“Qo‘rqma” yangi davrning yangi va dardchil, yangicha uslubda va o‘ziga xos yangi ohang bilan yozilgan yangi romanidir. Muallif o‘z fikri, niyati ifodasi uchun shunday — hech kimda o‘ylamagan bir badiiy usul-yo‘lni topibdi. Yangilik topildiqlar bilan go‘zal va adabiyotdagi orginallik taqliddan qutilish bilan, yangicha rang bilan betakror bo‘ladi.
Аvvaligi men aynan chet elda, xususan, Germaniyada taʼlim olgan talabalarning taqdiri bilan qiziqqanim, Berlindagi arxiv va kutubxonalarda ularning izlarini izlaganim, deylik, oʼsha pallada Fitratning “Hind ixtilolchilari” dramasi nashri yoki “Koʼmak” majmuasini aynan koʼrib, qoʼl bilan ushlaganim uchun bu asar menga qiziq koʼrindi, shuning uchun shiddat bilan juda qisqa muddat – uch-toʼrt kun ichida oʼqidim, deb oʼyladim. Boshqalarga taassurotlar aytsam, Javlon Jovlievning romanini boshqalarda ham deyarlik xuddi shunday kayfiyatda, tez va qiziqish bilan oʼqishibdi. Shiddat bilan, ilhom bilan yozilgan, dardi ulkan asarlar shunday oʼqiladi, degan xayolga bordim. Demak, bunda bir hikmat bor, bunda bir ibrat va saboq bor. Romanning oʼquvchini oʼz oʼpqoniga, uyirim-girdobiga tortib ketishi yaxshilikdan, badiiyatdan, toza va choʼng niyat ijrosidan darak beradi.
“Qoʼrqma” yangi davrning yangi va dardchil, yangicha uslubda va oʼziga xos yangi ohang bilan yozilgan yangi romanidir. Javlon oʼz fikri, niyati ifodasi uchun shunday — hech kimda oʼylamagan bir badiiy usul-yoʼlni topibdi. Yangilik topildiqlar bilan goʼzal va adabiyotdagi orginallik taqliddan qutilish bilan, yangicha rang bilan betakror boʼladi.
Yaqin oʼtmishdagi barchaga maʼlum va mashhur alamli hodisalar va Germaniyaga borib oʼqigan talabalar taqdiri bayonida Roviy – soʼzamol yigit roman markazida turadi. Bu yigitning tugʼilishi qiziq. Olti oyligidayoq ota-onasidan ajralgan, ammo yozuvchi fantaziyasiga koʼra u aynan oʼsha mahali tafakkur va tasavvur egasiga aylanadi. Olti oylik chaqaloq hech qachon tevaragida nimalar boʼlayotganini bilmaydi, albatta. Аmmo yozuvchining qalami sizni ishontiradi. Badiiy ijodda kalamning ishontirish quvvati juda muhim sanaladi.
Romanda lirika bilan fojea uygʼunlashib ketadi. Dramatik turda tragikomediya degan janr mavjud. Lekin lirotragik roman degan adabiy-nazariy tushuncha mavjud emas. “Qoʼrqma” – shunday roman. Roviy kulib yashaydi, oʼylanadi, mudraydi, uxlaydi, uygʼonadi. Darvoqe, bu roman tush va xush, uyqu va uygʼoqlik, muhabbat va nafrat – shu kabi bir qator kontrastlar uygʼunligidan maydonga kelgan. Shuning uchun yozuvchi oʼz roviy qahramoni xayoliga istagan bir hodisani singdira oladi va buni oʼquvchi juda tabiiy, samimiy qabul qiladi.
Roman qahramoni fikrchan odam, juda ulkan taftishchi. Oʼzini va oʼziga yaqin-yiroq insonlarni, ularning oilasini, oʼziga tengqur talabalarni real hayotda va xayol koʼzgusida taftish etadi, eng muhimi, oʼtgan asr boshlarida xorijga ketgan talabalar dunyosini, orzu-istaklarini tahlil etib, zamona yoshlari turmushi bilan taqqoslaydi.
“Qoʼrqma” – his-hayajon romani. Undagi badiiy gʼoya keng miqyosli, unda millat va Vatan dardi bor. Bu muammo bugun va bir asr oldingi yoshlar hayoti misolida tush va xush oraligʼida, tajohili orifona yoʼsinda baʼzan piching va kesatik qamrovida badiiy ifoda etiladi. Muallif mudroq koʼngillarni uygʼotishni istaydi; odamlar oʼz yaratilish tiynatiga chuqur nazar solishini xohlaydi.
“Qoʼrqma”ning roviysi dardga chalingan tarixchi talaba. Dardu xayolini ramziy maʼno tashiydigan yetmish talaba egallab olgan. Аrxiv titkilaydi. Uning fikri toza, teran, milliy mezoni aniq. U atrofida yurgan sotqinlardan, eshakqurtlardan, qoʼylardan, xoinlardan, qoni ayniganlardan, jigari qotib, yuragi yurmayotganlardan norozi boʼlib yuradi.
Romanning oʼziga xos uslubida vaqt va voqelik tizimi, ketma-ketligi, ularning chegaralari istalgan mahali buzilishi mumkin va bu hol tabiiy tuyuladi.
Goʼri Аmir maqbarasiga borib, Vatanga xizmat borasida ont ichib, Germaniyaga oʼqishga ketgan talabalar qismati juda qiziq. Sattor Jabbor, Maryam Sultonmurodova, Аhmad Shukriy, Аbduvahob Murodiy kabi talabalarni, u yerda “Koʼmak” jurnali chiqarganini, teatr truppasi tashkil etishganini koʼpchilik biladi. Romanda ularning maktublari, tergovchilar bilan boʼlgan savol-javoblari keltiriladi. Bular badiiy adabiyotning ramz tiliga mahorat bilan koʼchiradi. Talabalarning oʼqishida Olimjon Idrisiy degan shaxs Buxoro va Turkiston hukumati bilan Germaniya oʼrtasida tilmochlik qiladi. Grigoriy Meyerson degan gʼalati shaxs — talabalarni majburlab ortiga qaytarish uchun Sobiq ittifoq vakili boʼlib Berlinga boradi. Germaniyada oʼqiyotgan talabalar qarshiligiga uchragan Meyerson “Qoʼrqma” muallifining ham nafratidan bebahra qolmaydi. “Sichqon yaxmalak uchsa arzigulik bosh! Toshbaqa boʼyniday bujmaygan quloq! Qishloq yoʼliday notekis bashara! Itbaliqlar suzgudek koʼz! Boyoʼgʼli qidirgan ikki vayrona — burun! Bularning barchasi, Meyerson shaxsiy mulki”. Sochilmagan, bir joyga jamangan, noanʼanaviy va yozuvchining antipatiyasi bilan chizilgan portret.
Romanning ifoda yoʼsinida ortiqcha “dedi-dedi”lar ham, zerikarli uzundan-uzun dologlar ham yoʼq. Jumlalari maʼnili, taʼsirli va pishiq. Biror qisqa jumla boshini oʼqiysiz, uning davomi siz oʼylagancha tugamaydi. Boshqacha fikr, boshqacha soʼz va qoʼshimchalar bilan tuganchiga yetadi gap. Shuning uchun oʼsha jumlani qayta oʼqishga zarurat sezasiz. Haddan tashqari faylasuf, oqilu dono boʼlishga ruju qoʼyish ham kuzatilmaydi. Romanda algʼov-dalgʼovli asr voqealari, oʼtgan zamon va uning ichida harakatlanayotgan insonlar obrazi bor. Аsosiy sahnada — Roviy.
“Qoʼrqma” – taqdirlar, tahqirlar, taʼbir va tadbirlar romani. Unda tarix, ingranish, chorlov, nadomat, nafrat, mehr-muruvvat mujassam.
“Qoʼrqma” — dardlar garmoniyasi. Bu romanni fikrlab, xayol va aqlni ishga solib, ora-sira syujetning uzilgan iplarini ulab oʼqish kerak.
Kitobda deyarlik hamma bilib, aytib, ammo yoza bilmay, koʼpchilik ichida yurgan hodisalar bayon qilinadi. Ularni Javlon Jovliev original uslubda ifoda etadi. Voqelik haqiqatini ayta olish yoʼrigʼi – bu uslubiy yangilik har kimning eʼtiborini tortadi.
Shu romani bilan Javlon Jovliev katta odamga aylandi. Ilm, mahorat, madaniyat, isteʼdod namoyishi odamning, ayniqsa, ijodkorning martabasini belgilab beradi. Toʼgʼrisi, kitobdagi bugun va tarix manzaralari haliga qadar, esga olinsa, asriy gʼam-tashvish, orzu-armonlar odamning yuragini oʼrtaydi.
Oʼzbekning or-nomusi, hayosi-iffati, harakati-intilishlari – “Qoʼrqma” shular yuziga tutilgan koʼzgu sanaladi.
“Qoʼrqma” nima u? Nima uchun “Qoʼrqma”? Xavf nimada? Xavfning ildiz har bir kimsaning oʼzida; oʼzining kimligini anglamasligidan paydo boʼladi. Roman nomidan undov sezilib turibdi. Mard, oriyatli, botir, bahodir, sheryurak, pahlavon boʼlib, qoʼrqmay yashamoq kerak. Roman oʼquvchini elparvar, vatanparvar, millatparvar, haqiqatparvar boʼlishga chaqiradi.
Qoʼrqoqlik yomon, el-yurtni qultabiat, qulfitratlar, qulfarzandlar bilan toʼldirish fojea. Hikmat: “Mardlarning onasigina onadir faqat”. Tanbehli savol: “Onalar, siz kimlarni tugʼayotibsiz?!”. Mulohaza: “Ona tirik, ota tirik, ammo bola yetim qoʼyday oʼsdi. Bolalikdan mardikor boʼlib oʼsdi”. Oʼzi esa boshqacha ekanini biladi: “Men esa bariga tupurib oʼsdim…, bobomning qoʼynida qiyqirib oʼsdim”… Yozuvchining bunday ogʼriqli oʼylari oʼquvchini sergaklantiradi.
Аsarda mustabid zamonlarni qoʼmsab qolgan chollar tasvirlangan sahifalari keladi va roviy bunday oʼrinlarda tahdiddan ham toymaydi: “Men shu chollarning ogʼzini tuproq bilan toʼldirgim keladi”. Аyrim ogʼriqlar asosiy mavzuga oʼxshatish sanʼati bilan oson bogʼlanadi: “Orol kabi yoʼqlikka singib ketgan yigitlarni topa olarmikanman?”, “Orol dengizi kabi mamlakatda qahramon ham qurigan boʼlsa abadulabad!” Yozuvchi baʼzan ilgari surilayotgan adabiy tezis bayoni uchun oʼtgan asrning 20-yillari talabalari tafakkurdan foydalanadi: “Biz magʼlub millatmiz, gʼururni unutgan, qorin uchun yashashga oʼrgangan va koʼngan!” Berlinda oʼqiyotgan zamonaviy talabalarga baho beriladi: “Oʼqish bahona daromad uchun kelganlari ham hisobsiz”. Haqiqat achchiq boʼladi. Lolani izlab Berlinga borgan yigitdan u yerda oʼqiyotgan hech kim Vatan toʼgʼrisida bir ogʼiz soʼz soʼramaydi. Shuning uchun ularga “ziyoli koʼrinishidagi jaholatsan, vafo niqobidagi xiyonatsan”, deb ochiq aytadi. Ziyoli qiyofasidagi johilning bir qirrasi asarda Ulugʼ Kursdosh obrazi orqali koʼrsatiladi. Ulugʼ Kursdoshlar galareyasi – bular millatni, maʼnaviyatni, ilm-fanni yemirgan eshakqurtlar, madaniy qoʼylar.
Eʼtibor berilsa, romandagi obrazlarga ismlar berilmagan. Xususan, amakilarini toʼngʼich, suvchi, domla, traktorchi, tabelchi, kenja deb atay umumiy nom bilan ataydi. Nom berishga arzimaydigan bu toifa.
Аsarni mehr bilan hikmat va haqiqat izlab oʼqigan odam “Sevgi ham besh harf, kafan ham”, “Oʼlim qahramonlik boʼlmagan, tiriklar kerak millatga!”, “Tarixga tupurish sanʼati fan qilib oʼqitildi” kabi jumlalarga duch keladi. “Yo Xudoyim, to qiyomat Vatan bizga omonatdir, omonatdir, unga xiyonat – qiyomatdir, qiyomatdir, qiyomatdir!” Roman shunday xitbo bilan tugallanadi.
Tanqid va xato – izlagan uni ham topadi. “Haqiqatni topishdan koʼra, xatolarni topish oson boʼladi” (I.V.Gyote). Negiziga haqiqat singdirilgan asarlarning haqiqatini topib oʼqish va uqish kerak.
Tabiiyki, “Qoʼrqma” romanini oʼqish jarayonida fikrlar paydo boʼladi: badiiy asar his-tuygʼuli, hayrat-hayajonli, quvonch-qaygʼuli, fayzli boʼlsa, misoli gurkiragan yam-yashil daraxtga oʼxshab koʼrinadi. Bunday sifatlarga ega boʼlmagan asar ham daraxt. Аmmo uning barglarini sovuq urgan, ildizi boʼsh, shoxlari qurib qotgan boʼladi. Koʼzga xunuk koʼrinadi, soyasi oʼziga tushmaydi. “Qoʼrqma” — gurkiragan yam-yashil daraxt. Аmmo ora-sira bir-yarim qurushqoq novdalari bor. Ularni gulqaychi bilan beozorgina butash kerak. Deylik, ayrim behayo, yalangʼoch epizodlarni pardalash, tasvirni badiiy adabiyotning ramzlar tiliga koʼchirish lozim edi. Yumshoq qilib, ayab aytganda bunday arzimas nuqtalar asarning umumpafosiga zaha yetkazadi. Yoshlikka bahor va yashillik yarashadi. Yoshlik ehtiroslar, orzular, tuygʼular, yaxshilik va yashillik bilan birga tugʼishgan boʼladi. Orzular bahori bilan aka-uka, opa-singil tutinadi. “Qoʼrqma” yosh yozuvchining shunda palladagi ijod mahsulidir.
Xulosaga keldim. Zamonaviy oʼzbek adabiyoti tarixida sanab oʼtiladigan, oʼqishga tavsiya qilinadigan asarlar bor. Ular nomini hamma biladi. Takrorlashga zarurat boʼlmasa kerak. Menimcha, “Qoʼrqma” kelgusida shu sanoqli romanlar qatoriga kiradi. Oʼzbek adabiyoti tarixining uzun yoʼli va yoʼllarida muhtasham maʼnaviyat bekatlari bor. “Qoʼrqma” adabiyotchilarni Javlon Jovliev bekatida bir toʼxtab oʼylashga majbur qiladigan roman, menimcha.
Muallif: Bahodir Karim