoti ham yangi kasbiy kompetensiyalarni talab qilmoqda. Shu sababli PR va jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimlari xodimlari, matbuot kotiblari, SMM va ijtimoiy tarmoqlar uchun mas’ul mutaxassislar uchun PR sohasidagi malakani oshirishga qaratilgan maxsus oʻquv kursi yoʻlga qoʻyilgan.
Alohida e’tibor fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilishga bevosita ta’sir qiluvchi yoʻnalishlarga ham qaratilmoqda. Jumladan, davlat organlari va tashkilotlarining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlovchi xodimlari uchun maxsus malaka oshirish kursi tashkil etilgan. Murojaat bilan ishlash faqat arizani qabul qilish yoki unga javob berishdan iborat emas. U murojaatni toʻgʻri tasniflash, vakolatni aniqlash, masalani xolis va qonuniy koʻrib chiqish hamda fuqaroga asoslantirilgan javob berishni talab etadi.
Shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish masalasi esa bugungi kunda eng tez rivojlanayotgan huquqiy yoʻnalishlardan biridir. Tashkilotlar har kuni xodimlar, fuqarolar, mijozlar va boshqa shaxslarning ma’lumotlari bilan ishlaydi. Shu sababli “Tashkilotlar faoliyatida shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish: huquqiy asoslar va amaliy koʻnikmalar” kursida ushbu ma’lumotlar bilan ishlaydigan kadrlar boʻlimi xodimlari, yuristlar, buxgalteriya, moliya va boshqa mutaxassislar uchun amaliy bilimlarni shakllantirishga e’tibor qaratiladi.
Mazkur yoʻnalishdagi kurslarga boʻlgan tinglovchilar qiziqishi tobora ortib borayotgani ham bugungi kun talabining yaqqol ifodasidir. Chunki shaxsga doir ma’lumotlar bilan ishlash deyarli barcha tashkilotlarning kundalik faoliyatiga kirib borgan. Ma’lumotlarni qonuniy yigʻish, saqlash, ulardan foydalanish va uchinchi shaxslarga taqdim etish masalalarida yoʻl qoʻyilgan xatolar nafaqat huquqiy, balki tashkilotning obroʻsiga ham ta’sir qilishi mumkin.
Institutning eng katta qiziqish uygʻotayotgan yoʻnalishlaridan yana biri – sun’iy intellekt va Legal Tech. “Yurist faoliyatida zamonaviy kasbiy koʻnikmalar va sun’iy intellekt” hamda “Legal Tech va sun’iy intellekt” oʻquv kurslari yuristlarning raqamli muhitda ishlash koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan.
Bugun sun’iy intellekt huquqshunosning oʻrnini egallash masalasi emas, balki huquqshunosning kundalik faoliyatini qanday qilib samaraliroq tashkil etish mumkinligi masalasini kun tartibiga olib chiqmoqda. Hujjatlarni tahlil qilish, katta hajmdagi axborotni saralash, huquqiy tadqiqotlarni tezlashtirish, hujjat loyihalarini tayyorlash va boshqa jarayonlarda raqamli vositalardan oqilona foydalanish yurist uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Biroq bunda inson nazorati, maxfiylik, shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish va kasbiy mas’uliyat masalalari ham e’tibordan chetda qolmasligi kerak.
Davlat xaridlari va shartnomaviy munosabatlar boʻyicha kurslar ham amaliy ehtiyojdan kelib chiqib tashkil etilgan. “Davlat xaridlarini tashkil etish mexanizmlari” kursi tashkilot rahbarlari, xarid boʻlimi xodimlari, moliya-iqtisod mutaxassislari va yuristlar uchun moʻljallangan. “Davlat xaridlari va autsorsing: tender huquqi” kursida esa davlat xaridlari va tender jarayonlarining huquqiy jihatlariga alohida e’tibor qaratiladi.
“Shartnomaviy huquqiy munosabatlar. Majburiyatlarni bajarish masalalari” kursi yuridik xizmat xodimlari, shartnomalar boʻlimi mutaxassislari va buxgalteriya xodimlari uchun muhim boʻlgan shartnomalarni tuzish, majburiyatlarni bajarish va ular bilan bogʻliq huquqiy masalalarni amaliy jihatdan oʻrganishga xizmat qiladi.
Kiberjinoyatlar uchun javobgarlik va ulardan himoyalanish masalalari, kriptoaktivlar va ularning huquqiy maqomi, tashkilotda KPI tizimini joriy etish, xizmat doirasida foydalanish uchun moʻljallangan hujjatlar, shaxsga doir ma’lumotlar va grifli axborot bilan ishlash tartibi kabi kurslarning tashkil etilishi esa Institut oʻquv dasturlari zamonaviy mehnat bozori va davlat boshqaruvidagi yangi ehtiyojlar bilan hamohang ravishda shakllantirilayotganini koʻrsatadi.
Shuningdek, mediatsiya yoʻnalishida mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan “Mediatsiyaga tayyorlov” kursi nizolarni sudgacha va suddan tashqari hal etishning zamonaviy mexanizmlarini rivojlantirish nuqtayi nazaridan alohida ahamiyatga ega.
Bugungi kunda mazkur kurslarning har biri shunchaki nazariy bilim berishga emas, balki tinglovchining kundalik kasbiy faoliyatida foydalanishi mumkin boʻlgan amaliy bilim va koʻnikmalarni shakllantirishga qaratilmoqda. Aynan shuning uchun ham Institut oʻquv kurslari turli kasb va lavozim vakillarini qamrab olmoqda: yuristlar, HR mutaxassislari, davlat xizmatchilari, buxgalterlar, rahbarlar, matbuot kotiblari, ish yuritish va arxiv xodimlari, xarid mutaxassislari hamda boshqa soha vakillari.
Eng muhimi, ushbu kurslarga boʻlgan qiziqishning ortib borayotgani jamiyatda uzluksiz kasbiy rivojlanishga boʻlgan ehtiyoj kuchayib borayotganini koʻrsatmoqda. Xususan, shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, sun’iy intellekt va Legal Tech yoʻnalishlaridagi mashgʻulotlarda tinglovchilar sonining tobora ortib borayotgani ushbu mavzularning amaliy ahamiyatini yaqqol namoyon etmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 171-son qarorida belgilangan vazifalar asosida Institut tomonidan yoʻlga qoʻyilayotgan bu kabi oʻquv kurslari bir maqsadga, zamonaviy bilimga ega, qonunchilikni amaliyotda toʻgʻri qoʻllay oladigan, raqamli va kasbiy kompetensiyalari rivojlangan mutaxassislarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti o'qituvchisi
Barcha maqolalarini ko'rishShu kabi maqolalarni har hafta oling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling — yangi qonun o'zgarishlari va amaliy maslahatlarni birinchi bo'lib oling.
Istalgan vaqt chiqib ketishingiz mumkin



