Huquqbuzarlikni bartaraf etish bo‘yicha ixtiyoriy muddat berilishi o‘zgalar huquqlarini buzilishiga olib kelishi mumkin

Intellektual mulk huquqi

Sanjarbek Tursunov

Adliya vazirligi Intellektual mulkni huquqiy himoya qilish boshqarmasi bosh maslahatchisi

Ma’lumki kontrafakt mahsulotlar ya’ni intellektual mulk huquqlari buzib, asl mahsulotlarga aynan o‘xshash qilib yoki iste’molchilarni adashtirish darajasida o‘xshash tarzda tayyorlangan mahsulotlarning bir nechta zararli jihatlari mavjud.

Jumladan, ushbu turdagi mahsulotlar asl belgi egasiga moddiy zarar yetkazishi, ya’ni uning bozordagi mahsulot aylanmasi hajmiga va bu orqali mahsulot orqali tadbirkorga kelib tushadigan foydaga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Bundan tashqari kontrafakt mahsulotlar original ishlab chiqaruvchining reputatsiyaga salbiy ta’sir ko’rsatib, iste’molchilarning kontrafakt mahsulotga chalg‘ishi natijasida sodiq mijozlarning yo‘qotilishiga olib keladi.

O‘z navbatida ushbu turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish va fuqarolik muomalasiga kiritish qonunbuzarlik hisoblanib, yuqorida sanab o‘tilgan holatlarni inobatga olgan holda huquqbuzarlikka nisbatan darhol chora ko‘rish zaruriyatini taqozo etadi.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq o‘zganing tovar belgisidan yoki adashtirib yuborish darajasida ular bilan o‘xshash bo‘lgan belgilardan shu turdagi tovarlarga (xizmatlarga) nisbatan qonunga xilof ravishda foydalanish Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177-moddasiga asosan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaga ko‘ra, huquqbuzarlik ashyolari musodara qilinib, huquqbuzarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

Huddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Vaholanki, MJtKning 271-moddasi 11-bandida ushbu kodeksning
177-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etgan tadbirkorlik subyektining mansabdor shaxslari yoki xodimlari yoxud tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar yo‘l qo‘yilgan buzilishlarni huquqbuzarlik aniqlangan paytdan e’tiboran o‘ttiz kunlik muddatda ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan va (yoki) yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplagan bo‘lsa ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni boshlash mumkin emas, boshlangan ish esa tugatilishi lozimligi belgilangan.

Masalaning e’tiborli jihati shundaki amaliyotda sudlar tomonidan kontrafakt mahsulotlarni ishlab chiqargan shaxslarga nisabatan ma’muriy ishlar aynan MJtKning 271-moddasi bilan tugatilmoqda.

Asosiy vaj sifatida esa huquqbuzarga ushbu moddada belgilangan muddat taqdim etilmaganligi ko‘rsatilmoqda.

Bundan kelib chiqadiki, agar ma’lum bir shaxsning kontrafakt mahsulotlar ishlab chiqarayotganligi yoki ushbu turdagi mahsulotlarni fuqarolik muomalasiga kiritayotganligi aniqlansa, ushbu shaxsga huquqbuzarlikni bartaraf etish bo‘yicha
30 kun muddat berilishi lozim.

Biroq amaliyotda, huquqbuzar tomonidan ishlab chiqarilib, savdoga chiqarishga tayyorlab qo‘yilgan kontrafakt mahsulotlarni bozorga chiqarib yuborilmasligini nazorat qilish imkonsiz.

Ushbu jihatdan kelib chiqqan holda, huquqbuzarlik sodir etgan subyektlarga 30 kunlik muddat berilishi (MJtKning 271-moddasi talablaridan kelib chiqqan holda) bozorga kontrafakt mahsulotlarni tarqalib ketishiga, bu orqali ushbu mahsulotlar iste’molchilarga yetib borishiga olib kelishi mumkin.

Yuqorida ta’kidlanganidek, MJtKning 177-moddasida huquqbuzarlik ashyolari musodara qilinishi ham belgilab qo‘yilgan. Biroq, huquqbuzar tadbirkorga qo‘shimcha muddat berilishi tabiiyki ushbu talabning ham bajarilmasligiga olib keladi. Sabab esa oddiy, yuqorida zikr etilganidek, kontrafakt mahsulotlarning iste’molga chiqarib yuborilishini nazorat qilib bo‘lmaydi.

Xo‘sh ushbu holatga yechim qanday?

Yechim – oddiy! MJtKning 271-moddasi 11-bandidan aynan 177-moddani chiqarib tashlash lozim. Shundagina, huquqbuzarlik holatiga tez va samarali ta’sir choralari qo‘llaniladi hamda holat bartaraf etiladi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, tadbirkorlik subyektlari huquqlarini himoya qilish va ularning faoliyatiga har tomonlama ko‘maklashish davlat iqtisodiyotining rivojlanishida eng muhim omillardan biri. Ammo, hech bir o‘rinda bir tadbirkorning huquqlarini himoya qilish ortida boshqa tadbirkorga zarar yetkazilmasligi lozim.

Zeroki, nohalol tadbirkorlik subyektlari tomonidan kontrafakt mahsulotlarning ishlab chiqarilishi va savdoga taklif etilishi nafaqat o‘z brendini rivojlantirishga qanchadan qancha harakat va mablag‘ sarflagan halol tadbirkorning huquqlari buzilishiga, balki iste’molchilik huquqlarining ham buzilishiga sabab bo‘ladi.

Islombek Abdixakimov