Qasddan odam o‘ldirish uchun javobgarlik qanday?

O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi

97-modda. Qasddan odam o‘ldirish

Qasddan odam o‘ldirish —

o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish, ya’ni:

a) ikki yoki undan ortiq shaxsni;

b) homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolni;

v) aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni;

g) o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsni yoki uning yaqin qarindoshlarini;

d) boshqa shaxslarning hayoti uchun xavfli bo‘lgan usulda;

e) ommaviy tartibsizliklar jarayonida;

j) o‘ta shafqatsizlik bilan;

z) nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish bilan bog‘liq holda;

i) tamagirlik niyatida;

k) milliy yoki irqiy adovat zamirida;

l) bezorilik oqibatida;

m) diniy taassublar zamirida;

n) kishi a’zolarini kesib olib, boshqa kishiga ko‘chirish (transplantat) yoki murdaning qismlaridan foydalanish maqsadida;

o) boshqa biror jinoyatni yashirish yoki uning sodir etilishini osonlashtirish maqsadida;

p) bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh a’zosi tomonidan yoxud o‘sha guruh manfaatlarini ko‘zlagan holda;

r) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;

s) o‘ta xavfli retsidivist tomonidan qasddan odam o‘ldirilishi —

o‘n besh yildan yigirma besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolanadi.

1. Huquqqa xilof ravishda, qasddan boshqa kishini hayotdan mahrum qilish odam o‘ldirish, deb e’tirof etiladi.

2. Sudlar qasddan odam o‘ldirishga oid ishlarni ko‘rayotganda, ish holatlarini sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirish lozimligi to‘g‘risidagi qonun talablariga qat’iy amal qilishlari shart.
Ishning to‘g‘ri hal etilishi uchun muhim hisoblansa-da, biroq olib borilgan tergov bir yoqlama va to‘liq bo‘lmaganligi natijasida odam o‘ldirish jinoyatining barcha holatlari aniqlanmagan taqdirda, shuningdek, bu kamchilikni sud majlisida bartaraf etishning iloji bo‘lmagan hollarda ish qo‘shimcha tergovga qaytarilishi kerak.

3. Qasddan odam o‘ldirish jinoyatining obyekti o‘zga shaxsning hayoti hisoblanadi. Jinoyat qonuni barcha odamlarning hayotini bir xilda himoya qiladi. Shuning uchun yoshni ham, keksani ham, sog‘lom odamni ham, bemorni ham hayotdan huquqqa xilof ravishda mahrum etish odam o‘ldirish, deb e’tirof etiladi. O‘zbekiston Respublikasida evtanaziya taqiqlanadi.
Inson hayotining boshlanish va tugallanish vaqtini to‘g‘ri belgilash inson hayoti va sog‘lig‘iga qarshi jinoyatlarni kvalifikasiya qilish va mazkur jinoyatlarni odam o‘lishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan boshqa jinoyat tarkiblaridan farqlash masalalarini to‘g‘ri hal etish uchun birinchi darajali ahamiyat kasb etadi.

Inson hayotining boshlanishi tug‘ish vaqtida ona qornidan chaqaloq tana a’zosining bir qismi chiqishi bilan boshlanadi.
Homilador ayolning roziligi bilan homila to‘la shakllanmay turib, uning sun’iy ravishda tushirilishi odam o‘ldirish, deb hisoblanmasligi kerak. Bunday qilmish Jinoyat kodeksining 114-moddasiga asosan homiladorlik muddatidan qat’i nazar, jinoiy ravishda homilani tushirish, deb kvalifikasiya qilinishi lozim.
4. Qasddan odam o‘ldirish jinoyatining obyektiv tomoni o‘zga shaxsni huquqqa xilof ravishda hayotdan mahrum qilishdan iborat. Agar boshqa shaxsni hayotidan mahrum qilish qonunga xilof bo‘lmasa, u odam o‘ldirish, deb hisoblanishi mumkin emas (masalan, zaruriy mudofaa holatida (JKning 37-moddasi), oxirgi zarurat holatida (JKning 38-moddasi), ijtimoiy
xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida (JKning 39-moddasi) boshqa shaxsni hayotidan mahrum qilish va h.k.).

Odam o‘ldirish faol harakatlar bilan ham, harakatsizlik orqali ham sodir etilishi mumkin. Odam o‘ldirish usuli jinoyatni kvalifikasiya qilishga ta’sir ko‘rsatmaydi.
Odam o‘ldirish moddiy tarkibli jinoyat hisoblanadi. U miyaning tuzalmas halokati, ya’ni jismoniy o‘limning yuzaga kelishi bilan ifodalanuvchi biologik o‘lim boshlangan paytdan e’tiboran tugallangan hisoblanadi.

Qasddan odam o‘ldirish jinoyati ob’yektiv tomonining zaruriy belgisi aybdorning sodir etgan qilmishi (harakati yoki harakatsizligi) bilan jabrlanuvchining o‘limi o‘rtasida sababiy bog‘lanish mavjudligi hisoblanadi.
Sodir etilgan qilmish bilan jinoiy natija sifatidagi o‘lim o‘rtasida sababiy bog‘lanishning yo‘qligi qasddan odam o‘ldirganlik uchun jinoiy javobgarlikni butunlay istisno etadi, ammo mazkur qilmish jabrlanuvchining sog‘lig‘iga turli darajadagi shikast yetkazganlik uchun javobgarlikni belgilovchi moddalardan biri bo‘yicha kvalifikasiya qilinishi mumkin.
5. Qasddan odam o‘ldirish jinoyatining sub’yektiv tomoni aybning qasd shakli bilan tavsiflanadi. Qasddan odam o‘ldirish jinoyati ham to‘g‘ri, ham egri qasd bilan sodir etilishi mumkin. Qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir etayotganda aybdor jabrlanuvchini hayotdan mahrum etish qasdi bilan harakat qiladi, qilmishning ijtimoiy xavfli oqibatlariga ko‘zi yetadi,
o‘lim yuz berishini istaydi (to‘g‘ri qasd) yoki bunga ongli ravishda yo‘l qo‘yib beradi (egri qasd).

Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish faqat to‘g‘ri qasd bilan sodir etilishi mumkin, chunki bunda aybdor o‘z qilmishining ijtimoiy xavfli xususiyatini anglagan, jabrlanuvchining o‘limiga ko‘zi yetgan va uning o‘limini istagan bo‘ladi, biroq o‘lim aybdorga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra (jabrlanuvchining faol qarshiligi, boshqa shaxslarning aralashuvi, jabrlanuvchiga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilganligi va h.k. tufayli) yuz bermaydi. Shu sababli aybdorning jabrlanuvchini hayotdan mahrum etish niyatida harakat qilgan-qilmaganligini, o‘lim yuz berishini istagan-istamaganligini va qanday holatlar istalgan natija yuz berishiga to‘sqinlik qilganligini aniqlash zarur.

6. Odam o‘ldirishni sodir etishda aybdor shaxsning qasdini to‘g‘ri aniqlash, qasddan odam o‘ldirishni jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazishdan (JKning 104-moddasi 3-qismi, «d» bandi) ajratish, shuningdek, qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish bilan jabrlanuvchi sog‘lig‘iga turli darajadagi shikast yetkazganlik holatlarini farqlash
uchun ayblanuvchi qasdining yo‘nalishini, uning o‘z harakatlari oqibatiga, ya’ni jabrlanuvchining o‘limiga sub’yektiv munosabatini hisobga olish zarur.
Aybdor qasddan odam o‘ldirishda o‘limning yuzaga kelishiga to‘g‘ri qasd bilan harakat qiladi, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish natijasida jabrlanuvchining o‘limi kelib chiqqanda esa, o‘limga nisbatan ayb ehtiyotsizlik shaklida namoyon bo‘ladi.
7. Aybdorning qasdi nimaga qaratilganligi to‘g‘risidagi masalani hal etishda qilmishning barcha holatlari majmuidan kelib chiqilishi, xususan, jinoyatni sodir etish usuli va quroli, tan jarohatlari soni, xususiyati va o‘rni (masalan, odam hayoti uchun muhim a’zolarning jarohatlanganligi), jinoiy harakatlar to‘xtashi sabablari, shuningdek, aybdor va jabrlanuvchining jinoyat sodir etilgunga qadar bo‘lgan fe’l-atvori, o‘zaro munosabatlari, aybdorning jinoyat sodir etilgandan keyingi harakatlari xususiyati e’tiborga olinishi lozim.

Sanab o‘tilgan holatlarni ularning majmuida hisobga olish aybdor shaxsning qasdi odam o‘ldirishga yo‘naltirilganligini aniqlashga yordam beradi.
8. JKning 97-moddasi 1-qismida javobgarlik belgilangan qasddan odam o‘ldirishning sub’yekti 14 yoshga to‘lgan aqli raso jismoniy shaxsdir, JKning 97-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatning subyekti 13 yoshga to‘lgan aqli raso jismoniy shaxsdir.

Odam o‘ldirish bo‘yicha jinoyat ishlari ko‘rilganida aybdor shaxsini, uning shaxsiga oid xususiyatlarini va jabrlanuvchining xulq-atvorini chuqur o‘rganish zarurdir. Oliy sud Plenumi ta’kidlashicha, qasddan odam o‘ldirish uchun jazo tayinlashda ushbu jinoyat sodir etilishidagi barcha holatlar:
qasd turi, qotillik sabablari, maqsadi, usuli, jinoyat sodir etilgan vaziyat va jinoyat bosqichi, shuningdek, aybdorning shaxsi, uning o‘z qilmishiga munosabati, jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlar e’tiborga olinishi zarur. Ayni paytda jabrlanuvchining shaxsiga oid ma’lumotlar, uning sudlanuvchi bilan o‘zaro munosabatlari, shuningdek, qotillik sodir
etilmasdan oldingi xulq-atvori o‘rganilishi lozim.

Ayblanuvchining (sudlanuvchining) ruhiy jihatdan sog‘lomligiga shubha tug‘ilgan taqdirda, ambulatoriya yoki stasionar sharoitida sud-psixiatriya ekspertizasi o‘tkazilishi kerak. Aybdor tomonidan JK 97-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar sodir etilgan hollarda sud-psixiatriya ekspertizasi stasionar sharoitda o‘tkazilishi shart.

9. Jinoyatni sodir etishda bir necha shaxs ishtirok etgan bo‘lsa, birgalikda odam o‘ldirishga qaratilgan yagona qasd bilan harakat qilgan va jabrlanuvchini hayotdan mahrum etish jarayonida bevosita ishtirok etgan shaxsgina jinoyatning ishtirokchisi, deb topilishi lozim. Agar o‘lim bir kishining harakati natijasida ro‘y bergan bo‘lsa, ishtirokchilik belgilari bo‘lmagan hollarda qolgan kishilar odam o‘ldirganlik uchun javobgar bo‘lmaydilar. Umuman olganda, bir necha shaxs javobgarlikka tortilgan qasddan odam o‘ldirish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqish chog‘ida har bir
sudlanuvchining jinoyat sodir etishdagi ishtiroki darajasini o‘rganish lozim.

Qasddan odam o‘ldirish ishtirokchilikda sodir etilganda, Jinoyatning sub’yektini tavsiflovchi kvalifikasiya belgilari (qotillik o‘ta xavfli residivist yoki ilgari ham qasddan odam o‘ldirgan shaxs tomonidan sodir etilganligi) faqat ushbu belgilar bevosita taalluqli bo‘lgan ishtirokchilarning harakatlarini kvalifikasiya qilishda e’tiborga olinishi lozim.
10. Jinoyatni JKning 97-moddasi 1-qismi bilan kvalifikasiya qilish istisno qilish usuli bilan amalga oshiriladi. Ishda, ya’ni sodir etilgan qilmishda JKning 97-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan odam o‘ldirganlik uchun javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlarning mavjudligi va JKning 98–102-moddalaridagi yengillashtiruvchi holatlarning borligi aniqlanadi.
Agarda yuqorida aytilgan holatlar bo‘lmasa, aybdorning qilmishi JKning 97-moddasi 1-qismi bilan kvalifikasiya qilinadi.
11. O‘ch olish maqsadida, rashk tufayli, tuzalmaydigan kasalni azobdan qutqarish maqsadida jabrlanuvchining iltimosiga ko‘ra (passiv yoki aktiv evtanaziya), mushtlashish vaqtida o‘ldirish, bezorilik belgilari bo‘lmasa, hasad, qo‘rqoqlik va hokazo tufayli sodir etilgan odam o‘ldirish JKning 97-moddasi 1-qismi bilan kvalifikasiya qilinadi.
12. O‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsni yoki uning yaqin qarindoshlarini qasddan o‘ldirishdan boshqa barcha holatlarda o‘ch olish maqsadida shaxsni o‘ldirganligi uchun aybdor JKning 97-moddasi 1-qismi bilan javobgarlikka tortiladi. Dastlab aytib o‘tilgan holatda odam o‘ldirganlik JKning 97-moddasi 2-qismi «g» bandi bilan kvalifikasiya qilinadi, buning uchun odam o‘ldirish aynan shaxsiy munosabatlar tufayli o‘ch olish maqsadida sodir etilganligini aniqlash lozim bo‘ladi.
Shaxsiy munosabatlar tufayli o‘ch olish maqsadida odam o‘ldirishdan bezorilik oqibatida odam o‘ldirishni farqlash lozim. Bezorilik oqibatida odam o‘ldirishga jabrlanuvchining ahamiyatga ega bo‘lmagan harakati (chekish uchun sigareta bermaslik, biror-bir korxonaning qayerda joylashganligini aytmaslik va hokazo) bahona bo‘ladi yoki u hech bir sababsiz ham amalga oshiriladi.

Aybdorda o‘ch olish motivi shakllanilishiga olib kelgan sabablar (qoida tariqasida, bu jabrlanuvchining xulq-atvori yoki qandaydir xattiharakatlari) bevosita odam o‘ldirilishidan oldin yoki ancha ilgari vujudga kelishi mumkin, bunda odam o‘ldirishning kvalifikasiyasiga ushbu holatning hech qanday ta’siri yo‘q.
Shaxsiy munosabatlar tufayli o‘ch olish motivi bevosita o‘ldirish sodir bo‘lishidan avval paydo bo‘lgan holatlarda, odam o‘ldirish kuchli ruhiy hayajonlanish yoki zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqish yoxud ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida zarar yetkazish tufayli sodir etilmaganligini ham aniqlash lozim. Mazkur holatlarning vujudga kelishi normalar raqobati mavjudligidan guvohlik beradi, uni hal qilish umumiy va maxsus normalar raqobatida kvalifikasiya qoidalari bo‘yicha amalga oshiriladi. (JKning 33-moddasi sharhiga qarang).

13. Rashk sababidan odam o‘ldirish ham JKning 97-moddasi 1-qismi bilan kvalifikasiya qilinadi. Odam o‘ldirish sababi bo‘lgan rashk o‘z ichiga ishonmaslik, adovat va xudbinlik elementlarini oladi. Rashk tufayli odam o‘ldirishga ko‘pincha xayoliy yoki haqiqiy xiyonat, jabrlanuvchining turmushga chiqishga yoki uylanishga rozi bo‘lmasligi yoxud jabrlanuvchining birga
yashashdan bosh tortishi kabilar bahona bo‘lishi mumkin.
14. Mushtlashish yoki janjallashish oqibatida sodir etilgan odam o‘ldirish janjal yoki mushtlashish, kimning aybi bilan kelib chiqqanligidan qat’i nazar, JKning 97-moddasi 1-qismi bilan kvalifikasiya qilinadi, asosiysi, ushbu mushtlashish (janjallashish) shaxsiy munosabatlar tufayli vujudga kelishi hamda bezorilik motivlari bilan bog‘liq bo‘lmasligi lozim. Biroq faqatgina ushbu holat, shuningdek, JKning 97-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan boshqa og‘irlashtiruvchi holatlarning yo‘qligi mazkur qotillikni JKning 97-moddasi 1-qismi bo‘yicha kvalifikasiya qilishga imkon bermaydi.
Urishish yoki mushtlashish vaqtida odam o‘ldirish o‘zidan o‘zi qilmishga JKning 102-moddasi bo‘yicha yuridik baho berishni talab qiladigan aybning ehtiyotsizlik shakli mavjudligini yoxud qilmishni kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam o‘ldirish (JKning 98-moddasi) yoki zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqib, qasddan odam o‘ldirish (JKning 100-moddasi) sifatida kvalifikasiya qilishga asos beruvchi yengillashtiruvchi holatlarning mavjudligini istisno qilmaydi.
Mushtlashish yoki janjallashish paytida sodir etilgan odam o‘ldirishni kvalifikasiya qilishda sodir etilgan jinoyatning rost motivlari va haqiqiy holatlarini aniqlash muhim, zero, mushtlashish yoki janjallashish faqatgina sodir etilgan jinoyat vaziyatini tavsiflaydi, biroq jinoyatni kvalifikasiya qilishda hal qiluvchi belgi hisoblanmaydi.

15. Odam o‘ldirish jinoyatini JKning 97-moddasi 2-qismi bo‘yicha kvalifikasiya qilish uchun ushbu modda ikkinchi qismining tegishli bandida ko‘zda tutilgan belgilardan birortasini bo‘lsa-da, aniqlash lozim.
JKning 97-moddasi 2-qismida ko‘rsatilgan har bir og‘irlashtiruvchi holat mustaqil ahamiyatga ega. Bir vaqtning o‘zida JKning 97-moddasi 2-qismida ko‘rsatilgan og‘irlashtiruvchi holatlarning bir nechasi mavjud bo‘lganda jinoyatni kvalifikasiya qilishda ularning har biri ko‘rsatilishi zarur va bu jazo tayinlanganida e’tiborga olinishi lozim.
16. JKning 97-moddasi 2-qismi «a» bandida ikki yoki undan ortiq shaxsni qasddan o‘ldirganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan. Ikki yoki undan ortiq shaxsni o‘ldirish bo‘yicha aybdorning harakatlari yagona qasd bilan qamrab olingan va, qoida tariqasida, bir vaqtda sodir etilgan hollardagina mazkur belgi shaxsning aybiga qo‘yilishi mumkin. Bitta qotillik oldingidan keyin bir qancha vaqt o‘tgach sodir etilgan bo‘lsa, bunda qasdning mazmuni va yo‘nalishidan kelib chiqish lozim. Agar sodir etilgan qilmishning holatlari aybdorda ikki yoki undan ortiq shaxsni hayotdan
mahrum etishga yo‘naltirilgan yagona qasd mavjudligidan dalolat berayotgan bo‘lsa, ikki yoki undan ortiq shaxsni qasddan o‘ldirganlik jinoyati mavjud bo‘ladi.
Ikki yoki undan ortiq shaxsni o‘ldirish motivlari bir-biriga to‘g‘ri kelmasligi mumkin (asosiysi, aybdorning niyatlari yagona bo‘lishi shart).
Masalan, aybdor xotinini rashk motivlari tufayli, uning o‘ynashini esa, o‘ch olish maqsadida o‘ldiradi.
Ikki yoki undan ortiq shaxsning bir vaqtning o‘zida o‘ldirilishi jinoiy niyatning yagonaligi ko‘rsatkichlaridan biridir. Turli vaqtlarda sodir etilgan ikki yoki undan ortiq shaxsni o‘ldirishda jinoiy niyatning yagonaligini e’tirof etish uchun aybdorning xatti-harakatida faqat to‘g‘ri qasd, albatta, mavjud bo‘lganligini aniqlash lozim. Bir vaqtning o‘zida odam o‘ldirishda faqat to‘g‘ri qasd emas, balki egri qasd ham bo‘lishi mumkin.
Oliy sud Plenumining tushuntirishlariga ko‘ra, ikki yoki undan ortiq shaxsni qasddan o‘ldirish, garchi bu jinoiy harakatlar bir vaqtning o‘zida sodir etilgan bo‘lsa-da, lekin aybdorning yagona qasdi bilan qamrab olinmagan bo‘lsa, qilmish takroran qasddan odam o‘ldirish tariqasida JK 97-moddasi ikkinchi qismining «r» bandi bilan kvalifikasiya qilinadi.
Bir kishining qasddan o‘ldirilishi va boshqa shaxsning hayotiga suiqasd qilinishi tugallangan jinoyat (ikki yoki undan ortiq shaxsni o‘ldirish) sifatida baholanmasligi kerak, chunki bunda ikki va undan ortiq shaxsni hayotdan mahrum etishga oid jinoiy niyat aybdor shaxsga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra amalga oshmagan bo‘ladi. Bunday holda, Oliy sud Plenumi
ta’kidlashicha, qilmishni JKning 25, 97-moddasi 2-qismining «a» bandi va 97-moddasining tegishli qismi bilan bir kishini o‘ldirganlik uchun va ikki yoki undan ortiq shaxsni o‘ldirishga suiqasd sifatida kvalifikasiya qilish kerak.
Agar aybdorning niyati bir kishini o‘ldirish bo‘lib, biroq mazkur qilmishni sodir etish jarayonida ehtiyotsizlik oqibatida boshqa kishini ham o‘ldirgan bo‘lsa, bu qilmish jinoyatlar majmui bo‘yicha qasddan odam o‘ldirish va ehtiyotsizlik tufayli odam o‘ldirish sifatida kvalifikasiya qilinishi lozim (JKning 97-moddasi 1-qismi yoki 2-qismi va 102-moddasi).
17. Homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolni qasddan o‘ldirish uchun JKning 97-moddasi 2-qismi «b» bandi bo‘yicha javobgarlik yuzaga keladi.
Odam o‘ldirishning mazkur turi sub’yektiv tomondan to‘g‘ri qasd bilan sodir etiladi. Qonun matnida avvaldan ayon bo‘lish holati ko‘rsatilganligi aybdorning ongi bilan jabrlanuvchi organizmi holatining o‘ziga xos xususiyatlari aniq qamrab olinganligini nazarda tutadi, ya’ni aybdor jabrlanuvchining homiladorligini oldindan bilgan bo‘lishi lozim (tashqi belgilar va boshqa faktik ma’lumotlar mavjudligi). Bunda, homiladorlik muddati, shuningdek, homilador ayol o‘ldirilishi natijasida uning homilasi nobud bo‘lgan-bo‘lmaganligi qilmishni kvalifikasiya qilish uchun ahamiyatga ega emas.
Avvaldan ayon bo‘lish aybdor shaxs ayolning homiladorligidan xabardorligini nazarda tutadi. Aybdorning xabardorligi shaxsiy kuzatishlariga (homila muddati kattaligida), davolash muassasasi tomonidan berilgan homiladorlikni tasdiqlovchi rasmiy hujjat bilan tanishganligiga asoslangan bo‘lishi yoki jabrlanuvchining o‘zi, uning ota-onasi, do‘stlari, tanishlari bergan ma’lumotlardan kelib chiqishi mumkin.

Faktik xato mavjud bo‘lganda, ya’ni aybdor homiladorlik mavjud emasligini taxmin qilganida, uning harakatlari, tegishincha, JKning 97-moddasi 2-qismi «b» bandi bo‘yicha kvalifikasiya qilinishi mumkin emas.
Teskari holatda, ya’ni agar aybdor yanglish taxmin asosida, aslida homilador bo‘lmagan ayolni homilador, deb qasddan o‘ldirgan bo‘lsa, oliy sud instansiyasining ko‘rsatmalariga binoan, qilmish, odam o‘ldirish uchun javobgarlikni og‘irlashtiruvchi boshqa holatlar mavjud bo‘lmasa, JKning 97-moddasi 1-qismi bo‘yicha kvalifikasiya qilinadi.

18. Aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni qasddan o‘ldirish JKning 97-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan kvalifikasiya qilinadi.
Oliy sud Plenumi belgilaydiki, aybdorning harakatlarini JK 97-moddasi ikkinchi qismining «v» bandi bilan kvalifikasiya qilishda ojiz ahvol, deb jabrlanuvchining fiziologik, jismoniy yoki ruhiy jihatdan (jismoniy nuqsonlari, ruhiyati buzilganligi, juda yosh yoki keksaligi, qattiq og‘riq yoki behush holatda yoxud uyquda bo‘lganligi, alkogol, giyohvandlik vositasi yoki psixotrop modda ta’sirida og‘ir darajada mastligi tufayli) o‘zini himoya qilishga, aybdorga faol qarshilik ko‘rsatishga qodir emaslik, yoki o‘ziga nisbatan sodir etilayotgan harakatlarning xususiyati va mohiyatini
tushuna olmaslik yoxud o‘z harakatlarini boshqara olmaslik holati tushunilishi kerak. Bunda aybdor jabrlanuvchi ojiz ahvolda ekanligini anglagan bo‘lishi shart.
Jabrlanuvchining alkogolli ichimlik, giyohvandlik vositasi yoki psixotrop modda ta’sirida atrofdagi vaziyatni anglay olmaydigan darajada mastligi, uning ojiz ahvolda bo‘lgan, deb tan olinishiga asos bo‘lishi mumkin.
Bunda jabrlanuvchini kim bu ahvolga solganligi ahamiyatga ega emas.
Shunday qilib, ojiz ahvol – bu jabrlanuvchining shunday jismoniy yoki ruhiy holatiki, bunda u aybdorning uning hayotiga qilgan tajovuziga qarshilik ko‘rsata olmaydi yoki unga nisbatan sodir qilinayotgan harakatlarning xususiyati va mazmunini tushunishga yoxud o‘z harakatlarini boshqarishga qodir bo‘lmaydi.
Hayotiga qarshi qaratilgan tajovuzga faol qarshilik ko‘rsata olmaydigan shaxsga nisbatan qotillik sodir etilsa, shaxsning aybiga JKning 97-moddasi 2-qismi «v» bandi qo‘yiladi: jabrlanuvchi uyquda bo‘lgan, hushidan ketgan paytida yoxud u bilan sodir etilayotgan harakatlarning mazmunini tushuna olmaydigan darajadagi mastlik holatida bo‘lgan vaqtda uni o‘ldirish; ruhiy faoliyat buzilishiga yo‘liqqan shaxsni yoki behush holatda bo‘lgan shaxsni o‘ldirish va h.k. Ojiz ahvol jabrlanuvchining o‘zi ushbu ahvolda bo‘lganligini tushunishidan qat’i nazar, mavjud bo‘ladi.
Chaqaloqni ojiz ahvoldagi odam, deb e’tirof etish zarurligiga qaramasdan, uning tug‘ilishi chog‘ida yoki undan keyin onasi tomonidan o‘ldirilish, qoida tariqasida, JKning 97-moddasi 2-qismi «v» bandi bo‘yicha emas, balki JKning 99-moddasi bo‘yicha kvalifikasiya qilinadi.
19. Jabrlanuvchining o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi oqibatida kelib chiqqan o‘ch olish maqsadida shaxsni yoki uning yaqin qarindoshlarini o‘ldirish o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsni yoki uning yaqin qarindoshlarini qasddan o‘ldirish (JKning 97-moddasi 2-qismi «g» bandi) sifatida kvalifikasiya qilinishi lozim. O‘ch olish motivi aniqlanmagan holda ham, ya’ni odam o‘ldirish jabrlanuvchining o‘z qonuniy faoliyatiga qarshilik ko‘rsatish maqsadida yoxud uning bundan keyingi aybdor uchun nojoiz xizmat yoki fuqarolik faoliyati bilan bog‘liq hollarda sodir etilganda ham ko‘rib chiqilayotgan kvalifikasiya qiluvchi belgi shaxsning aybiga qo‘shilishi mumkin.
Yaqin qarindoshlar deganda, JKning Sakkizinchi bo‘limi qoidalariga muvofiq, qarindosh yoki quda tomondan qarindosh bo‘lgan shaxslar, ya’ni ota-ona, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka va opa-singillar, er-xotin, farzand, shu jumladan farzandlikka olinganlar, bobo, buvi, nevaralar, shuningdek erxotinning ota-onasi, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka va opa-singillari tushuniladi.
Xizmat faoliyatini amalga oshiradigan va tahlil qilinayotgan odam o‘ldirish turining jabrlanuvchisiga aylanishi mumkin bo‘lgan shaxslar doirasi juda keng. Bular nafaqat mansabdor shaxslar, hokimiyat vakillari, turli bo‘linmalarning rahbarlari, balki mansabdor shaxs bo‘lmagan turli xizmatchilar bo‘lishi mumkin (qorovullar, kotiblar, posbonlar va h.k.).
Oliy sud instansiyasining rahbariy tushuntirishlariga ko‘ra, xizmat burchini bajarish deganda, shaxsning o‘z xizmat (mehnat) vazifalari doirasiga kiradigan harakatlari, fuqarolik burchini bajarish deganda esa, fuqaro tomonidan uning zimmasiga qonun bilan maxsus yuklatilgan majburiyatlarning amalga oshirilishi, shuningdek, boshqa ijtimoiy foydali harakatlar
sodir etilishi (huquqbuzarlikning oldini olganligi, sodir etilgan yoki tayyorlanayotgan jinoyat to‘g‘risida yoxud qidirilayotgan shaxs turgan joy haqida hokimiyat organlariga xabar berganligi, guvoh yoki jabrlanuvchi sifatida shaxsning jinoyat sodir etganligini fosh etuvchi ko‘rsatuvlar berganligi va h.k.) tushunilmog‘i lozim.
Ya’ni, xizmat burchini bajarish deganda, har qanday muassasa, korxona va tashkilotda ishlaydigan va xizmat yoki boshqa ish bo‘yicha o‘z zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarayotgan har qanday shaxsning faoliyati tushuniladi.
Fuqarolik burchini bajarish deganda esa, fuqaroning har qanday qonuniy faoliyatini tushunish lozim: jamiyat manfaatlarida o‘z zimmasiga maxsus yuklatilgan jamoat majburiyatlarini bajarish, shuningdek, jamiyat manfaatlarida yoki ayrim fuqarolarning qonuniy manfaatlarida har qanday ijtimoiy foydali harakatlarni amalga oshirish.

Faqatgina qonuniy asoslarga ko‘ra harakat qilayotgan shaxsni o‘ldirish JKning 97-moddasi 2-qismi «g» bandi bo‘yicha kvalifikasiya qilinadi.
Jabrlanuvchi qonunga xilof harakati, ya’ni xizmat vazifasini suiiste’mol qilishi, aybdor shaxsga nisbatan hokimiyat vakolati doirasidan chetga chiqishi natijasida o‘ldirilgan bo‘lsa, u holda aybdor shaxsni JKning 97-moddasi 2-qismi «g» bandi bilan javobgarlikka tortib bo‘lmaydi.
Odam o‘ldirishni JKning 97-moddasi 2-qismi «g» bandi bo‘yicha kvalifikasiya qilishda jinoyatning jabrlanuvchi o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan paytda yoki boshqa vaqtda sodir etilganligi ham ahamiyatga ega emas. Bunda faqatgina qasddan odam o‘ldirish aynan jabrlanuvchi o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan sodir etilganligini
aniqlash zarur. 20. Xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakiliga yoki fuqarolik burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish bilan bog‘liq holda uni qasddan o‘ldirish JK 219-moddasining tegishli qismida hamda 97-moddasi ikkinchi qismining «g» bandida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui bo‘yicha kvalifikasiya qilinadi.

JKning 97-moddasi 2-qismi «g» bandida nazarda tutilgan jinoyatni davlat yoki jamoat arbobi yoxud hokimiyat vakilining davlat yoki jamoatchilik faoliyati munosabati bilan uning hayotiga suiqasd qilish (JKning 155-moddasi 2-qismi), shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hayotiga tajovuz qilish (JKning 158-moddasi 1-qismi) jinoyatlaridan farqlash lozim. «Maxsus norma» va «umumiy norma» raqobati vujudga kelganda kvalifikasiya qilish qoidalariga muvofiq qilmish maxsus norma bo‘yicha kvalifikasiya qilinadi, ko‘rsatilgan holatda JKning 155-moddasi 2-qismi va 158-moddasi 1-qismidagi normalar maxsus normalar jumlasiga kiradi.
21. Jinoyatni boshqa shaxslarning hayoti uchun xavfli bo‘lgan usulda qasddan odam o‘ldirish, deb JKning 97-moddasi 2-qismi «d» bandi bo‘yicha kvalifikasiya qilish uchun aybdorning shaxsni hayotdan mahrum qilish uchun qo‘llayotgan usuli boshqa shaxslarning hayotiga xavf tug‘dirishini anglaganini aniqlash lozim. Bunga odamlar gavjum joyda tartibsiz ravishda o‘q otish, odamlar bor bo‘lgan xonadonda, jamoat transportida, odamlar to‘planib turgan joyda o‘q otish holatini, portlatish, odamlar bor bo‘lgan uyni yoqib yuborish, quduqdagi suvni yoki odamlar uchun tayyorlangan oziqovqatlarni zaharlash orqali odam o‘ldirishni, transportda halokat uyushtirishni, shuningdek, boshqa shaxslarning hayoti uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan boshqa harakatlarni kiritish lozim. Shu bilan birga, odam o‘ldirish uslubining xavfliligi mavhum emas, balki sodir etilgan jinoyatning aniq holatidan kelib chiqqan holda baholanmog‘i lozim. Masalan, jabrlanuvchidan boshqa hech kim bo‘lmagan joyda shaxsni portlatish yoki transport vositasi bilan bosib ketish natijasida hayotidan mahrum qilganlikni JKning 97-moddasi 2-qismi «d» bandi bilan kvalifikasiya qilib bo‘lmaydi, chunki bunday holatlarda aybdorning qilmishi boshqa kishilarning hayoti uchun real xavf tug‘dirmaydi.
Usulning chinakam xavfliligi, har bir muayyan vaziyatda ishning barcha  holatlaridan, chunonchi, aybdor ishlatgan jinoyat qurolining shikast yetkazish xususiyati, voqea joyida jabrlanuvchidan tashqari o‘zga shaxslar ham bo‘lganligi va shu kabilardan kelib chiqqan holda aniqlanishi zarur.
Haqiqatan ham, boshqa shaxslarning hayoti uchun xavf mavjud bo‘lganida va shu sharoitda boshqalarni hayotidan mahrum qilish mumkinligi ko‘rinib turganidagina JKning 97-moddasi 2-qismi «d» bandi bo‘yicha javobgarlik vujudga keladi.
Odam o‘ldirishni boshqa shaxslarning hayoti uchun xavfli bo‘lgan usulda sodir etilgan, deb e’tirof etish uchun aybdor o‘z jinoiy qasdini amalga oshirayotganida muayyan shaxsni hayotidan mahrum qilish uchun jabrlanuvchi hayoti uchungina emas, balki yana bitta odam hayoti uchun ham real xavf tug‘diradigan usulni ongli ravishda tanlaganligini aniqlash lozim.
Ko‘p shaxslarning hayoti uchun xavfli usulda odam o‘ldirish vaqtida boshqa shaxslarga jarohat yetkazilgan bo‘lsa, qilmish jinoyatlarning majmui bo‘yicha JKning badanga shikast yetkazganlik uchun javobgarlik belgilangan moddalari bilan ham kvalifikasiya qilinadi. Agar jinoyat natijasida boshqa shaxslar ham o‘lgan bo‘lsa, aybdor ehtiyotsizlik orqasida odam o‘ldirganlik uchun javobgarlik belgilangan moddalarning majmui bo‘yicha javobgar bo‘ladi.
22. Ommaviy tartibsizliklar jarayonida sodir etilgan odam o‘ldirishni JKning 97-moddasi, 2-qismi, «ye» bandi bo‘yicha kvalifikasiya qilish zarur. Ko‘rib chiqilayotgan odam o‘ldirish turining sub’yekti bir vaqtning o‘zida ommaviy tartibsizliklarning ham tashkilotchisi yoki faol ishtirokchisi bo‘lsa, uning qilmishlari jinoyatlarning jami – JKning 244-moddasi va JKning 97-moddasi 2-qismi «ye» bandi bilan kvalifikasiya qilinishi lozim. Aybdor tomonidan ommaviy tartibsizliklar jarayonida qasddan odam o‘ldirishdan tashqari, qirg‘in solish, vayron qilish, o‘t qo‘yish
va boshqa jinoyatlar ham sodir etilganda, biroq u ommaviy tartibsizliklar ishtirokchisi, ularning faol ishtirokchisi yoki tashkilotchisi bo‘lmasa, uning harakatlari shaxsga, mulkka qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni ko‘zda tutuvchi jinoyatlar majmui bo‘yicha kvalifikasiya qilinishi kerak.
23. O‘ta shafqatsizlik bilan odam o‘ldirish (JKning 97-moddasi 2-qismi «j» bandi) deganda, jabrlanuvchini o‘ta azob berish usuli bilan hayotdan mahrum qilish yoki aybdor tomonidan o‘ta shafqatsizlik qilinganligidan dalolat beradigan o‘zga holatlarda odam o‘ldirish tushuniladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi tushuntirishlariga ko‘ra, o‘ta shafqatsizlik bilan odam o‘ldirish usullariga, jumladan, hayotdan mahrum etishdan oldin yoki qotillik sodir etish jarayonida jabrlanuvchini qiynoqqa solish yoki unga qattiq azob yetkazish bilan bog‘liq (kuchli og‘riq beruvchi zahardan foydalanish, tiriklayin yoqib yuborish, uzoq muddat ovqat, suv bermaslik) hollarni ham kiritish mumkin. Badanga ko‘plab shikast yetkazish orqali odam o‘ldirish, faqat aybdor buni jabrlanuvchiga qattiq azob-uqubat yetkazishga qaratilgan to‘g‘ri qasd bilan sodir etgan bo‘lsa, o‘ta shafqatsizlik ko‘rinishi, deb baholanishi mumkin.
Jabrlanuvchining yaqin kishilari ko‘z o‘ngida odam o‘ldirish, agar aybdor o‘z harakatlari bilan ularga kuchli iztirob berayotganligini anglagan bo‘lsa, aybdor tomonidan o‘ta shafqatsizlik namoyon etilganligidan dalolat beruvchi holat sifatida baholanmog‘i lozim.
Jabrlanuvchining yaqin kishilari qatoriga, uning yaqin qarindoshlaridan tashqari, jabrlanuvchi bilan alohida shaxsiy do‘stona munosabatda bo‘lgan shaxslar ham kirishi mumkin.
Yana bir bor ta’kidlash joizki, jabrlanuvchiga ko‘plab tan jarohati yetkazishning o‘zi odam o‘ldirishni o‘ta shafqatsizlik bilan sodir etilgan, deb topish uchun asos bo‘la olmaydi, chunki mazkur belgi mavjud bo‘lishi uchun aybdor qotillikni o‘ta shafqatsizlik bilan sodir etishga qaratilgan qasd bilan harakat qilishini va jabrlanuvchini o‘lishidan avval qasddan alohida qiynoqqa solganligini yoki unga o‘ta azob yetkazganligini aniqlash zarur.
O‘ta shafqatsizlik bilan odam o‘ldirish boshqa odam o‘ldirish turlari kabi jabrlanuvchining o‘limi yuz berishi bilan tugallangan hisoblanadi.
Shuning uchun aybdorning har qanday keyingi harakatlari, masalan, murdani tahqirlash, sodir etilgan qotillikni yashirish maqsadida uni bo‘laklarga bo‘lish, yo‘q qilib yuborish ko‘rib chiqilayotgan qotillik turining tarkibi doirasiga kirmaydi hamda o‘ta shafqatsizlik bilan odam o‘ldirishdan dalolat beruvchi holat sifatida hisobga olinmaydi. Qilmish bunday hollarda
jinoyatlar majmui bo‘yicha JKning 97-moddasi tegishli qismi va JKning 134-moddasi bilan kvalifikasiya qilinishi kerak, chunki qotillikni yashirish maqsadida murdani yo‘q qilish yoki bo‘laklarga bo‘lish qotillikning o‘ta shafqatsizlik bilan sodir etilganligini anglatuvchi holat sifatida baholanishi mumkin emas.
Qotillikning ko‘rib chiqilayotgan turi aksariyat hollarda to‘g‘ri qasd bilan, kamdan-kam hollarda egri qasd bilan sodir etiladi. Odam o‘ldirish jinoyati o‘ta shafqatsizlik bilan sodir etilgan, deb topish uchun aybdorda o‘ta shafqatsizlik bilan odam o‘ldirish qasdining mavjudligini aniqlash muhimdir.
Jinoyat ishtirokchilari o‘rtasida qasddan o‘ta shafqatsizlik bilan odam o‘ldirish to‘g‘risida oldindan til biriktirilmagan taqdirda, qotillikni bajaruvchi shaxsning harakatlari JK 97-moddasi 2-qismining «j» bandi bo‘yicha, boshqa ishtirokchilarning harakatlari esa, JK 97-moddasi 2-qismining «j» bandi istisno etilgan holda, ushbu moddaning tegishli qismi bo‘yicha kvalifikasiya qilinadi.
24. Nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib, g‘ayritabiiy usulda qondirish bilan bog‘liq holda qasddan odam o‘ldirish uchun javobgarlik JKning 97-moddasi 2-qismi «z» bandida nazarda tutilgan. Nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib, g‘ayritabiiy usulda qondirish bilan bog‘liq holda qasddan odam o‘ldirish ko‘rsatilgan jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlarni sodir etish jarayonida sodir etiladigan qasddan odam o‘ldirishdan iborat bo‘ladi. Bunda ikkita mustaqil jinoyat sodir etilganligini inobatga olgan holda aybdorning qilmishlari JKning
97-moddasi 2-qismi «z» bandi va JKning 118-moddasi yoki JKning 119-moddasi tegishli qismlari bo‘yicha kvalifikasiya qilinishi lozim.

Jinsiy zo‘rlik ishlatishga qasd qilish vaqtida yoki darhol uni sodir etishdan so‘ng jabrlanuvchiga nisbatan uning qarshiligini sindirish va shu orqali unga nisbatan jinoyat sodir etishni yengillashtirish maqsadida, aybdorning sadizmga moyilligi munosabati bilan, nekrofiliya maqsadida, jabrlanuvchi qarshilik ko‘rsatgani uchun o‘ch olish hissi bilan sodir etilgan
qotillikni JKning 97-moddasi 2-qismi «z» bandi bo‘yicha kvalifikasiya qilish zarur.
Bunda oliy sud instansiyasi ko‘rsatmalariga muvofiq, nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyati sodir etilgandan keyin ushbu jinoyatni yashirish maqsadida jabrlanuvchini qasddan o‘ldirish JK 118 yoki 119-moddasida hamda 97-moddasi ikkinchi qismining «o» bandida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui bo‘yicha kvalifikasiya qilinadi.

25. Tamagirlik niyatida qasddan odam o‘ldirish (JKning 97-moddasi 2-qismi «i» bandi) aybdor yoki boshqa shaxslar uchun har xil moddiy naf (pul, mol-mulk, mulkiy huquqlar, uy-joy maydoniga bo‘lgan huquq va h.k.) olishga qaratilgan niyatda yoki moddiy sarf-xarajatlardan (mol-mulkni qaytarishdan, qarzni to‘lashdan, xizmatlar uchun haq to‘lashdan, mulkiy majburiyatlarni bajarishdan, alimentlarni to‘lashdan) qutulish istagida sodir etilgan odam o‘ldirish tushuniladi.
Jabrlanuvchi kim bo‘lishidan qat’i nazar, ya’ni mol-mulkning (boshqa boyliklarning) egasi yoki o‘zida mol-mulk turgan shaxs yoki mol-mulk saqlash uchun berib qo‘yilgan shaxs bo‘lishidan qat’i nazar, odam o‘ldirish tamagirlik niyatida sodir etilgan, deb topiladi. O‘limidan keyin biron-bir mulkiy huquqlarini aybdor o‘z qo‘liga kiritish maqsadida o‘ldirilgan shaxs ham
jabrlanuvchi bo‘lishi mumkin.
O‘zi yoki boshqa shaxslarning manfaatini ko‘zlab moddiy naf ko‘rish yoki biron-bir moddiy sarf-xarajatlar qilishdan qutulish maqsadida sodir etilganligidan qat’i nazar, odam o‘ldirish tamagirlik niyatida sodir etilgan, deb hisoblanadi.
Tamagirlik motivi vujudga kelishining vaqti albatta aniqlashtirilishi zarur. Jinoyat motivi sifatida tamagirlik odam o‘ldirish jinoyati sodir etilganidan keyin emas, balki odam o‘ldirishdan oldin yoki mazkur jinoyatni sodir etish vaqtida vujudga kelishi lozim. Agar aybdor qotillikni boshqa motivlar bilan, masalan, qasd olish uchun, rashk tufayli sodir etib, keyin jabrlanuvchining mulkini egallasa, uning harakatlari jinoyatlar majmui bo‘yicha odam o‘ldirish (aniqlangan holatlarga qarab) va o‘g‘rilik (JKning 169-moddasi) sifatida kvalifikasiya qilinishi shart. Mazkur
qoida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining qarorida ko‘rsatib o‘tilgan.
Moddiy rag‘batlantirish evaziga qasddan odam o‘ldirish (yollanma qotillik) ham tamagirlik niyatida qasddan odam o‘ldirish hisoblanadi.
Mazkur turdagi odam o‘ldirish ishtirokchilarining javobgarligi chegaralari o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Ya’ni, qotillik uchun haq va’da qilgan tashkilotchi (buyurtmachi)ning harakatlari u qaysi sabablarga ko‘ra shunday qilganligidan kelib chiqib, Jinoyat kodeksining 28, 97-moddasining tegishli qismi bilan kvalifikasiya qilinmog‘i kerak.
Ko‘p hollarda tamagirlik niyatida qasddan odam o‘ldirish bosqinchilik jinoyatini amalga oshirish vaqtida sodir etiladi. Shuning uchun e’tiborga olish kerakki, agar qotillik, birinchidan, hujum qilish yo‘li bilan, ikkinchidan, o‘zganing mulkiga ega bo‘lish maqsadida sodir etilgan bo‘lsa, uchinchidan, mulkka egalik qilish qotillik paytida yoki bevosita qotillikdan so‘ng amalga oshirilgan bo‘lsa (xullas, qasddan odam o‘ldirish o‘zganing mulkiga g‘ayriqonuniy egalik qilish maqsadida sodir etilgan bo‘lsa va to‘g‘ridanto‘g‘ri sababiy bog‘lanish mavjud bo‘lsa), qilmish jinoyatlar majmui – qasddan odam o‘ldirish va bosqinchilik jinoyatlari bilan kvalifikasiya qilinishi kerak (JKning 97-moddasi 2-qismi «i» bandi va 164-moddasi bilan). Tamagirlik niyatida qasddan odam o‘ldirish tovlamachilik (JKning 165-moddasi) bilan jinoyatlar majmui ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.
26. Milliy yoki irqiy adovat zamirida sodir etilgan qasddan odam o‘ldirishning (JKning 97-moddasi, 2-qismi, «k» bandi) zaruriy belgisi – bu jinoyatning motividir. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi ta’kidlaganidek, milliy yoki irqiy adovat zamirida, ya’ni boshqa millatga, irqqa mansub shaxsga, uning turmush tarziga, madaniyatiga, urfodatlariga, oila tutumiga nisbatan g‘ayirlik yoki nafrat tuyg‘ulari bilan yoxud millatlararo, irqlararo adovat yoki nifoq solish maqsadida qasddan sodir etilgan odam o‘ldirish jinoyati JK 97-moddasi ikkinchi qismining
«k» bandi bilan kvalifikasiya qilinishi kerak.
Yuqorida ko‘rsatilgan motivlarning mavjud emasligi JKning 97-moddasi 2-qismi «k» bandi bilan kvalifikasiya qilishni inkor etadi. Ma’lum bir millat, irq vakillariga boshqa motiv sababli (shaxsiy munosabatdan kelib chiqqan qasos, rashk, tamagirlik va h.k.) tajovuz qilinsa, JKning 97-moddasi tegishli qismi bilan kvalifikasiya qilinishi kerak.
27. JKning 97-moddasi 2-qismi «l» bandida bezorilik oqibatida qasddan odam o‘ldirish uchun javobgarlik nazarda tutilgan. Jamiyatga va umume’tirof etilgan axloq-odob normalariga nisbatan oshkora hurmatsizlik, jamoat tartibiga oshkora bo‘ysunmaslik, o‘zini atrofdagilarga nisbatan qarshi qo‘yish, ularga bepisand munosabatni namoyish etish istagi asosida sodir etilgan qasddan odam o‘ldirish JKning 97-moddasi 2-qismi «l» bandi bo‘yicha kvalifikasiya qilinadi.
Bezorilik oqibatida odam o‘ldirish, qoida tariqasida, hech qanday sababsiz yoki o‘ldirish uchun arzimagan sababdan kelib chiqishi mumkin. Masalan, jabrlanuvchi aybdorga sigaretidan yondirib olishga ruxsat bermaganligi, unga boshqacha qaraganligi yoki unga uning xulq-atvori yuzasidan e’tiroz qilganligi va hokazolar uchun aybdor uni hayotidan mahrum qiladi.
Qoida tariqasida, qotillikning ushbu turi jamoat joylarida sodir etiladi, biroq bezorilik oqibatida qasddan odam o‘ldirish jinoyatining sodir etilgan joyi jinoyatni kvalifikasiya qilishning majburiy sharti hisoblanmaydi. U odamsiz joyda ham sodir etilishi mumkin (xonadonda, dalada, o‘rmonda va h.k.).

Bezorilik oqibatida odam o‘ldirgan aybdor shaxs boshqa kishini o‘ldirishdan yoxud jamoat tartibini odam o‘lishi mumkin bo‘lgan tarzda qo‘pol ravishda buzish va jamiyatga nisbatan hurmatsizlik qilishdan rohatlanadi.
Bezorilik oqibatida odam o‘ldirgan aybdorning harakatlari JKning 277-moddasi (bezorilik) bo‘yicha qo‘shimcha kvalifikasiya qilishni talab etmaydi. Oliy sud instansiyasining ko‘rsatmasiga binoan, agar jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzish va jamiyatga nisbatan ochiqdan-ochiq hurmatsizlik bildirish, shuningdek, o‘zganing mol-mulkini yo‘q qilish yoki unga shikast
yetkazish bilan bog‘liq harakatlar aybdor tomonidan bezorilik oqibatida odam o‘ldirish jinoyatidan so‘ng qasddan sodir etilgan bo‘lsagina, aybdorning qilmishi qo‘shimcha ravishda JKning 277-moddasi tegishli qismlari bilan kvalifikasiya qilinishi lozim.
Bezorilik oqibatida qasddan odam o‘ldirish jinoyatini shaxsiy yomon munosabatlar tufayli vujudga kelgan o‘zaro janjal yoki urishish oqibatida sodir etilgan qotillikdan farqlash zarur. Aybdorning harakatlarini to‘g‘ri kvalifikasiya qilish uchun jinoyat ishining barcha holatlarini ularning majmuida o‘rganish lozim. Urishish, janjal vujudga kelishining sabablarini, ular kim tomonidan boshlanganligini puxta aniqlash zarur. Agar urush-janjal jabrlanuvchi tomonidan boshlangan bo‘lsa yoki nizoga uning g‘ayrihuquqiy xulq-atvori sabab bo‘lgan bo‘lsa, aybdor bezorilik oqibatida odam o‘ldirish jinoyati uchun javobgar bo‘lmaydi.
28. Diniy taassublar zamirida, jabrlanuvchining diniy e’tiqodi bilan bog‘liq holda, ko‘pincha, muayyan bir konfessiyaning qadr-qimmatinikamsitish, diniy adovat yoki nifoq keltirib chiqarish maqsadida sodir etilgan qasddan odam o‘ldirish jinoyatini diniy taassublar zamirida qasddan odam o‘ldirish sifatida JKning 97-moddasi 2-qismi «m» bandi bo‘yicha kvalifikasiya qilish zarur. Diniy taassublar zamirida qasddan odam o‘ldirayotganida aybdor shaxs jabrlanuvchining biron-bir konfessiyaga mansub bo‘lganligi tufayli uning pastligini namoyon qiladi, o‘zi mansub
bo‘lgan dinning istisno ekanligini ko‘rsatadi.
Diniy taassublar deganda, diniy fanatizmga asoslangan g‘oyalarga ishonish, ularga kundalik hayotda og‘ishmay amal qilishda, boshqa dinga e’tiqod qiluvchilar va boshqacha fikrlovchilarga nisbatan murosasizlikda namoyon bo‘ladigan xohish-istaklarni tushunmoq lozim.
29. Kishi a’zolarini kesib olib, boshqa kishiga ko‘chirish (transplantat) yoki murdaning qismlaridan foydalanish maqsadida odam o‘ldirish uchun javobgarlik JKning 97-moddasi 2-qismi «n» bandida nazarda tutilgan. Qasddan odam o‘ldirish jinoyatini JK 97-moddasi ikkinchi qismining «n» bandi bilan kvalifikasiya qilish uchun transplantat olish yoki murdadan olingan qism (bo‘lak)lardan foydalanishga nisbatan to‘g‘ri qasd mavjudligini aniqlash zarur. Bunda aybdor qotillikdan ko‘zlagan maqsadga erishgan bo‘lishi shart emas.
Jinoyatning motivi har xil bo‘lishi mumkin, masalan, donorlik organi kerak bo‘lgan yaqin insonining hayotini asrab qolishga harakat qilish, boylik orttirishga bo‘lgan harakat. Odam o‘ldirishning alohida og‘irlashtiruvchi belgilari bo‘lgan motivlar qilmishga uzil-kesil yuridik baho berishda o‘z aksini topishi kerak. Masalan, kishi a’zolarini kesib olib, boshqa kishiga
ko‘chirish (transplantat) yoki murdaning qismlaridan foydalanish maqsadida haq evaziga sodir etilgan odam o‘ldirish hollarida aybdorning qilmishi JKning 97-moddasi 2-qismi «i» va «n» bandlari bo‘yicha kvalifikasiya qilinishi lozim.
Shaxs tirikligida uning roziligini olmasdan turib yoki uning yaqin qarindoshlarining roziligisiz murdaning a’zolarini yoki tana qismlarini ajratib olish JKning 133-moddasi bo‘yicha jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.
30. Boshqa biror jinoyatni yashirish yoki uning sodir etilishini osonlashtirish maqsadida qasddan odam o‘ldirish (JKning 97-moddasi, 2-qismi, «o» bandi) aksariyat hollarda o‘zga mol-mulkni egallab olishni yengillashtirish, rejalashtirilgan jinoyatni sodir etish uchun «qulay» sharoitlar yaratish, sodir etilgan jinoyatning guvohlarini, shohidlarini yo‘qotish, ilgari sodir etilgan jinoyat uchun javobgarlikdan qutulish uchun sodir etiladi.
JKning 97-moddasi 2-qismi «o» bandida nazarda tutilgan qotillikni tugallangan, deb topish uchun aybdor uni sodir etish natijasida qo‘yilgan maqsadga erishganligi, ya’ni boshqa jinoyat sodir etilganligini yashirishga yoki uning sodir etilishini osonlashtirishga erishgan bo‘lishi talab etilmaydi. Aybdorning qilmishini JKning 97-moddasi 2-qismi «o» bandi bilan kvalifikasiya qilish uchun qotillik ushbu maqsad bilan sodir etilganligi faktini aniqlashning o‘zi yetarlidir.

Sodir etilgan yoki tayyorgarlik ko‘rilayotgan jinoyat haqida tegishli organlarga arz qilinmagan holdagina aybdor shaxs JKning 97-moddasi 2-qismi «o» bandi bo‘yicha javobgarlikka tortilishi mumkin. Agar bunday ariza qilingan bo‘lsa va aybdor jinoyatni sodir etayotganida bundan xabardor bo‘lsa, uning qilmishi o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsni o‘ldirish sifatida JKning 97-moddasi 2-qismi «g» bandi bilan kvalifikasiya qilinishi kerak.
Boshqa biror jinoyatni yashirish yoki uning sodir etilishini osonlashtirish maqsadida qasddan odam o‘ldirishni kvalifikasiya qilishda mazkur jinoyat faqat to‘g‘ri qasd bilan sodir etilishi mumkinligini e’tiborga olish lozim. Bundan maxsus maqsad ham dalolat beradi. Odam o‘ldirishning ko‘rib chiqilayotgan turi jinoyatlarning majmui bo‘yicha, ya’ni JKning 97-moddasi 2-qismi «o» bandi va tegishli jinoyatni sodir etish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi JKning moddasi bilan kvalifikasiya qilinishi kerak. Aybdor qotillikni boshqa bir jinoyat sodir etishni osonlashtirish maqsadida sodir etayotgan bo‘lsa, biroq ushbu jinoyatni oxiriga yetkaza olmasa, bunday holda u JKning 97-moddasi 2-qismi «o» bandi bo‘yicha, shuningdek, tegishli jinoyatni sodir etishga tayyorgarlik ko‘rish uchun javobgarlikka tortiladi.
Oliy sud Plenumining tushuntirishlariga ko‘ra, qasddan odam o‘ldirish jinoyati JK 97-moddasi ikkinchi qismining «o» bandi bilan kvalifikasiya qilinganda aybdorning harakatlarini mazkur modda ikkinchi qismining boshqa maqsad va sabablarni nazarda tutuvchi yana biron-bir bandi bilan kvalifikasiya qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Masalan, agar jabrlanuvchi tamagirlik niyatida yoki bezorilik oqibatida o‘ldirilganligi aniqlansa, qilmish ayni bir vaqtning o‘zida JK 97-moddasi ikkinchi qismining «o» bandi bilan kvalifikasiya qilinishi mumkin emas.
31. Bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh a’zosi tomonidan yoxud o‘sha guruh manfaatlarini ko‘zlagan holda qasddan odam o‘ldirish JKning 97-moddasi 2-qismi «p» bandi bo‘yicha kvalifikasiya qilinadi.
Oliy sud Plenumi ta’kidlaganidek, har qaysi ishtirokchining jinoyatda ishtirok etganlik darajasi va xususiyatini aniqlash, oldindan til biriktiruv bo‘lgan-bo‘lmaganligini va ular o‘rtasida vazifalar o‘zaro taqsimlangantaqsimlanmaganligini sinchiklab tekshirish lozim.
Bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan qasddan odam o‘ldirish uni sodir etishda ikki yoki undan ortiq shaxsning ishtirok etishini (miqdoriy belgi) talab qiladi. Bunda odam o‘ldirish maqsadi bilan birgalikda harakat qilgan hamda jabrlanuvchini hayotidan mahrum qilish jarayonida bevosita ishtirok etgan (sifatiy belgi) shaxslarni jinoyatning bajaruvchilari, deb e’tirof etish zarur, ya’ni aybdorlarning har biri odam o‘ldirishning ob’yektiv tomonini bajargan bo‘ladi. Bunda o‘limga sabab bo‘lgan shikast ishtirokchilarning har biri tomonidan yetkazilgan bo‘lishi
shart emas (masalan, ishtirokchilardan biri jabrlanuvchining qarshiligini bartaraf etib, uni o‘zini himoya qilish imkoniyatidan mahrum etgan, boshqasi esa, unga halok etuvchi shikast yetkazgan).

Qasddan odam o‘ldirishda bevosita ishtirok etmagan hamda jabrlanuvchiga nisbatan jismoniy zo‘rlik ishlatmagan, biroq o‘zgalar tomonidan qotillik sodir etilishida ko‘maklashgan boshqa shaxslarning harakatlari Jinoyat kodeksi 28, 97-moddasining tegishli qismi bo‘yicha kvalifikasiya qilinadi.
Odam o‘ldirish to‘g‘risida jinoyat ishtirokchilarining oldindan kelishuvi jinoyatni ko‘rib chiqilayotgan band bo‘yicha kvalifikasiya qilish uchun ahamiyat kasb etmaydi. Odam o‘ldirishning mazkur turini to‘g‘ri kvalifikasiya qilish uchun jinoyatning barcha ishtirokchilarida jabrlanuvchini hayotdan mahrum qilish qasdi mavjud bo‘lganligini aniqlash zarur. Bunda bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirmagan holda odam o‘ldirish to‘g‘ri qasd bilan ham, egri qasd bilan ham sodir etilishi mumkin.
Bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib odam o‘ldirish sub’yektiv tomondan faqat to‘g‘ri qasd bilan sodir etilishi mumkin.
Agar bir guruh shaxslar tomonidan jabrlanuvchining badaniga shikast yetkazish natijasida guruh a’zolaridan biri boshqa ishtirokchilarning ongi bilan qamrab olinmagan qotillikni sodir etish maqsadida jabrlanuvchining o‘limiga olib kelgan zarba bersa (bajaruvchining ekssessi), mazkur shaxsning qilmishini JKning 97-moddasi 2-qismi «p» bandi bo‘yicha kvalifikasiya qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday holda o‘limga olib keluvchi zarba bergan shaxsning harakatlarini zarur belgilar mavjudligida odam o‘ldirish sifatida kvalifikasiya qilish zarur, jinoyatning boshqa ishtirokchilari harakatlarini esa, bir guruh shaxslar tomonidan jabrlanuvchining badaniga tegishli og‘irlikdagi shikast yetkazish, deb baholash lozim.
Ikki yoki undan ortiq shaxsning birgalikda jinoiy faoliyatni amalga oshirish uchun oldindan bir guruhga birlashishi uyushgan guruh hisoblanadi.
JKning 97-moddasi 2-qismi «p» bandi dispozisiyasida ko‘rsatilgan uyushgan guruh deganda, uning barqarorligini, unda tashkilotchining mavjudligini, qoida tariqasida, bir necha jinoyatni sodir etish maqsadida tuzilganligini, jinoyatlar rejalashtirilganini va uning qismlari ishlab chiqilganligini, har bir ishtirokchining vazifalari taqsimlaganligini, texnikaviy qurollanganligini, jinoyatni yashirish choralari ko‘rilganligini, jinoiy guruhda guruhiy intizomga va tashkilotchining ko‘rsatmalariga bo‘ysunish mavjudligini va hokazolarni tushunish zarur.
Odam o‘ldirish uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan deb topilgan taqdirda, jinoyat barcha ishtirokchilarining harakatlari, ularning jinoyatni amalga oshirishdagi rolidan qat’i nazar, Jinoyat kodeksining 28-moddasiga havola qilinmagan holda 97-moddasining tegishli qismi bilan kvalifikasiya qilinadi.
Qotillikni uyushgan guruh a’zosi tomonidan yoxud o‘sha guruh manfaatlarini ko‘zlagan holda sodir etish, deb kvalifikasiya qilish uchun, sodir etilgan qotillik natijasida, bunda qotillikni bajaruvchi uyushgan guruh a’zosi bo‘lmasa ham, uyushgan guruh o‘zining muayyan manfaatlarini hal etgan bo‘lishi lozim. Qotillikning bajaruvchisida uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab jabrlanuvchini hayotdan mahrum etish niyati bo‘lganligini aniqlash lozim.
Ko‘rib chiqilayotgan turdagi qotillikni sodir etishda boshqa og‘irlashtiruvchi belgilar (tamagirlik motivi, o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsni o‘ldirish, boshqa shaxslarning hayoti uchun xavfli bo‘lgan usulda odam o‘ldirish va h.k.) ham mavjud bo‘lishi mumkin. Mazkur holatda qilmishga yuridik baho berilayotganda barcha jazoni og‘irlashtiruvchi holatlarni ko‘rsatish va jazo tayinlashda ularni inobatga olish zarurdir.
Qasddan odam o‘ldirish ishtirokchilikda sodir etilganda, Jinoyatning sub’yektini tavsiflovchi kvalifikasiya belgilari (qotillik o‘ta xavfli residivist yoki ilgari ham qasddan odam o‘ldirgan shaxs tomonidan sodir etilganligi) faqat ushbu belgilar bevosita taalluqli bo‘lgan ishtirokchilarning harakatlarini kvalifikasiya qilishda e’tiborga olinishi lozim.
32. Takroran yoki xavfli residivist tomonidan qasddan odam o‘ldirish uchun javobgarlik JKning 97-moddasi 2-qismi «r» bandida ko‘zda tutilgan.
Agar shaxs oldin qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir etgan va buning uchun u sudlanmagan bo‘lsa, shuningdek, yangi qotillik sodir etilgan paytga kelib ilgari sodir etilgan qotillik uchun jinoiy javobgarlikka tortish muddatlari o‘tmagan bo‘lsa, bunday qotillik takroran sodir etilgan qasddan odam o‘ldirish, deb topilishi lozim.

Agar odam o‘ldirish jinoyatini sodir etishda aybdor bo‘lgan shaxs qasddan odam o‘ldirish uchun ilgari sudlangan bo‘lsa, shuningdek, muqaddam sodir etilgan qasddan odam o‘ldirish jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki qonunda belgilangan tartibda olib tashlanmagan bo‘lsa, u holda qotillik xavfli residivist tomonidan sodir etilgan, deb topiladi.
Bunda odam o‘ldirishni JKning 97-moddasi 2-qismining ko‘rib chiqilayotgan bandi bo‘yicha kvalifikasiya qilishda aybdor ilgari tamom bo‘lgan qotillik jinoyati yoki odam o‘ldirishga suiqasd sodir etganligining, jinoyatning bajaruvchisi yoki boshqa ishtirokchisi bo‘lganligining ahamiyati yo‘q.
Odam o‘ldirishdan oldin qasddan odam o‘ldirish bilan bog‘liq jinoyat (terrorizm, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hayotiga tajovuz qilish) sodir etilgan hollarda ham qotillik JKning 97-moddasi 2-qismi «r» bandi bo‘yicha kvalifikasiya qilinishi lozim.
Takroran odam o‘ldirishni ikki yoki undan ortiq shaxsni qasddan o‘ldirishdan (JKning 97-moddasi 2 qismi «a» bandi) farqlash lozim.
Takroran yoki xavfli residivist tomonidan sodir etiladigan qasddan odam o‘ldirish uchun ikki yoki undan ortiq qotillikni sodir etish uchun yagona qasdning yo‘qligi va jinoyatlarning, odatda, har xil vaqtda sodir etilganligi xos bo‘ladi.
33. O‘ta xavfli residivist tomonidan qasddan odam o‘ldirilishi JKning 97-moddasi 2-qismi «s» bandi bo‘yicha kvalifikasiya qilinishi zarur. (O‘ta xavfli residivist tushunchasi to‘g‘risida JKning 34-moddasi sharhiga qarang).
Qasddan odam o‘ldirish jinoyati sodir etilgunga qadar qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan o‘ta xavfli residivist deb topilgan shaxslarning harakatlari, agar sudlanganlik holati  ugallanmagan yoki qonunda belgilangan tartibda olib tashlanmagan bo‘lsa, JK 97-moddasi ikkinchi qismining «s» bandi bo‘yicha kvalifikasiya qilinadi. Sudlar sudlanuvchining harakatlarini kvalifikasiya qilishga ta’sir etuvchi shaxsiga oid ma’lumotlarni sinchkovlik bilan tekshirishlari lozim.
Yuqorida qayd etilganidek, ishtirokchilikda qasddan odam o‘ldirish jinoyati sodir etilayotganda mazkur jinoyatni sodir etishdan oldin qonunda belgilangan tartibda o‘ta xavfli residivist, deb topilmagan qotillik ishtirokchilarining harakatlarini JKning 97-moddasi 2-qismi «s» bandi bo‘yicha kvalifikasiya qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
34. Qonun mazmuniga ko‘ra, agar qasddan odam o‘ldirish to‘satdan yuz bergan kuchli ruhiy hayajonlanish holatida, zaruriy mudofaa chegarasidan yoki ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlashning zarur choralari chegarasidan chetga chiqib sodir etilgan bo‘lsa, bunday jinoyat JK 97-moddasi ikkinchi qismining «a», «b», «v», «d», «j», «r», «s» bandlarida nazarda tutilgan kvalifikasiya belgilari bo‘yicha sodir etilgan deb baholanmasligi lozim.
35. Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqqan holda qasddan odam o‘ldirgan mansabdor shaxsning qilmishi Jinoyat kodeksining qasddan odam o‘ldirganlik uchun javobgarlikni belgilovchi moddalari hamda 206-moddaning tegishli qismlarida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui bo‘yicha kvalifikasiya qilinishi lozim.
36. Ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni o‘tayotgan shaxs tomonidan jazoni ijro etish muassasasi xodimini, shuningdek, mahbusni uning axloqan tuzalishiga to‘sqinlik qilish yoxud jamoat vazifasini bajarganligi uchun o‘ch olish maqsadida qasddan o‘ldirish JK 97-moddasining tegishli qismidan tashqari, Jinoyat kodeksining ozodlikdan mahrum qilish
jazosini ijro etish muassasalarining ishini izdan chiqaruvchi harakatlar uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi 220-moddasi bo‘yicha ham kvalifikasiya qilinishi lozim.
37. Qasddan odam o‘ldirish jinoyati haqidagi ishlar bo‘yicha jinoyat qonunining to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash juda muhim, chunki ushbu jinoyatni og‘irlashtiruvchi holatlarda sodir etganlik uchun qonunda favqulodda jazo chorasi – umrbod ozodlikdan mahrum qilish nazarda tutilgan.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications