Sudlangan shaxsning huquqiy holati va sudlanganlikning jinoyat-huquqiy oqibati qanday?

Sudlanganlik shaxsni jinoyat sodir qilganligi uchun hukm qilishdagi huquqiy oqibati boʼlib, uning “maxsus huquqiy holati”ni keltirib chiqaradi. Bu huquqiy oqibatlarni bir-biridan ajratish mumkin emas, ularning biri ikkinchisi bilan uzviy bogʼliqdir.

Sudlanganlikning maxsus huquqiy holatida, jazoga hukm qilinib, jazoni oʼtayotgan shaxsga, oʼsha jazo turini oʼtash bilan bogʼliq boʼlgan huquqiy cheklashlar majburiy ravishda tatbiq qilinadi.

Bundan tashqari, shaxs jazoni oʼtab boʼlganidan keyin ham sudlanganlikning oqibatlari vujudga keladi. Bu oqibatlarni umumiy va jinoyat-huquqiy oqibatlarga boʼlish mumkin. Sudlanganlikning jinoyat-huquqiy oqibatlari, faqat shaxs yangi jinoyat sodir qilsagina paydo boʼladi. Аgar shaxs biron-bir yangi jinoyat sodir qilmasa, jinoyat-huquqiy oqibatlari umuman vujudga kelmaydi. Аmmo bunday huquqiy oqibatlarning kelib chiqish muddatlari qonun bilan chegaralangan boʼlib, Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 78-moddasida nazarda tutilgan muddatlar oʼtib ketganidan keyin, sudlanganlikning jinoyat-huquqiy oqibatlari paydo boʼlmaydi va shu muddatlar oʼtib ketganidan keyin shaxs yangi jinoyat qilsa, birinchi marta jinoyat sodir etilgan deb umumiy asoslarga muvofiq jinoiy javobgar qilinadi.

Sudlanganlikning umumiy oqibatlari yuzasidan qonunlarda biron-bir muddat belgilangan emas. Sudlanganlikning umumiy oqibatlari shundan iboratki, shaxs ayrim rasmiy hujjatlarni toʼldirish vaqtida oʼzining oldin sudlanganligi haqida albatta qayd qilishi kerak.

Sudlanganlikning jinoyat-huquqiy oqibatlari qachon vujudga keladi?

Sudlanganlikning jinoyat-huquqiy oqibatlari shaxsning oldingi jinoyati uchun sudlanganlik muddati oʼtmasdan yoki qonunda belgilangan tartibda olib tashlanmasdan yangi jinoyat sodir etganidagina vujudga keladi. Sudlanganlik holati jinoyat-huquqiy boʼlmagan oqibatlarni ham keltirib chiqaradi.

Sudlanganligi tugallanmagan va olib tashlanmagan shaxs tomonidan yangi jinoyat sodir etilgan holda kelib chiqadigan jinoyat-huquqiy oqibatlar quyidagilarda ifodalanadi:

  • sudlanganlik qator hollarda jinoyat kvalifikatsiyasiga taʼsir etuvchi, yaʼni jinoiy javobgarlikni kuchaytiruvchi holat hisoblanadi;
  • sudlanganlik muayyan hollarda shaxsni oʼta xavfli retsidivist deb topilishiga asos boʼladi (JK 34-moddasi);
  • sudlanganlik, agar shaxs muqaddam ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni oʼtagan boʼlsa, jazoni ijro etish koloniyasi turini belgilash uchun ahamiyat kasb etadi (JK 50-moddasi);
  • sudlanganlik jazoni ogʼirlashtiruvchi holat sifatida eʼtirof etiladi (JK 56-moddasi);
  • ilgari sodir etilgan jinoyati uchun jazo oʼtayotgan shaxs tomonidan yangi jinoyat sodir etilgan hollarda, hukmlar majmui boʼyicha jazo belgilashda sudlanganlik qattiqroq qoidalar qoʼllanilishiga sabab boʼladi (JK 60-moddasi);
  • tugallanmagan va olib tashlanmagan sudlanganlik holatining mavjudligi ayrim asoslar boʼyicha, masalan, aybdor oʼz qilmishiga amalda pushaymon boʼlganligi (JK 66-moddasi), alohida hollarda esa (ogʼir va oʼta ogʼir jinoyatlar uchun sudlanganlik holati mavjud boʼlganda), jinoyat sodir etgan shaxs jabrlanuvchi bilan yarashganligi (JK 66-1-moddasi) munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod etilishiga toʼsqinlik qiladi.

Sudlanganlik holatining jinoyat-huquqiy oqibati qonunda nimalarni taqiqlashda ifodalanadi?

Sudlanganlik holatining jinoyat-huquqiy oqibati jazodan ozod qilish (JK 71-moddasi), shartli hukm qilish (JK 72-moddasi), voyaga yetmagan shaxsga nisbatan majburlov choralarini qoʼllash (JK 87-moddasi) kabi choralarni qoʼllash uchun qonunda taqiqlarni yuzaga keltiradi.

Bundan tashqari, sudlanganlikning ma’muriy-huquqiy oqibati ham mavjud boʼlib, bu ayrim toifadagi sudlanganlar ustidan ma’muriy nazorat oʼrnatilishiga sabab boʼladi. Yaʼni ularning muayyan hududlarda boʼlishi taqiqlanadi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications