Davlat organlari va tashkilotlari xodimlari onlayn ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinadi

“Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Qarorga muvofiq, 2021-yil 1-sentyabrdan davlat organlari va tashkilotlari xodimlari onlayn ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinadi.

2021-yil 1-oktyabrgacha korrupsiya, manfaatlar toʻqnashuvi asosida tuzilgan shartnomalarni haqiqiy emas deb topish, davlat xizmatchilari tomonidan tadbirkorlikda qatnashishi huquqiy oqibatlarini belgilovchi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

2021-yil 1-oktyabrdan barcha davlat organlari va tashkilotlari, viloyat hokimliklarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

2021-yil 1 avgystdan davlat xaridlari sohasidagi tenderlar natijalari ochiq eʼlon qilinadi.

Davlat xaridlarida hamkorlar (kontragentlar)ni tekshirish tartibi ishlab chiqiladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2021-yil 1-dekabrdan har yil yakuni boʻyicha korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholovchi reyting eʼlon qilib boriladi.

2021-yil 1-dekabrgacha daromad va mol-mulk deklaratsiyalari boʻyicha maʼlumotlar bazasi shakllantiriladi.

2021-yil 1-oktyabrgacha davlat mablagʻlari hisobiga qurilish-pudrat shartnomasi uchun oʻtkaziladigan tanlovlar “Shaffof qurilish” tizimi maʼlumot almashinuvini taʼminlagan holda davlat xaridlari boʻyicha maxsus axborot portalida elektron tarzda amalga oshiriladi.

2022-yil 1-yanvargacha avtomobil yoʻllari sohasiga tegishli maʼlumotlarni oʻz ichiga oladigan “SHAFFOF YO‛L” onlayn axborot platformasi ishga tushiriladi.

2022-yil 1-yanvardan boshlab “halollik vaksinasi” tamoyili asosida davlat xizmatchilari muntazam korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha oʻqitiladi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications