Chet davlatlarda turgan fuqarolarni saylovchilar roʻyxatlariga kiritish tartibi belgilandi

Oʻzbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida saylovchilarning roʻyxati mazkur muassasalar boshliqlari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida tuziladi.

Tuzilgan uchastka saylov komissiyalari chet davlatlarda turgan fuqarolarni saylovchilar roʻyxati bilan tanishish usuli, joyi va vaqti toʻgʻrisida xabardor qiladi.

Chet davlatlarda turgan fuqarolar oʻzlarini saylovchilar roʻyxatiga kiritish toʻgʻrisida saylovdan 15 kun oldin yozma shaklda Oʻzbekistonning diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalariga yoki Tashqi ishlar vazirligining rasmiy veb-sayti orqali elektron shaklda murojaat qilishi mumkin.

Oʻzbekistonning diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari:

➖ chet davlatlarda turgan fuqarolarning ularni saylovchilar roʻyxatiga kiritish toʻgʻrisidagi murojaatida koʻrsatilgan shaxsga doir maʼlumotlarni tekshiradi va fuqaroni saylovchilar roʻyxatiga kiritish haqidagi masalani hal qiladi;

➖ saylovchilar roʻyxatiga kiritilgan fuqarolar haqidagi maʼlumotlarni Tashqi ishlar vazirligiga taqdim etadi.

Tashqi ishlar vazirligi saylovchilar roʻyxatiga kiritilgan fuqarolar haqidagi maʼlumotlarni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markaziga Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatiga tegishli tuzatishlar kiritish uchun taqdim etadi.

Oʻzbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida ovoz berish saylov kuni ushbu saylov uchastkalari joylashgan yerdagi mahalliy vaqt bilan soat 8.00 dan 20.00 gacha oʻtkaziladi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications