Oʻsimliklar karantini sohasida monitoring yuritish tartibi belgilandi

Hukumat qarori bilan Oʻsimliklar karantini sohasida monitoring yuritish va fitosanitar dala nazoratini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga koʻra, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi (Inspeksiya) oʻsimliklar karantini obyektlarini aniqlash, kuzatish, tahlil qilish va ularning tarqalishini prognoz qilishning yagona tizimini yuritadi va unga rahbarlik qilishda vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Mazkur sohada monitoring Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyalari (hududiy inspeksiyalar) tomonidan muntazam yuritiladi.

Hududiy inspeksiyalar har chorakda monitoring natijalari asosida Inspeksiya tomonidan tasdiqlanadigan choraklik rejalar tuzadi.

Shunga koʻra, oʻsimliklar karantini davlat inspektori Oʻzbekiston uchun oʻsimliklar karantini obyektlari va boshqa zararli organizmlarni dala nazoratida aniqlaydi.

Fitosanitar dala nazorati amalga oshirilgandan keyin bir kun ichida natijalar boʻyicha dalolatnoma tuziladi va amalga oshirilishi zarur boʻlgan tadbirlar belgilanadi.

Qarorga koʻra, 2021-yil 1-martga qadar Oʻzbekiston hududiga qaytarib olib kirilgan (reimport) karantin ostidagi mahsulotlar fitosanitariya sertifikati asosida karantin tekshiruvidan oʻtkaziladi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications