Korrupsiyaga qarshi kurashish – davlat va jamiyat xavfsizligi garovi

“Jamiyatimizda korrupsiya, turli jinoyatlarni sodir etish va boshqa huquqbuzarlik holatlariga qarshi kurashish, ularga yo‘l qo‘ymaslik, jinoyatga jazo, albatta, muqarrar ekani to‘g‘risidagi qonun talablarini amalda ta’minlash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rishimiz zarur”

Shavkat Mirziyoyev

Mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq korrupsiyaga qarshi kurashish masalasiga alohida e’tibor qaratilib, uning oldini olishning mustahkam huquqiy bazasi va aniq tizimi yaratilgan.

Korrupsiyaning kelib chiqishi tarixi va rivojlanishi masalalarini Nikkolo Makiavelli o‘rganib, uni yo‘talga qiyoslab shunday degan edi, “Korrupsiyani ham yo‘talga o‘xshab oldin aniqlash qiyin, ammo davolash oson, lekin bu kasalni o‘tkazib yuborsangiz uni aniqlash oson, ammo davolash qiyin”. Mana shu so‘zlardagi haqiqatni bugungi kunda dunyo bo‘yicha keng tarqalgan korrupsiya ko‘rinishlariga nisbatan ham qo‘llash mumkin bo‘ladi.

Ma’lumki “Korrupsiya” tushunchasi lotin tilidagi “corruptio” so‘zidan olingan bulib, mazmuni “buzish, sotib olish” ma’nosini beradi va uning grammatik bir ildizli ma’nosi yana “korroziya” so‘zi ya’ni “chirish yoki zanglash” degan mazmunni ham beradi. Shundan kelib chikib bu so‘zni ijtimoiy ko‘rinishi hokimiyatni buzish, chiritish orkali sotib olish” degan ma’noni beradi.

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan qo‘yilayotgan postlarning aksariyat asosiy qismini aynan shu mavzu tashkil qilmoqda va korrupsiyaning mohiyatida insonning buzuq nafsi turganligini ko‘rishimiz mumkin.

Darhaqiqat, korrupsiya – bu jirkanch holat, u mamlakat taraqqiyotiga shubxasiz kishan bo‘lib, salbiy oqibatlar debochasi xisoblanishi bilan birga har qanday jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy, ma’naviy hayotiga xavf soladigan, qolaversa, mamlakat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan illatdir.  Poraxo‘rlik – Qur’on, sunnat hamda ijmo’ga ko‘ra ham harom xisoblanadi.

Qur’oni Karimning “Baqara” surasi 188-oyatida Alloh taolo shunday deb marhamat qiladi: “Yana (bir-birlaringizning) mollaringizni orangizda nohaq yo‘llar bilan yemanglar. Insonlarning mollaridan bir qismini, bila turib, (nohaq holda) harom yo‘llardan yemoq uchun u mollarni hokimlarga (boshliq va idorachilarga pora tarzida) uzatmanglar”. (Qiyos: 4:29) Ya’ni, “Qimor, o‘g‘rilik, tovlamachilik, jabr, bosqinchilik, omonatga xiyonat qilish kabi nohaq yo‘llar bilan mollaringizni yemanglar”, demakdir. Oyatda kelgan «harom yo‘llardan» ifodasidan maqsad esa yolg‘on guvohlik, yolg‘on joyga qasam ichish va poraxo‘rlikdir.

Bu dard-illat dunyo miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan global muammolardan biridir. U davlat va jamiyatning nafaqat siyosiy, iqtisodiy rivojlanishiga balki, insonning ma’naviy-axloqiy tarbiyasiga ham jiddiy putur yetkazadi, inson huquqlari va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib keladi. Shu bois ham unga qarshi kurashish xalqaro ahamiyat kasb etib, jahon siyosatining muhim masalalari qatoridan joy olgan.

Xalqaro huquqning ayrim manbalarida korrupsiyaga quyidagicha ta’riflar berilgan, xususan:

birinchi ta’rif: Korrupsiya – mansabdor shaxs tomonidan muayyan harakat yoki harakatsizlik sodir etish (etmaslik) evaziga moddiy manfaatdor qilayotgan shaxsning manfaatini ko‘zlab mansab vazifasini buzgan yozi buzmagan holda, turli shaklda moddiy qimmatliklar olishi yoxud mulkiy naf ko‘rishi.” (Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) mansabdor shaxslarining obod-axloq Kodeksi 17.12.1979 y).

ikkinchi ta’rif: Korrupsiya – pora olish (o‘ziga og‘dirish), davlat yoki xususiy sohada muayyan vakolatga ega bo‘lgan shaxs, mansabdor shaxsning yoki xususiy sohada faoliyat yuritadigan shaxs yoki mustaqil agentning o‘z mansab vazifasidan yoki shunga o‘xshash munosabatlardan kelib chiqadigan majburiyatlarini buzadigan shuningdek o‘zi yoxud o‘zga shaxslar manfaati uchun har qanday shakldagi afzalliklarga ega bo‘lish maqsadida ifodalangan xatti-harakat. (Korrupsiya muammolari bo‘yicha Yevropa Kengashi Guruhlarining 1-sessiyasida. 1995 yil 22-24 fevral, Strasburg);

uchinchi ta’rif: Korrupsiya – shaxsiy manfaati yo‘lida davlat hokimiyati vazifalarini suiiste’mol qilishi (BMTning Korrupsiyaga qarshi xalqaro kurash bo‘yicha axborot hujjati);

to‘rtinchi ta’rif: Korrupsiya – bu shaxsiy manfaat uchun davlat hokimiyati mansab vazifasini suiiste’mol qilish (Butunjahon banki hisoboti, 1997 y.).

Shu o‘rinda, jahon miqyosida quyidagi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro-huquqiy hujjatlarni alohida ta’kidlab o‘tish lozimdir:

  1. a)BMTning “Korrupsiyaga qarshi kurashish konvensiyasi”;
  2. b)Yevropa Ittifoqining “Korrupsiya uchun jinoiy javobgorlik to‘g‘risidagi Konvensiyasi;
  3. v)Yevropa Ittifoqining “Korrupsiya uchun fuqaroviy javobgarlik to‘g‘risida”gi Konvensiyasi;
  4. g)Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi doirasida “Korrupsiyaga qarshi siyosatning qonunchilik asoslari to‘g‘risida”gi model qonuni;
  5. d)“Osiyo Taraqqiyot Banki va Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki Osiyo va Tinch okeani korrupsiyaga qarshi harakat dasturi”.

Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmini belgilovchi asosiy manba O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni xisoblanib, uning asosiy maqsadi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir. Ushbu Qonunda shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishiga – korrupsiya deb ta’rif berilgan.

Qonunning 5-moddasida esa korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, ularning oqibatlarini, unga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinspini ta’minlash nazarda tutilgan.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish, ta’lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy ta’lim va tarbiya masalalari Qonunning 16, 17, 18-moddalarida o‘z ifodasini topgan. Zero, huquqiy ongi, huquqiy madaniyati, ma’naviyati, axloqi yetuk bo‘lgan insonlardan o‘z nafsining qullari chiqishi qiyin.

Umuman olganda, korrupsiyani vujudga keltiruvchi shart-sharoitlarga quyidagilarni kiritish mumkin, ular: o‘tish davridagi qiyinchilik; ijro etish tizimining yomonlashuvi; huquqiy nigilizm (qonunni inkor etish, huquqni ijtimoiy qadriyat sifatida tan olmaslik); jamiyatda insonlarning huquqiy madaniyati; iqtisodiy aspektlar (shart-sharoitlar).

Davlatimiz Konstitusiyasida Konstitusiyada nazarda tutilmagan tartibda davlat hokimiyati vakolatlarini o‘zlashtirish, hokimiyat idoralari faoliyatini to‘xtatib qo‘yish yoki tugatish, hokimiyatning yangi va muvoziy tarkiblarini tuzish Konstitusiyaga xilof hisoblanadi va qonunga binoan javobgarlikka tortishga asos bo‘lishi, shuningdek, barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tenglik prinsipi belgilanib, imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib qo‘yiladi hamda ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shartligi nazarda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida javobgarlik belgilangan quyidagi ijtimoiy xavfli qilmishlar korrupsiyaviy jinoyatlar deb belgilanishi mumkin bo‘lgan “O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish”, “Jinoiy yo‘l bilan topilgan mulkni olish yoki o‘tkazish; hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish”, “Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish”; “Hokimiyat harakatsizligi”; “Pora olish”; “Pora berish”; “Pora olish-berishda vositachilik qilish”; “Xizmatchini pora evaziga og‘dirish”; “Tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish”; “Yolg‘on guvohlik berish”; “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish”; “Davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish”; “Hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi” kabi normalar mustahkamlangan.

Bundan tashqari, XIII1 bob Tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish, qonunga xilof ravishda aralashish bilan bog‘liq jinoyatlar hamda xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qiladigan boshqa jinoyatlar alohida kiritilib, unda  “Tijoratda pora evaziga og‘dirib olish”, “Nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish”, Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish kabi korrupsion jinoyatlar o‘rin olgan.

Shunday ekan, o‘zimizga xulosa qilishimiz, kelajakni korrupsiyasiz birgalikda qurishimiz, buning uchun avvalo o‘zimizni o‘zimiz tarbiya qilishimiz, korrupsiyanining har qanday ko‘rishnishini bartaraf qilish uchun birgalikda kurashamiz zarurdir. Qabul qilingan Qonun esa davlat va jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’sir etuvchi mazkur illatga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmi sifatida xizmat qiladi.

Zero, davlat funksiyalaridan qonunlarning bir xilda va adolatli ta’minlanishi tamoyilining to‘g‘ri (shubxasiz) va to‘liq qo‘llanilishi, unda yashovchi axoli ongida qilmish uchun jazoning muqarrarligini anglashga xizmat qiladi.

 

Shavkat XAMRAQULOV

Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali Davlat-huquqiy fanlar kafedrasi o‘qituvchisi

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications