Turdosh huquqlarga nimalar kiradi?

Turdosh huquqlar:
Turdosh huquqlarga ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuvlari yoki eshittirishlari kiradi, ushbu turdosh huquq egalariga ijrochilar, fonogrammalarni tayyorlovchilar, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlar hisoblanadi.

Turdosh huquqlarning muhofaza belgilari:
Turdosh huquqlarning muhofaza belgisidan foydalanishlari mumkin bo‘lib, bu belgi fonogrammaning har bir nusxasida va u saqlanadigan g‘ilofda aks ettiriladi hamda quyidagilardan iborat:
aylana ichidagi lotincha «R» harfi;
mutlaq turdosh huquqlar egasining ismi-sharifi (nomi);
fonogramma birinchi marta chop etilgan yil.

Nomi yoki ismi-sharifi ushbu fonogrammada va (yoki) u saqlanadigan g‘ilofda odatiy tarzda ko‘rsatilgan yuridik yoki jismoniy shaxs, agar boshqa hol isbotlanmagan bo‘lsa, fonogrammani tayyorlovchi deb e’tirof etiladi.

Turdosh huquqlarning amal qilish muddati:
Ijrochiga nisbatan nazarda tutilgan huquqlar ijro birinchi marta ijro etilgandan keyin ellik yil mobaynida amal qiladi, ushbu amal qilish muddatining tugashi ularning ijtimoiy mulkka aylanishini bildiradi.
Ijtimoiy mulk bo‘lgan ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuvlari yoki eshittirishlaridan har qanday shaxs haq to‘lamagan holda erkin foydalanishi mumkin.

Asarlarning va turdosh huquqlar ob’yektlarining kontrafakt nusxalarini musodara qilish:
Asarlarning va turdosh huquqlar ob’yektlarining kontrafakt nusxalari, shuningdek ularni tayyorlash va takrorlashda foydalaniladigan materiallar va asbob-uskunalar hamda sodir etilgan huquqbuzarlikning boshqa vositalari qonun hujjatlariga muvofiq sud tartibida musodara qilinadi.
Asarlarning va turdosh huquqlar ob’yektlarining musodara qilingan kontrafakt nusxalari yo‘q qilinishi kerak, ularni huquq egasiga uning iltimosiga binoan topshirish hollari bundan mustasno.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications