![MChJ faoliyatida ishtirok etmayotgan ta`sischini jamiyat ta`sischilari ro`yxatidan chiqarsa bo`ladimi?](https://civil.uz/wp-content/uploads/2025/01/civilpost-1200x630-2022-08-03t165112.995-1.jpg)
MChJ faoliyatida ishtirok etmayotgan ta`sischini jamiyat ta`sischilari ro`yxatidan chiqarsa bo`ladimi?
Bundan bir necha yillar ilgari bir necha kishi hamkorlikda mas`uliyati cheklangan jamiyati tuzgan edik. MChJ ayni paytda, turli sohalarda faoliyat yuritib, o`zining faoliyatini kengaytirib kelmoqda. Ta`sischilarimizdan biri ancha vaqtdan beri jamiyatning biror faoliyatida ishtirok etmaydi, umumiy yig`ilishlarda ham qatnashmaydi. Jamiyat nizomi va ta`sis shartnomasida jamiyatga oid barcha masalalar ta`sischilarning 100 foizlik ovozi bilan hal qilinishi ko`zda tutilgan. Ushbu vaziyatda, qanday yo`l tutish mumkin? Faoliyatda ishtirok etmayotgan ta`sischini jamiyat ta`sischilari ro`yxatidan chiqarish mumkinmi?
O`zbekiston Respublikasi “Mas`uliyati cheklangan hamda qo`shimcha mas`uliyatli jamiyatlar to`g`risida”gi Qonunining 8-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq, jami ulushlari jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) kamida o`n foizini tashkil etadigan jamiyat ishtirokchilari o`z majburiyatlarini qo`pol buzayotgan, yoxud o`z harakatlari (harakatsizligi) bilan jamiyatning faoliyat ko`rsatishiga imkon bermayotgan yoki uni jiddiy tarzda qiyinlashtirayotgan ishtirokchini jamiyatdan sud tartibida chiqarilishini talab qilishga haqlidirlar.
O`zbekiston Respublikasi Oliy xo`jalik sudi Plenumining 2014 yil 20 iyundagi “Iqtisodiy sudlar tomonidan korporativ nizolarni hal etishning ayrim masalalari to`g`risida”gi 262-sonli qarorining 19-bandida jami ulushlari jamiyat ustav fondi (ustav kapitali)ning kamida o`n foizini tashkil etadigan bitta ishtirokchi ham, jami ulushlari jamiyat ustav fondi (ustav kapitali)ning kamida o`n foizini tashkil etadigan bir nechta ishtirokchi ham bunday talab bilan sudga murojaat qilishi mumkinligi, sudlar ushbu toifadagi ishlarni ko`rishda javobgar o`z majburiyatlarini qo`pol buzayotganligi, harakatlari (harakatsizligi) bilan jamiyatning faoliyat ko`rsatishiga imkon bermayotganligi yoki uni jiddiy tarzda qiyinlashtirayotganligi holatlari mavjudligini aniqlashlari lozimligi ko`rsatilgan.
Ushbu vaziyatda, siz jamiyat faoliyatida ishtirok etmayotgan ta`sischini jamiyat ishtirokchilari tarkibidan chiqarish to`g`risidagi da`vo arizasi bilan iqtisodiy sudga murojaat qilishingiz mumkin.