Tushunishga harakat yoxud kambag’allik haqida qisqacha

Odamiy ersang, demagil odami,

Onikim, yo’q xalq g’amidin g’ami.

Alisher Navoiy

Och qolayotgan odamlar, xarobalar, bolalar o’limi. Farzandlaringizni yetarli ozuqa bilan ta’minlay olmaganingizda ularning ko’ziga qarash…Eng so’nggi baholashlarga ko’ra, 2015-yilda dunyo aholisining 10 % yoki 734 million odamlar kambag’allik darajasi(kuniga $1.90 dan kam)da yashagan. Bu 1990-yilgi qariyb 36% yoki 1.9 milliard odamlarga nisbatan ancha past hisoblanadi. Ammo, COVID-19 inqirozi, shuningdek, yoqilg’i narxining arzonlashishi sababli 2020-yilda bu ko’rsatkichning qarama qarshi yo’nalish olish ehtimoli yuqori. 1998-yildan buyon birinchi marta xalqaro iqtisodning inqiroz(turg’unlik)ga uchrashi sababli kambag’allik darajasi oshadi va aholi jon boshiga YAIMda keskin pasayish ro’y beradi. Jahon bankining hisoblashicha 2020-yilda 2019-yil bilan taqqoslaganda 40-60 million aholining kambag’allik darajasiga tushishi ro’y beradi.

Xo’sh, O’zbekistonda ahvol qanaqa?

2020-yil 24-yanvarda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan parlamentga qilingan Murojaatnomada mamalakatimizdagi kambag’allik haqida so’z yuritilib, uni yumshatish bo’yicha qator tadbirlar belgilandi. Jumladan, turli hisob-kitoblarga ko’ra kam ta’minlangan aholi qatlamlari 12-15% ni yoki 4-5 millionni tashkil etishi, ularga moddiy yordam berish muammoni yechishda bir tomonlama yondashuv ekanligi, kambag’allikni kamaytirish uchun esa aholida tadbirkorlik ruhini uyg’otish, insonning ichki kuch-quvvati va salohiyatini to’la ro’yobga chiqarish, yangi ish o’rinlari yaratish bo’yicha kompleks iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi. Biroq, yuridik terminologiya fors-major holatlar sifatida baholanadigan “pandemiya” deb ta’riflangan COVID-19 bizning mamlakatimizga ham kirib kelishi, “Asr o’pirilishi” deya nomlangan Sardoba fojiasi va uning oqibatida 70 ming kishining talofot ko’rishi, Buxoro viloyatida sodir bo’lgan kuchli shamol oqibatida ko’plab turar va noturar joylarning vayron bo’lishi yoki shikastlanishi, Samarqand viloyatidagi, Navoiy viloyati Zarafshon shahridagi tabiiy ofatlar va respublikaning turli hududlarida sodir bo’lgan hodisalar mavjud vaziyatni yanada chigallashtirdi. Buning ustiga, mamlakatimiz aholisi orasida keng tarqayotgan pandemiyaning oldini olish maqsadida 2020-yil 10-iyuldan butun respublika “qizil” hududga aylantirildi. Qisqacha aytadigan bo’lsak, hozir yog’on cho’zilib, ingichka uziladigan vaqt. Xohlaymizmi yo’qmi bularning bari xalqning ruhiyatiga o’z ta’sirini o’tkazmay qolmaydi.

Xo’sh, bunday vaziyatda davlatning roli qanday bo’lishi lozim?

Menimcha, ushbu savolga javob berishda O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan sanoqli normalarni keltirib o’tish kifoyadir. Konstitutsiyamizning muqaddimasida “O’zbekiston xalqi inson huquqlari va davlat suvereniteti g’oyalariga sodiqligini tantanali ravishda e’lon qilib, hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyatni anglagan holda, respublika fuqarolarining munosib hayot kechirishlarini ta’minlashga intilib… o’zining muxtor vakillari siymosida O’zbekiston Respublikasining mazkur Konstitutsiyasini qabul qiladi” deb belgilangan. Shunigdek, asosiy qonunimizning 2-moddasida davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qilishi, 7-moddada xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbai ekanligi va davlat hokimiyati xalq manfaatlarini ko’zlab amalga oshirilishi, 13-moddada O’zbekistonda demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanishi, unga ko’ra inson, uning hayoti, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi, 14-moddada davlat o’z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko’zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshirishi belgilangan. Yuqoridagi normalardan xulosa qilishimiz mumkinki, xalq manfaatlari ta’minlash davlatning eng ustuvor vazifasidir.

To’g’ri, ayni damlarda davlatimiz tomonidan ushbu vazifani amalga oshirish borasida ko’plab ishlar amalga oshirilmoqda. Bunga misol qilib, COVID-19 virusi bilan kasallangan bemorlarni davolash, ushbu faoliyatni amalga oshirayotgan sog’liqni saqlash xodimlariga berilayotgan moddiy rag’batlantirish va ustamalar, xorijda bo’lgan fuqarolarimizning mamlakatimizga qaytarilishi bilan bir qatorda amalga oshirilishi iqtisodiy jihatdan ancha-muncha o’ylantiradigan yuridik va jismoniy shaxslarga berilgan soliq imtiyozlari, kredit majburiyatlarining bajarilish muddatlarini uzaytirilishi va boshqa ko’plab ishlarlarni keltirishimiz mumkin.

Fikrimcha, bularga qo’shimcha ravishda quyidagi vazifalar ham bajarilishi lozim:

Birinchi, hozirda jahonning bir qancha davlatlarida amalga oshirilayotgan va mamlakatimizda ham aksariyat fuqarolar tomonidan ilgari surilayotgan davlat tomonidan fuqarolarga moddiy yordam berish masalasi. “Davlatning xudoyixona emas” ligi, “kishiga baliq berib uni faqat bir kunga, baliq tutishga o’rgatib esa butun umri davomida to’ydirish mumkin” ligi holatlarini hisobga olsak ham, ayni karantin davrida ehtiyojmand insonlarga moddiy yordam berish masalasi tazori pallasida og’irroq keladigandek tuyuladi. Misol tariqasida, Amerika Qo’shma Shtatlarida har bir soliq to’lovchiga $1200 va har bir farzand uchun $600 cheklar yuborishga qaror qilindi. Qozog’istonda muhtoj oilalarga 42,5 ming tenge(taqriban 1 mln so’m)dan pul berilishi e’lon qilindi. Tojikistonda aholining kam ta’minlangan qismiga eng kam ish haqining bir barobari miqdorida(400 somoni – $40) bir martalik moddiy yordam ko’rsatildi. Ayni damda, ko’pgina fuqarolar, ayniqsa iqtisodchilar tomonidan bizning mamlakatimizda ham yuqoridagilarga o’xshash moddiy yordamlar berish masalasi, mamlakatimizdagi rasmiy va norasmiy sektorlar, ulardagi ish o’rinlari va ularning nisbati, ayni damlarda aholining qaysi qatlamlari nisbatan qiyinroq ahvolda ekanligi, mamlakatimizning hozirgi iqtisodiy holati va o’z fuqarolariga moddiy yordam berish imkoniyati va boshqa masalalarni muhokama qilishmoqda. Men ular tomonidan bildiril(ayot)gan ko’plab fikrlarga qo’shilgan holda, ushbu masalaning quyidagi jihatiga e’tibor qaratmoqchiman.

Kasalni davolashdan uning oldini olgan afzal

Masalaga boshqa tomondan yondashadigan bo’lsak, hozir qat’iy choralar ko’rilmas ekan, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishda qilinadigan sarflar(tibbiy uskunalar va buyumlar sotib olish, karantin zonalari va maxsus shifoxonalar qurish, karantinda saqlanadigan shaxslarni parvarish qilish va hokazolar uchun) ham oshib boradi. Menimcha, ushbu yuz berish xavfi juda yuqori sarflarning oldini olish uchun ham davlat 20 kunlik qisqa muddatda xalqqa moddiy yordam berishi va shu orqali ularni uyda qolishga “majburlashi” lozim. Ushbu “rag’bat” fuqarolarni uyda qolishga “majburlashning” eng samarali preventiv vositalaridan biri bo’ladi. Ko’pchilikka mashhur siyosatchi-olim, elchi sifatida ma’lum bo’lgan Benjamin Franklin so’zi bilan aytganda, tejalgan pul ishlab topilgan puldir(A penny saved is a penny earned). Hozirgi deyarli barcha davlatlar oldida qilinishi iqtisodiy jihatdan ko’plab mablag’ talab qiladigan bir qancha vazifalar turgan bir paytda yuqorida aks etgan holatni inobatga olgan holda ish tutish foydadan xoli bo’lmaydi.

Bundan tashqari gap faqat sarf-xarajatlar, amallab kun kechirish yoki iqtisod haqida emas, balki xalqning salomatligi, uning davlatga bo’lgan ishonchi, ayni sinovli damlardagi ruhiyati, kayfiyati haqida hamdir. Fuqarolari ham ma’nan, ham jismonan sog’lom, baquvvat yurtgina o’z milliy yuksalishi sari dadil ilgarilab boradi. Xullas, bunday sinovli damlarda xalq davlatga ishonishi, davlat esa uning ishonchini oqlashi zarur.

Ikkinchi, davlat tomonidan ajratilayotgan xayriya mablag’larining o’z manziliga amalda, to’la yetib borishini ta’minlash, ularning talon-taroj qilinishiga yo’l qo’ymaslik va butun dunyo bo’yicha kambag’allikni keltirib chiqaruvchi asosiy sabablardan biri bo’lgan korrupsiya balosining oldini olish. Menimcha, bugungi sinovli damlarda jamiyat taraqqiyoti kushandasi bo’lgan “bu yovuz balo”ga qarshi kurashish masalasi har qachongidan ham ustuvor ahamiyat kasb etadi. Tan olish kerakki, o’tgan qisqa davr oralig’ida korrupsiyaga qarshi kurashish, shu jumladan uning oldini olishga qaratilgan sezilarli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 2017-yil 3-yanvarda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to’g’risida”gi O’RQ-419-sonli O’zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi. Bundan tashqari, joriy yilda O’zbekiston respublikasi Prezidenti tomonidan Oliy Majlisga yo’llangan Murojaatnomada parlament va Prezidentga hisob beradigan, korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul alohida organ tashkil etish taklifi ilgari surildi va uning natijasi sifatida 2020-yil 29-iyunda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “O’zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi PF-6013-sonli farmoniga muvofiq Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Ko’pgina insonlar “bu yovuz balo”ga qarshi kurashishda turlicha fikr bildirib, ularning ba’zilari unga qarshi kurashishda “yetuk kardlar” masalasini ilgari surishsa, boshqa birovlari esa kundalik maishiy hayotimizda bo’ladigan shartnomaviy munosabatlarga kirishganda “mayda huquqbuzarliklar” ni sodir etishdan tiyilib, uni oldini olish taklifini qo’llab-quvvatlashmoqda. “Halollik vaksinasida” emlangan, korrupsiyaga aloqador har qanday vaziyatga toqatsizlik kayfiyatida bo’ladigan komil fuqarolarni tarbiyalashda yuqoridagi fikrlarning barchasi o’rinli bo’lib, bir birini to’ldirib turadi. Shuningdek, kuni kecha e’lon qilingan umumiy o’rta ta’lim maktablarida bir necha fanlarning birlashtirilib 1-9 sinflar uchun “Tarbiya” fanining joriy etilishi shaxsan meni juda quvontirdi. O’ylaymanki, mana shunga o’xshagan oddiy, lekin biroz vaqt talab qiladigan ijobiy o’zgarishlar orqali halol, oq va qorani taniydigan yetuk kardlar yetishtirilib, korrupsiya va shunga o’xshash boshqa muammolarga qarshi kurashish, shu jumladan ularning oldini olishga qaratilgan ko’plab vazifalarning bajarilishi osonlashadi.

Biroq, yuqoridagiga o’xshash bir qator ishlar amalga oshirilishiga qaramay, kun ora yo undan sal ko’proq vaqt oralig’ida korrupsiya yoki davlat mulkini talon-taroj qilish bilan bog’liq holatlar aniqlanib, uni sodir etgan shaxslarga nisbatan surishtiruv yoki dastlabki tergov harakatlari olib borilayotganligi to’g’risida ma’lumotlarga ko’zimiz tushadi. Birgina misol tariqasida, ko’pchilikning dilini xira qilgan, Oqqo’rg’on tumanida “Mahalla” xayriya jamoat fondi va “Saxovat va ko’mak”jamg’armasining ehtiyojmand oilalarga ajratilgan 153,2 mln so’mlik xayriya pullari talon-taroj qilinganligi holatini keltirish mumkin. Mana shunga o’xshash holatlarning yuz berishiga yo’l qo’ymay, davlat tomonidan ajratilgan mablag’larning qanday sarflanayotganligi yuzasidan xalqqa ochiq, batafsil, xolisona ma’lumotlar berib borilishi lozim. Menimcha, har qachongidan ham qiyin bo’lgan hozirgi vaqt yangi tashkil etilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi uchun “o’zini ko’rsatishga” juda ham qulay fursatdir.

Uchinchi, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-martdagi “Iqtisodiyotni rivojlantirish va kambag’allikni qisqartirishga oid davlat siyosatini tubdan yangilash chora-tadbirlari to’g’risida”gi PF-5975-son Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “O’zbekiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vazirligi hamda uning tizim tashkilotlari faoliyatini tashkil etish to’g’risida”gi PQ-4653-sonli qarori qabul qilindi. Ushbu qaror 9-ilovasida keltirilgan “Yo’l xaritasi” da kambag’allikni baholash mezonlari va usullari, xalqaro amaliyotda qo’llaniladigan mulk va ijtimoiy tengsizlik ko’rsatkichlarini o’z ichiga olgan yangi metodologiyani ishlab chiqish va kambag’allik darajasini o’lchashning qabul qilingan mezonlarini hisobga olgan holda aholini ijtimoiy muhofaza qilishni budjetdan moliyalashtirishning normativ-huquqiy bazasi va mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish vazifalari belgilangan.

Aholini ijtimoiy muhofaza qilishni budjetdan moliyalashtirishning normativ-huquqiy bazasi shakllantirish ayni damdagi eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Menimcha, ushbu vazifani amalga oshirish va mavjud ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish masalasi O’zbekiston Respublikasi qonunlari bilan emas, balki Prezident farmon yo qarorlarini qabul qilish bilan hal qilinishi lozim. Negaki, O’zbekiston Respublikasi “Normativ-huquqiy hujjatlar to’g’risida”gi O’RQ-342-sonli qonuni 8-moddasiga muvofiq O’zbekiston Respublikasi qonunlari eng muhim va barqaror ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining umummajburiy davlat ko’rsatmalari sifatida huquqiy normalarni belgilashga, o’zgartirishga yoki bekor qilishga qaratilgan hujjatlari normativ-huquqiy hujjat hisoblanadi hamda farmon va qaror shaklida qabul qilinadi. Jamiyat hayotining alohida sohalarini isloh qilish yoki davlat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining ustuvor yo’nalishlarini belgilash, davlat organlarini tashkil etish yo tugatishga qaratilgan muhim hujjatlar qaror shaklida qabul qilinadi. Yuqoridagi normalarga asosan mavjud pandemiyaologik(menimcha shunday atalsa kerak) vaziyatdan kelib chiqib, u tugagunga(agar tugasa) yoki vaziyat barqarorlashib, insonlar ushbu sharoitga moslashguniga qadar mavjud vaziyat Prezident farmon, qarori yo bo’lmasa Vazirlar Mahkamasi qarori orqali tartibga solinishi lozimdek. Va ushbu hujjat maksimal darajada tez ishlab chiqilishi lozim. Negaki, huquqiy asosi yaratilmagan, amalga oshirish tartibi va mexanizmlari mavjud bo’lmagan vazifalarni amalga oshirish, alaloqibat, turli noxushlilarga sabab bo’lishi tayin. Shuningdek, ushbu hujjat yaratilayotgan vaqtda “kambag’al” so’zining o’rniga “ehtiyojmand yoki yordamga muhtoj shaxs(lar)” so’z birikmasining ishlatilishi maqsadga muvofiq.

Ingliz siyosatchi va yozuvchisi Vinston Cherchil(1874-1965) so’zi bilan aytganda “Barcha eng buyuk narsalar oddiy va ularning ko’pchiligi bir so’z bilan ifodalanishi mumkin: ERKINLIK, ADOLAT, SHARAF, BURCH, RAHM-SHAVQAT, UMID.”. Menimcha ham, ko’pgina narsalar oddiy: tushuntirishdan oldin tushunishga harakat qilishimiz, kechirishdan oldin kechirim so’rashni o’rganishimiz zarur. Men ham ushbu maqola orqali biroz bo’lsada mavjud vaziyatni xolisona tushunishga harakat qildim. Endi navbat Sizga…!

Salohov Shahzod

Toshkent davlat yuridik universiteti 4-kurs Jinoiy odil sudlov fakulteti talabasi

19.07.2020

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications