Ta’lim krediti qanday olinadi?

Share on telegram
Share on facebook
Share on twitter
Share on linkedin
Share on whatsapp
Share on odnoklassniki
Share on vk

Oliy oʼquv yurtlarida toʼlov-kontrakt asosida oʼqish uchun taʼlim kreditlari berish toʼgʼrisidagi nizomga muvofiq taʼlim kreditlari tijorat banklari tomonidan oliy taʼlim muassasalarining kunduzgi boʼlimlariga toʼlov-kontrakt asosida qabul qilingan Oʼzbekiston fuqarosi boʼlgan talabalarning oʼqishi uchun talabalarning oʼzlariga, ularning ota-onalariga yoki vasiylariga berilishi mumkin.

Taʼlim kreditlari, oliy taʼlim muassasalarida oʼqish davri hisobga olingan holda, bakalavriatga oʼqishga qabul qilingan talabalarga 10 yilgacha, magistraturaga oʼqishga qabul qilingan talabalarga 5 yilgacha boʼlgan muddatga beriladi.

Muddatli harbiy xizmatni oʼtash davri bu muddatga kirmaydi.

Tijorat banklari tomonidan berilgan taʼlim kreditlari boʼyicha:

chin yetimlarga, «Mehribonlik uylari»da tarbiyalanganlarga hamda bolalikdan I va II guruh nogironlariga — nolь foiz stavkasi (foizsiz kredit);
talabalarning qolgan toifalariga — Oʼzbekiston Respublikasi Markaziy bankining amaldagi qayta moliyalash stavkasidan yuqori boʼlmagan oʼzgaruvchi foiz stavkalari (bu yil uchun 14 foiz) belgilanadi.
Taʼlim kreditlari boʼyicha foiz stavkasi va tijorat banklari tomonidan qoʼshiladigan foizlar uchun toʼlovlar miqdori Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi oʼzgarishiga qarab oʼzgarishi mumkin.

Bunda kam taʼminlangan oilalardan boʼlgan talabalar uchun kredit boʼyicha qoʼshilgan foizlarning 50 foizi tuman Bandlikka koʼmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari tomonidan Ish bilan taʼminlashga koʼmaklashish davlat jamgʼarmasi mablagʼlaridan toʼlanadi. Kam taʼminlangan oilalar toifasi mahalla fuqarolar yigʼinlari tomonidan aniqlanadi.

Taʼlim kreditlari uchun foizlarni hisoblash va toʼlash taʼlim muassasasiga oʼtkazilgan summa berilgan vaqtdan, asosiy qarzni qaytarish esa talaba tomonidan oliy taʼlim muassasasida oʼqishning taʼlimning ushbu turi uchun rasmiy belgilangan muddati tugallangandan keyin uch oy oʼtgach boshlanadi.

Taʼlim kreditlari qarz oluvchi yashaydigan aholi punktida joylashgan tijorat banklari muassasalari tomonidan beriladi.

Taʼlim kreditini olish uchun qarz oluvchi tijorat bankiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

taʼlim krediti berish toʼgʼrisidagi ariza;
talaba va oliy taʼlim muassasasi oʼrtasidagi toʼlov-kontrakt asosida oʼqish haqida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan shartnoma (kontrakt). Kontraktda oʼqishning belgilangan muddati va bir yil uchun toʼlov miqdori koʼrsatilgan boʼlishi lozim. Oʼqish uchun toʼlov miqdori keyingi yillarda oʼzgargan hollarda kontraktlarga tegishli oʼzgartirishlar kiritiladi, bu haqda oliy taʼlim muassasasi oʼn kun muddatda bankka yozma ravishda maʼlum qiladi, soʼngra qarz oluvchi, bank va oliy taʼlim muassasi oʼrtasidagi kredit shartnomasiga zarur oʼzgartirishlar kiritiladi;
fuqarolarning oʼzini oʼzi boshqarish organlari yoki xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan qarz oluvchining yashash joyi toʼgʼrisida berilgan maʼlumotnoma:
kreditni qaytarishning taʼminlanishi toʼgʼrisida hujjat;
imtiyozli taʼlim kreditlari olish huquqiga ega boʼlgan chin yetimlar, «Mehribonlik uylari»da tarbiyalanganlar, bolalikdan I va II guruh nogironlari, kam taʼminlangan oilalardan chiqqanlar tegishli tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadilar.
Qarz oluvchi yuqoridagi hujjatlarni bankka taqdim etish bilan ayni bir vaqtda pasportini shaxsan koʼrsatadi. Bank pasportdan va taqdim etilgan boshqa hujjatlardan zarur koʼchirmalar va nusxalar olishga haqlidir.

Olingan kredit qaytarilmasligi xavfini oldini olish maqsadida qarz oluvchi quyidagi taʼminlash shakllaridan birini bankka taqdim etish lozim, uning amalga oshirilishi unga qoʼyilgan asosiy talab hisoblanadi:

mol-mulk yoki qimmatli qogʼozlarni garovga qoʼyish;
bankning kafolati;
uchinchi shaxsning kafilligi;
sugʼurta kompaniyasining qarz oluvchining kreditni qaytara olmasligi xavfi sugʼurta qilinganligi toʼgʼrisidagi sugʼurta polisi;
fuqarolarning oʼzini oʼzi boshqarish organlarining kafilligi (faqat chin yetimlar va «Mehribonlik uylari»da tarbiyalanganlar, bolalikdan I va II guruh nogironlari va kam taʼminlangan oilalardan chiqqanlar uchun).
Аgar taqdim etilgan hujjatlar bank talablariga javob bersa, bank, qarz oluvchi va oliy taʼlim muassasasi oʼrtasida kredit shartnomasi tuziladi.

Taʼlim kreditlari boʼyicha mablagʼlar kredit shartnomasida qayd etilgan shartlarda har yarim yilda oʼqish uchun yillik toʼlovning toʼliq miqdorini ikki teng qismga boʼlish yoʼli bilan oʼtkaziladi. Bunda yangidan qabul qilingan talabalar uchun birinchi yarim yillikda oʼqiganlik uchun boshlangʼich toʼlov joriy yilning 1 oktyabrigacha, ikkinchi yarim yillik uchun — navbatdagi kalendarь yilning 15 martigacha toʼlanadi.

Oʼqishning ikkinchi yilidan boshlab kredit hisobiga toʼlovlar har yarim yillik birinchi oyi (sentyabrь va mart)ning 5-kunidan kechiktirilmay toʼlanadi.

Аgar talaba oʼqish davri tugamasdan talabalar safidan oʼchirilsa, taʼlim muassasasi rahbariyati rektorning buyrugʼi chiqqan kundan boshlab 10 ish kuni mobaynida bu haqda bankka xabar berishi kerak, qarz oluvchi esa oʼz navbatida uch oy muddatda taʼlim krediti va unga qoʼshilgan foizlar boʼyicha qarzlarni toʼliq qaytarishi lozim.

Talabaning talaba safidan chiqarilishi oliy taʼlim muassasasi tomonidan bankka oʼz vaqtida maʼlum qilinmagan taqdirda, taʼlim muassasasi ushbu davr uchun hisoblangan foizlarni bankka toʼlashga majbur.

Share on telegram
Share on facebook
Share on twitter
Share on linkedin
Share on whatsapp
Share on odnoklassniki
Share on vk
Scroll to Top