Milliy gvardiya xodimlarining xizmat oʻtash tartibi belgilandi

Aprel 24, 2021 kuni chop etildi, muallif:

“Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasida xodimlar tomonidan xizmatni oʻtash tartibini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, Milliy gvardiya xodimlari:

Milliy gvardiya tizimidagi taʼlim muassasalari va boshqa muassasalarning kunduzgi va sirtqi taʼlim shaklida tayyorlanadi;

Milliy gvardiya oʻquv markazlarida belgilangan tartibda maxsus kasbiy (boshlangʻich) tayyorgarlikdan oʻtkaziladi.

Shuningdek, Milliy gvardiya qoʻmondoni tavsiyasi asosida oliy noyuridik maʼlumotga ega boʻlgan xodimlar egallab turgan lavozimi va pul taʼminoti saqlab qolingan holda Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filialida qayta tayyorlanadi.

Qarorga koʻra, pensiya olish huquqini beradigan xizmat muddati 20 yilni tashkil etadi, imtiyozli hisoblanadigan davr xodimlarga pensiya miqdori hisoblanayotgan vaqtdagina inobatga olinadi.

Milliy gvardiya xodimlarining farzandlari davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga yashash yoki xizmatni oʻtash joyi boʻyicha qabul qilinadi.

Shuningdek, Milliy gvardiyaning xizmat intizomi va benuqson uzluksiz xizmati uchun tashabbuskor va vijdonli xodimlarni taqdirlash maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining fidoyi xodimi” idoraviy koʻkrak nishoni taʼsis etildi.

Qaror bilan Milliy gvardiya xodimlarining xizmat oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga koʻra, xizmatga ixtiyoriy ravishda yoshi 18 dan kichik va 30 dan katta boʻlmagan, shu jumladan 30 yoshda Qoʻriqlash bosh boshqarmasi harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalarining tegishli kasbiy tayyorgarlikka ega, tayyorgarlik mashgʻulotlari va tanlov bosqichlaridan oʻtgan ishchi va xizmatchilari orasidan (bundan tor doiradagi mutaxassislikka ega boʻlgan nomzodlar mustasno) tanlab olish orqali Oʻzbekiston fuqarolari qabul qilinadi.

Nomzod doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan joyidagi Milliy gvardiya boʻlinmalariga tegishli hujjatlarni taqdim etadi.