Asal Jurayeva
Toshkent davlat yuridik universiteti Ma’muriy va moliya huquqi kafedrasi o’qituvchisi
Hozirgi kunda ko‘plab yoshlarmiz xorijiy mamlakatlarda joylashgan nufuzli oliy ta’lim dargohlarida o‘qishga intilmoqda. O‘z navbatida buning juda ko‘plab afzalliklari mavjud. Masalan, chet tilini mukammal o‘zlashtirish, turfa xil mamlakatlardan kelganlar bilan do‘stlashish, mutaxassislik fanini mukammal o‘zlashtirish, eng zamonaviy laboratoriyalarda tajriba olib borish va h.k. Lekin bu orada bir savol tug‘iladi xorijdagi oliy ta’lim muassasasida olgan diplom bilan O‘zbekistonda ishlasa bo‘ladi? Javob esa “ha”, ammo ma’lum tartib-taomillarga rioya etish lozim bo‘ladi. Qanday deysizmi? Quyida xorijiy davlatlarda olingan oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish xususida batafsil to‘xtalib o‘tamiz.
Mamlakatimizda xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi shug‘ullanadi. Mazkur inspeksiya xorijiy davlatlarda umumiy o‘rta, o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar (professional), oliy ta’lim, kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish ta’limi olganlik to‘g‘risidagi 1992-yil 1-yanvardan so‘ng berilgan hujjatlarni tan olish bilan bog‘liq ishlarni olib boradi. Xizmatni ko‘rsatishning huquqiy asosi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-iyuldagi “Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibini takomillashtirish haqida”gi 620-son qarori. Mazkur davlat organiga siz bevosita davlat xizmatlari markazlariga borib murojaat qilish orqali yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (my.gov.uz) ro‘yxatdan o‘tgan holda so‘rov yo‘llashingiz mumkin.
Bilasizmi? Xorijiy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat guvohnoma bilan birgalikda taqdim etilganda O‘zbekiston Respublikasi hududida qonuniy kuchga ega bo‘ladi.
Buning uchun qanday hujjatlar kerak bo‘ladi?
Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish uchun so‘rovnomaga quyidagi hujjatlarni ilova qilishingiz lozim:
- xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjat va unga ilovasi;
- xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjat va unga ilovaning O‘zbekiston Respublikasi davlat tiliga tarjima qilingan notarial tasdiqlangan nusxasi.
Yodda saqlang! Sizdan yuqorida sanalgan hujjatlardan tashqari boshqa qo‘shimcha hujjatlarni taqdim etishni talab qilish taqiqlanadi.
Qancha miqdorda to‘lov qilish kerak bo‘ladi?
Xorijiy davlatlarda oliy ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorda yig‘im undiriladi.
So‘rovnoma davlat xizmatlari markazida yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali zarur ma’lumotlar kiritilgandan so‘ng talabgorning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
Bilishingiz kerak…
Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish quyidagi hollarda to‘g‘ridan to‘g‘ri (sinovlarsiz) amalga oshiriladi:
- xorijiy davlatlarda umumiy o‘rta, o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va malaka oshirish ta’limi olgan talabgorlarning xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlari;
- O‘zbekiston Respublikasi hududida alohida bo‘linmalari (filiallari) va qo‘shma ta’lim muassasalari faoliyat yuritayotgan xorijiy ta’lim muassasalarida ta’lim olgan talabgorlarning hujjatlari;
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Davlat inspeksiyasining qo‘shma qarori bilan ro‘yxati har yili tasdiqlanadigan xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlarning (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education, Academic Ranking of World Universities) reytingida oliy ta’lim muassasalari orasida birinchi 1000 o‘rinni egallagan xorijiy oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olgan talabgorlarning hujjatlari;
- tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralarining yo‘llanmalari asosida mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun xorijiy davlatlar tomonidan ajratilgan kvotalar (grantlar) hisobidan ta’lim olgan talabgorlarning hujjatlari;
- 1992-yil 1-yanvargacha xorijiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan talabgorlarning hujjatlari;
- Oliy ta’limda sifatni kafolatlash Yevropa assotsiatsiyasining (European Association for Quality Assurance in Nigher Education) to‘laqonli a’zolari — vakolatli tashkilotlar tomonidan akkreditatsiya qilingan ta’lim muassasalarida ta’lim olgan talabgorlarning hujjatlari, ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan yo‘nalishlar, mutaxassisliklar va kasblar bundan mustasno;
- Amerika Qo‘shma Shtatlari, Avstraliya Ittifoqi, Isroil Davlati, Kanada, Singapur Respublikasi, Koreya Respublikasi, Yaponiya davlatlarining ushbu davlatlar vakolatli tashkilotlari tomonidan akkreditatsiya qilingan ta’lim muassasalarida ta’lim olgan talabgorlarning hujjatlari, ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan yo‘nalishlar, mutaxassisliklar va kasblar bundan mustasno;
- xorijiy oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobiga ta’lim olgan talabgorlarning hujjatlari;
- O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan hollarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar.
Hujjatlar topshirildi, to‘lov qilindi, xo‘sh keyinchi?
Xorijiy davlatlarda oliy ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish uchun Davlat inspeksiyasida xorijiy ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish uchun taqdim etiladigan hujjatlarni o‘rganish bo‘yicha ekspert komissiyalari tashkil etiladi.
Muddatlarga e’tibor beraylik…
Hujjatlar davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali kelib tushgan paytdan boshlab Davlat inspeksiyasi tomonidan bir ish kuni mobaynida so‘rovnoma va unga ilova qilingan hujjatlarning to‘liqligi tekshiriladi. Hujjatlar to‘liq bo‘lgan taqdirda bir ish kunidan kechikmay ekspert komissiyalariga yuboriladi. Ekspert komissiyalari Davlat inspeksiyasi boshlig‘ining buyrug‘i bilan tegishli ta’lim sohalari bo‘yicha 5 — 21 kishidan iborat tarkibda tashkil etiladi. Ekspert komissiyalari tarkibiga Davlat inspeksiyasi xodimlari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar tizimidagi tashkilotlar va muassasalarning yetakchi olimlari va mutaxassislari kiritiladi.
Ekspert komissiyalari xorijiy ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bo‘yicha hujjatlarni ko‘pi bilan o‘n ish kuni ichida ekspertizadan o‘tkazadi va xorijiy ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olishga qo‘yiladigan talablarga muvofiq yoki muvofiq emasligi to‘g‘risida xulosa tayyorlaydi.
Ekspert komissiyalari tomonidan ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarga ijobiy xulosa berilgan hamda test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgorlarga, shuningdek, xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlari to‘g‘ridan to‘g‘ri (sinovlarsiz) tan olingan talabgorlarga Davlat inspeksiyasi boshlig‘i tomonidan xorijiy davlatda oliy ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatni tan olish haqida guvohnoma berish bo‘yicha buyruq qabul qilinadi.
Davlat inspeksiyasi boshlig‘ining xorijiy ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish haqidagi guvohnoma berish to‘g‘risidagi buyrug‘iga asosan tegishli guvohnomalar tayyorlanadi hamda Davlat inspeksiyasi mas’ul xodimi tomonidan elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va QR-kod qo‘yilgan holda uch ish kuni ichida tegishliligiga ko‘ra davlat xizmatlari markazlariga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali talabgorlarga yuboriladi.
Huquqlarim buzilganda arz dodimni kimga aytsam bo‘ladi?
Siz, xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatni tan olish yoki uni rad etish haqidagi xulosa, shuningdek, Davlat inspeksiyasi xodimlari va ekspert komissiyalari a’zolarining xatti-harakati (harakatsizligi) yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga egasiz.
Shikoyat qilmoqchi bo‘lsangiz sizda 2 ta yo‘l mavjud bo‘ladi:
- Yuqori turuvchi organga murojaat qilish ya’ni bevosita Vazirlar Mahkamasiga;
- Ma’muriy sudga.
Mazkur vaziyatda siz istasangiz yuqori turuvchi organga murojaat qilishingiz mumkin yoki sudga. Shuni ta’kidlash joizki, yuqori turuvchi organga murojaat qilganda davlat boji to‘lamaysiz, ammo ma’muriy sudlarga davlat boshqaruvi organlarining, ma’muriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan boshqa organlarning qarorlari, ularning mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan berilgan arizalar (shikoyatlar) bo‘yicha fuqarolardan BHMning 1 baravari; yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlardan BHMning 10 baravari davlat boji undiriladi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, xorijdagi oliy ta’lim muassasasida olgan diplomingiz bilan yurtimizda bemalol ishlay olasiz, faqat diplomingizni O‘zbekiston Respublikasi hududida tan olinganligi haqidagi guvohnomani olishingiz talab etiladi.