Transport vositalariga texnik koʻrikdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi talonlarni berish amaliyoti bekor qilinadi

“Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, transport vositalarini Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati boʻlinmalarida majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazishda harakatlanuvchi mobil texnik nazorat liniyalaridan foydalanish tartibi joriy etiladi.

2021-yil 1-sentyabrdan jismoniy shaxslarga tegishli M1 toifadagi avtotransportlarni tadbirkorlar – yuridik shaxslar tomonidan majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazishda harakatlanuvchi mobil texnik nazorat liniyalaridan foydalaniladi.

2021-yil 1-iyulga qadar avtotransportlarni majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlarga Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining “Texnik koʻrik” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kirish imkoniyati yaratiladi.

2021-yil 1-sentyabrdan xorijiy davlatlarga chiqadigan transportlardan tashqari barcha transportlarga texnik koʻrikdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi talonlarni berish amaliyoti bekor qilinadi.

Qarorga bilan shuningdek, Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Unga koʻra, transportlar quyidagi davriylikka muvofiq texnik koʻrikdan oʻtkazilishi kerak:

➖ tijorat asosida yoʻlovchilar tashuvchi yengil avtomobillar, avtobuslar, trolleybuslar, tramvaylar va oʻrindiqlar soni 8 ta va undan ortiq boʻlgan (haydovchining oʻrnidan tashqari), odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, ogʻir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transportlar va ularning tirkamalari – bir yilda ikki marta;

➖ ishlab chiqarilganiga 6 yildan koʻp boʻlmagan transportlar – ikki yilda bir marta;

➖ ishlab chiqarilganiga 6 yildan ortiq boʻlgan, shuningdek ishlab chiqarilgan vaqti aniq boʻlmagan transportlar – bir yilda bir marta;

➖ tirkamalar texnik koʻrikka transport vositasi – shatakchi uchun belgilangan muddatlarda;

➖ navbatdagi texnik koʻrikdan oʻtkazishning ilgari oʻrnatilgan muddatlaridan qatʼi nazar, ularni DYHXX organlarida roʻyxatdan oʻtkazish (qayta roʻyxatdan oʻtkazish) vaqtida.

Yangi transportlar DYHXX organlarida roʻyxatdan oʻtkazishda texnik koʻrikdan oʻtkazilmaydi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications