Doimiy yashash va vaqtincha boʻlish joylari boʻyicha roʻyxatga olishga doir oʻzgartirishlar kiritildi

Prezidentning “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan, 28.08.2019-yildagi OʻRQ-558-son Qonunga hamda Prezidentning 22.04.2020-yildagi PF-5984-son Farmoniga muvofiq Prezidentning quyidagi hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

1) Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda (Toshkent viloyatidan tashqari) boshqa davlatlardan kelgan va doimiy propiska qilinish huquqiga ega boʻlgan shaxslar – chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar toifalari roʻyxatiga (28.08.2018-yildagi PQ-3924-son qaror bilan tasdiqlangan) quyidagilar kiritildi:

xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar va ularning oila aʼzolari (eri, xotini va voyaga yetmagan farzandlari);
Oʻzbekiston Respublikasi hududida tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatish boʻyicha korxonalar tashkil qilish uchun kamida 3 mln AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritgan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs – xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxona muassisi (ishtirokchisi) hamda ularning oila aʼzolari (eri, xotini va voyaga yetmagan farzandlari);
“Faxriy fuqaro” maqomi berilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, shuningdek ularning oila aʼzolari (eri, xotini va voyaga yetmagan farzandlari).

2) Oʻzbekiston Respublikasi pasport tizimi toʻgʻrisidagi nizom hamda Fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning biometrik yoʻl hujjatlari toʻgʻrisidagi nizom (5.01.2011-yildagi PF-4262-son Farmon bilan tasdiqlangan) II1 boʻlim bilan toʻldirildi, unda sud ajrimi bilan amal qilishi toʻxtatib turilgan pasport (yoʻl hujjati) oʻrniga yangi pasport (yoʻl hujjati) berish tartibi keltirilgan.

Qidiruvda boʻlgan ayblanuvchi yoki sudlanuvchi respublika hududida ushlangan taqdirda sud ajrimi bilan amal qilishi toʻxtatib turilgan pasport (yoʻl hujjati) ichki ishlar organlari yoki chegara nazorati boʻlinmalari tomonidan maʼlumotlarni yigʻish punktiga yoʻq qilish uchun joʻnatish maqsadida olib qoʻyiladi. Ayblanuvchiga (sudlanuvchiga) pasporti olib qoʻyilganligi haqida dalolatnoma beriladi.

Sud ajrimi bilan pasportining (yoʻl hujjatining) amal qilish muddati toʻxtatib turilgan ayblanuvchiga yoki sudlanuvchiga yangi pasport (yoʻl hujjati) maʼlumotlari yigʻish punkti tomonidan pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilmagan holda, zarur hujjatlar taqdim etilgan kundan boshlab 10 kun ichida beriladi.

Tergov hibsxonalari yoki vaqtinchalik saqlash hibsxonalarida saqlanayotgan shaxsga yangi pasport (yoʻl hujjati) rasmiylashtirish ushbu shaxslar saqlanayotgan joyga borgan holda amalga oshiriladi.

3) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (26.12.2018-yildagi PQ-4079-son qaror bilan tasdiqlangan) tuzatishlar kiritildi. Fuqaroga xorijda doimiy yashash uchun chiqishiga ruxsat berilganligi toʻgʻrisida va hamrohlik qiluvchi shaxslar toʻgʻrisida (voyaga yetmagan fuqarolar uchun) pasportga kiritiladigan shtamplar namunalari, ogohlantirish xati namunasi tasdiqlandi. Sud ajrimi bilan amal qilishi toʻxtatib turilgan biometrik pasport yoki xorijga chiqish biometrik pasportini olib qoʻyish va respublikaga qaytish uchun guvohnoma berish tartibi belgilandi. Ushbu norma doimiy yoki vaqtincha konsullik roʻyxatida turgan shaxslarga tatbiq etiladi.

Shuningdek doimiy yashash joyi va vaqtinchalik boʻlish joyi boʻyicha roʻyxatga olishga doir Prezidentning boshqa hujjatlariga ham oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 27.01.2021-yildan kuchga kirdi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications