Gazdan turmushda foydalanishda sodir boʻladigan baxtsiz hodisalarni tekshirish tartibi belgilandi

Hukumat qarori bilan Gazdan turmushda foydalanishda sodir boʻladigan baxtsiz hodisalarni tekshirish hamda hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga koʻra, baxtsiz hodisa yuz berganda Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy boʻlinmalariga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar (Ichki ishlar va prokuratura organlari)ga, shuningdek, “Hududgaztaʼminot” AJning hududiy gaz taʼminoti tashkilotlariga va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga zudlik bilan xabar berishlari lozim.

Baxtsiz hodisa sodir boʻlishi natijasida:

➖ uch nafargacha shaxs (shu jumladan, uchinchi shaxsni hisobga olganda) hayotiga yoki sogʻligʻiga ziyon yetgan yoxud halok boʻlgan taqdirda, buning sabablarini tekshirish tuman (shahar) hokimining qarori asosida uning ushbu sohaga mutasaddilik qiladigan oʻrinbosari rahbarligida tuziladigan komissiya tomonidan;

➖ yetti nafargacha shaxslar (shu jumladan, yettinchi shaxsni hisobga olganda) hayotiga yoki sogʻligʻiga ziyon yetgan yoxud halok boʻlgan taqdirda – Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimining qarori asosida uning ushbu sohaga mutasaddilik qiladigan oʻrinbosari rahbarligida tuziladigan komissiya tomonidan;

➖ sakkiz nafar yoki undan ortiq shaxslar hayotiga yoki sogʻligʻiga ziyon yetgan yoxud halok boʻlgan taqdirda – Vazirlar Mahkamasi farmoyishi asosida tegishli Bosh vaziri oʻrinbosari yoki Bosh vazir maslahatchisi rahbarligida tuziladigan komissiya tomonidan amalga oshiriladi.

Baxtsiz hodisa sabablarini tekshirish boʻyicha tuziladigan tegishli komissiyaning tarkibiga quyidagi vazirlik va idoralar vakillari kiritilishi shart:

● Favqulodda vaziyatlar vazirligi (hududiy boʻlinmalari);

● Energetika vazirligi;

● “Hududgaztaʼminot” AJ (hududiy gaz taʼminoti tashkilotlari);

● Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi (hududiy boʻlinmalari);

● Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi (hududiy boʻlinmalari), (baxtsiz hodisa koʻp kvartirali uylarda sodir boʻlganda);

● Energetika vazirligi huzuridagi Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (hududiy boʻlinmalari),

(baxtsiz hodisa tabiiy va suyultirilgan uglevodorod gazi yoki neft mahsulotlaridan foydalanishda sodir boʻlganda);

● Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi (hududiy boʻlinmalari) (baxtsiz hodisa qattiq yoqilgʻi turlari (koʻmir va koʻmir mahsulotlari)dan foydalanishda sodir boʻlganda).

Komissiya tomonidan amalga oshirilgan tekshirish natijalari yuzasidan 15 ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatda komissiya tomonidan tekshirish dalolatnomasi rasmiylashtiriladi.

Baxtsiz hodisalar Energetika vazirligi tomonidan hisobga olinadi.

Turar joylar, shu jumladan koʻp kvartirali uylarda yongʻin sodir boʻlganda tekshirish Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications