O’rxon Kamol “Dengizga otilgan ayol” asari haqida

O’rxon Kamolning “Dengizga otilgan ayol” asariga sharh

“Mening Allohdan boshqa hech kimim yo’q. Xafa qilmassiz axir, meni!”
Kitobdan.

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuh! Kitobni yopib anchagacha o’zimga kela olmadim. Hayotda bunday insonlar bo’lmasligiga ishonishni juda xohlardim, ammo hayotda bundan ming chandon tubanroq insonlar bor. Nahotki insonlar shu darajada tuban, pastkash va razil bo’lsalar?! Kitobning nomi kitobxonni o’ziga jalb etmay qo’ymaydi. Bir lahzada o’qiladigan kuchli asar.

Men mehr-shafqatni qo’zg’atadigan zaif va barchani o’ziday sodda ko’radigan Nozanga yeg’laymi yoki farzandi va kelininig hayotini barbod qilgan Hojarxonimdan, pastkash va riyokor Nojardan nafratlanaymi!? Qanday qilib Mazhar o’zi besh qo’lday bilgan, itoatkor va yuvosh ayoldan osonlikcha voz kecha oldi!? Nega o’zi bilan ochiqchasiga gaplashmadi? Shu kabi savollar kitobxonni o’ylantiradi.
Shunday uzoqni o’ylamay qaror qabul qilgan eri sabab Nozanning hayoti barbod bo’ldi. “Yaxshiga kun yo’q, Yomonga o’lim yo’q.” deganlari shu bo’lsa kerak-da. Ohh Nozanga juda achindim. Uning aybi nima edi?! Soddaligimi yoki yetimligimi? O’zim uchun ko’p xulosalar chiqardim. Hech bir yomonlik yo’q bo’lib ketmasligini oxir-oqibat bari bir egasiga qaytib kelishini tushundim. Ha buni qaytar dunyo deydilar. Bir so’z bilan aytganda hayot haqida roman. Shunchaki o’qish emas, his qilish kerak bu azob-uqubatlarni.

Shu o’rinda Dostoyevskiyning “O’qing va o’rganing. Jiddiy kitoblarni o’qing. Qolganini hayotning o’zi tushuntirib beradi” degan gaplari bilan tugatmoqchiman. O’qing azizlar, hayot, sevgi, or-nomus, mehr, tubanlik, yaxshilik va yomonlik haqidagi kuchli asar.

 

Shahnoza Xamdamova

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent Davlat O’zbek tili va Adabiyoti universitetining O’zbek-ingliz tarjima nazariyasi va amiliyoti fakulteti 3-kurs talabasi

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications