Tadbirkorlikni boshlamoqchi boʻlgan xotin-qizlarga 36 mln 750 ming soʻmgacha kreditlar beriladi

“Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qaror bilan Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi (Respublika kengashi) tashkil etilib, uning asosiy vazifalari belgilandi.

Respublika kengashi, jumladan hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda xotin-qizlarga koʻrsatiladigan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini, ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini taʼminlash borasidagi ishlar samaradorligini oshiradi.

Qarorga koʻra, Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi (Jamgʻarma) sifatida qayta tashkil etildi.

Respublika kengashining asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq Jamgʻarmaga har yili 300 milliard soʻmgacha miqdorda Davlat byudjeti mablagʻlari ajratiladi.

Shuningdek, tegishli dasturlarni muvaffaqiyatli oʻzlashtirgan xotin-qizlarga tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻining birinchi oʻrinbosari tavsiyasiga koʻra, tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun 3 yilgacha muddat va 6 oygacha imtiyozli davr bilan Markaziy bankning asosiy stavkasida BHMning 150 baravarigacha (36 mln 750 ming soʻmgacha) miqdorda kreditlar beriladi.

2021-yilda “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan xotin-qizlarga ipoteka kreditlari boʻyicha boshlangʻich badalni toʻlab berish va ijtimoiy uy-joylar sotib olish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlariga:

● noturar joylarda istiqomat qilayotgan ayollarni uy-joy bilan taʼminlashga – 10 milliard soʻmdan;
● otasidan ayrilgan, yolgʻiz onasi qaramogʻida boʻlgan voyaga yetgan uy-joyga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan taʼminlashga – 5 milliard soʻmdan mablagʻ ajratiladi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications