Hammaga ma’lum tovar belgisi. Ro‘yxatdan o‘tkazish va afzalliklar

Sanjarbek Tursunov

Adliya vazirligi Intellektual mulkni huquqiy himoya qilish boshqarmasi bosh maslahatchisi

Hammaga ma’lum tovar belgisi – bu ma’lum bir mamlakat yoki mintaqada iste’molchilar orasida yuqori e’tirof va obro’ qozongan belgi. Ushbu tovar belgilari odatda yuqori sifatli mahsulot yoki xizmatlar bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, ko’pincha iste’molchilar ishonchi sifatida namoyon bo‘ladi. Hammaga ma’lum tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish huquq egasiga qo‘shimcha himoya va imtiyozlar beradi, bu esa uni barcha hajmdagi tadbirkorlik subyektlariga uchun qimmatli aktivga aylantiradi.

Bunday tovar belgilari xususida so‘z yuritar ekanmiz, avvalo, ularning O‘zbekiston Respublikasidagi amaldagi qonunchilikka muvofiq muhofaza hamda himoya qilinishiga e’tibor qaratish lozim.

O‘zbekiston Respublikasining 2001-yil 30-avgustdagi “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi Qonunining 321-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi hududida ro‘yxatdan o‘tkazish asosida muhofaza qilinadigan tovar belgisi, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi hududida ro‘yxatdan o‘tkazilmay ham muhofaza qilinadigan tovar belgisi, shuningdek tovar belgisi sifatida foydalaniladigan, lekin O‘zbekiston Respublikasi hududida huquqiy muhofazaga ega bo‘lmagan belgi yuridik yoki jismoniy shaxsning arizasiga binoan, agar bunday tovar belgilaridan yoki belgidan muttasil foydalanilishi natijasida ular arizada ko‘rsatilgan sanadagi holatga ko‘ra mazkur shaxsning tovarlari xususida O‘zbekiston Respublikasida tegishli iste’molchilar orasida keng ma’lum bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasida hammaga ma’lum tovar belgisi deb e’tirof etilishi mumkin.

Shuningdek, hammaga ma’lum tovar belgisini huquqiy muhofaza qilish ushbu Qonunning 322-moddasida belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra hammaga ma’lum tovar belgisiga qonunchilikda belgilangan tartibda Adliya vazirligi Apellatsiya kengashining qarori asosida huquqiy muhofaza beriladi.

Hammaga ma’lum tovar belgisiga taalluqli bo‘lgan ma’lumotlar ular Hammaga ma’lum tovar belgilari ro‘yxatiga kiritilganidan keyin Vazirlikning o‘z rasmiy veb-saytida ham joylashtiriladigan rasmiy axborotnomasida e’lon qilinadi.

O‘z navbatida hammaga ma’lum tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazishning bir nechta o’ziga xosliklari va albatta afzalliklari mavjud.

Muddatsiz himoya:

Ma’lumki, amaldagi qonunchilikka ko‘ra tovar belgisiga doir guvohnoma yoki tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi to‘g‘risidagi guvohnoma talabnoma berilgan sanadan e’tiboran o‘n yil mobaynida amal qiladi.

Shuningdek, tovar belgisiga doir guvohnomaning yoki tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilish muddati guvohnoma amal qilayotgan oxirgi yil mobaynida uning egasi tomonidan berilgan arizaga binoan har safar o‘n yilga uzaytirilishi mumkin.

Ta’diklash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi Qonunining 322-moddasiga asosan, hammaga ma’lum tovar belgisining huquqiy muhofazasi muddatsiz amal qiladi. Ya’ni, ushbu turdagi tovar belgilarini bir marta ro‘yxatdan o‘tkazish uning muddatsiz huquqiy muhofaza qilinishiga asos bo‘lib xizmat qiladi.

Raqobatda ustunlik: Hammaga ma’lum tovar belgisiga ega bo‘lish bozorda ustunlikni ham ta’minlaydi. Taniqli tovar belgisi raqobatchilarning bozorga kirishini qiyinlashtiradi hamda raqobatchilardan ajralib turishiga va bozorda alohida o‘ringa ega bo‘lishiga yordam beradi.

Shu o‘rinda o‘rinli savol tug‘uladi. Belgini hammaga ma’lum ekanligi qanday isbotlanadi? Ya’ni Apellatsiya kengashiga qanday hujjatlarni taqdim etish lozim?

Adliya vazirligidan 3190-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Apellatsiya kengashiga apellatsiyalar va O‘zbekiston Respublikasida hammaga ma’lum tovar belgilari deb e’tirof etish to‘g‘risidagi arizalarni berish va ularni ko‘rib chiqish qoidalarining 7-bandiga asosan hammaga ma’lum tovar belgisi sifatida e’tirof etish haqidagi ariza va unga ilova qilinadigan materiallar tovar belgisining hammaga ma’lum tovar belgisi deb e’tirof etilganligini tasdiqlaydigan aniq ma’lumotlardan iborat bo‘lishi kerak.

Quyidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan hujjatlar shunday materiallar sifatida taqdim etilishi mumkin:

tovar belgisidan O‘zbekiston Respublikasi hududida keng foydalanilgani haqida;

tovar belgisidan foydalanilgan holda tovarlar realizatsiya qilingan aholi punktlarining ro‘yxati;

ushbu tovarlar realizatsiyasining hajmi haqida;

yarmarka va ko‘rgazmalarda tovar belgisidan foydalanilgan mahsulotlar va/yoki xizmatlar reklamasi va taqdimotini ham hisobga olgan holda, tovar belgisidan foydalanish usuli haqida;

tovar iste’molchilarining o‘rtacha yillik soni haqida;

tovar belgisi mashhur bo‘lgan mamlakatlar haqida.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications