“Oʻzbekkino” Milliy agentligi nomi oʻzgardi

Joriy yilning 7-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kino sanʼati va sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.
Mazkur farmon bilan “Oʻzbekkino” Milliy agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi etib qayta nomlanadi.

Agentlikning yangi nomi tashkilot oldida turgan asosiy vazifalarni taʼkidlab oʻtadi. Bu nafaqat kino sanʼatini yana-da rivojlantirish, balki mamlakat qudratli kinosanoatini iqtisodiyotining tarmoqlaridan biri sifatida yaratishni targʻib qilishdir.

Farmonga asosan agentlik zimmasiga milliy kinematografiyani rivojlantirishga yoʻnaltirilgan islohotlarni muntazam ravishda davom ettirish, ushbu sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, zamonaviy va yuqori texnologik moddiy-texnik bazaga ega infratuzilmani yaratish, jahon tajribasi asosida filmlarni ishlab chiqarishning samarali mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, respublikada kinoindustriyaning zamonaviy infratuzilmasini yaratish va filmlarni tarqatish tizimini rivojlantirish kabi vazifalar yuklatilgan.

Kinoteatrlar tarmogʻini kengaytirish, xalqaro kinofestivallarni tashkil etish, kinoijodkorlarni ragʻbatlantirish va ularga bir qator imtiyozlar berish, kinematografiya sohasi boʻyicha taʼlim sifatini oshirish va boshqa koʻp narsalar rejalashtirilgan.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications