Xorijiy davlatda taʼlim olganlik hujjatlarini tan olish tartibi qanday?

Xorijiy davlatda taʼlim olganlik hujjatlarini tan olish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

  • umumiy oʼrta va oʼrta taʼlim olganlik toʼgʼrisidagi hujjatlarni tan olish — Qoraqalpogʼiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi tomonidan;
  • oʼrta maxsus, kasb-hunar, oliy taʼlim, kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish taʼlimi toʼgʼrisidagi hujjatlarni tan olish — Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Xorijiy davlatlarda oʼrta maxsus, kasb-hunar, oliy taʼlim, kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish taʼlimi olganlik toʼgʼrisidagi hujjatlarni tan olish boʼyicha davlat xizmatini koʼrsatganlik uchun BHM 3 baravari miqdorida yigʼim undiriladi.

Maxsus sinovlarsiz – to’g’ridan-to’g’ri tan olinadigan hujjatlar ro’yxati

  1. xorijiy davlatlarda umumiy oʼrta, oʼrta, oʼrta maxsus, kasb-hunar va malaka oshirish taʼlimi olgan talabgorlarning xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʼgʼrisidagi hujjatlari;
  2. Oʼzbekiston Respublikasi hududida alohida boʼlinmalari (filiallari) va qoʼshma taʼlim muassasalari faoliyat yuritayotgan xorijiy taʼlim muassasalarida taʼlim olgan talabgorlarning hujjatlari;
  3. Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Davlat inspektsiyasining qoʼshma qarori bilan roʼyxati har yili tasdiqlanadigan xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlarning (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education, Academic Ranking of World Universities) reytingida oliy taʼlim muassasalari orasida birinchi 1 000 oʼrinni egallagan xorijiy oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olgan talabgorlarning hujjatlari;
  4. tizimida oliy taʼlim muassasalari boʼlgan Oʼzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralarining yoʼllanmalari asosida mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun xorijiy davlatlar tomonidan ajratilgan kvotalar (grantlar) hisobidan taʼlim olgan talabgorlarning hujjatlari;
  5. 1992-yil 1-yanvargacha xorijiy taʼlim muassasalariga oʼqishga kirgan talabgorlarning hujjatlari;
  6. Oliy taʼlimda sifatni kafolatlash Yevropa assotsiatsiyasining (European Association for Quality Assurance in Nigher Education) toʼlaqonli aʼzolari — vakolatli tashkilotlar tomonidan akkreditatsiya qilingan taʼlim muassasalarida taʼlim olgan talabgorlarning hujjatlari, roʼyxati Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan yoʼnalishlar, mutaxassisliklar va kasblar bundan mustasno;
  7. Аmerika Qoʼshma Shtatlari, Аvstraliya Ittifoqi, Isroil Davlati, Kanada, Singapur Respublikasi, Koreya Respublikasi, Yaponiya davlatlarining ushbu davlatlar vakolatli tashkilotlari tomonidan akkreditatsiya qilingan taʼlim muassasalarida taʼlim olgan talabgorlarning hujjatlari, roʼyxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan yoʼnalishlar, mutaxassisliklar va kasblar bundan mustasno;
  8. xorijiy oliy taʼlim muassasalarida mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun Oʼzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari tomonidan ajratilgan mablagʼlar hisobiga taʼlim olgan talabgorlarning hujjatlari;
  9. Oʼzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan hollarda taʼlim olganlik toʼgʼrisidagi hujjatlar.

Xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʼgʼrisidagi hujjatni tan olish talablari:

Hujjatlarni tan olish uchun soʼrovnomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

  • xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʼgʼrisidagi hujjat va unga ilovaning nusxasi;
  • xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʼgʼrisidagi hujjat va unga ilovaning Oʼzbekiston Respublikasi davlat tiliga tarjima qilingan notarial tasdiqlangan nusxasi.

Davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat qilinganda talabgorning shaxsini tasdiqlovchi hujjat, xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʼgʼrisidagi hujjat va unga ilovaning asl nusxasi Oʼzbekiston Respublikasi davlat tiliga tarjima qilingan notarial tasdiqlangan nusxasi bilan birga davlat xizmatlari markazi xodimiga taqdim etiladi.

Xorijiy taʼlim toʼgʼrisidagi hujjatlarni tan olish qanday hollarda rad etiladi?

a) xorijiy davlatlarda kasbiy maʼlumot toʼgʼrisida hujjat beradigan taʼlimning umumiy meʼyoriy davri (toʼliq umumiy oʼrta yoki oʼrta maʼlumot olingandan keyin) Oʼzbekiston Respublikasi taʼlim standartlarida nazarda tutilgan davrdan 2 yildan kam boʼlsa;

b) xorijiy taʼlim toʼgʼrisidagi hujjat berilgan davlatda uning egasiga Oʼzbekiston Respublikasidagiga qaraganda taʼlim olish va (yoki) kasbiy faoliyat bilan shugʼullanish uchun kam huquqlar berilgan boʼlsa (hujjat egasi taʼlimning keyingi bosqichida oʼqishni davom ettirish, kasbiy faoliyat bilan shugʼullanish huquqiga ega boʼlmasa);

v) maʼlumot Oʼzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilmagan taʼlim shaklida olingan boʼlsa;

g) oliy taʼlim bosqichlarida:

  • bakalavriat boʼyicha oʼqish muddati 3 yildan kam boʼlsa yoki Yevropa taʼlim tizimi asosida oʼqish davomida 240 dan kam kredit toʼplagan boʼlsa;
  • magistratura boʼyicha oʼqish muddati 1 yildan kam boʼlsa;
  • bakalavriat taʼlim yoʼnalishlari va magistratura mutaxassisliklari qoʼshib oʼqitiladigan taʼlim dasturlari boʼyicha taʼlim olganda umumiy oʼqish davri 3 yildan kam boʼlsa;

d) toʼgʼridan-toʼgʼri (sinovlarsiz) tan olinadigan xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʼgʼrisidagi hujjatlar koʼrsatilgan talablarga toʼgʼri kelmasa.

Maxsus sinovlar qanday tartibda o’tkaziladi?

Ijobiy xulosa berilgan xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʼgʼrisidagi hujjatlari tan olish uchun topshirilgan talabgorlar uchun Davlat inspektsiyasi tomonidan test sinovlari tashkil etiladi (xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʼgʼrisidagi hujjatlar toʼgʼridan-toʼgʼri (sinovlarsiz) tan olinadigan holatlar bundan mustasno).

Test sinovlarining oʼtkazilish vaqtlari haqidagi maʼlumot sinovlar boshlanishidan kamida 10 kun oldin Davlat inspektsiyasining Internet jahon axborot tarmogʼidagi rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.

Talabgor veb-saytiga joylashtirilgan paytdan boshlab koʼpi bilan 6 oy davomida test sinovlarida ishtirok etmasa, test sinovlarini topshirish uchun soʼrovnoma toʼldirgan holda belgilangan tartibda qaytadan murojaat qiladi.

Test sinovlari talabgorlarning taʼlim olgan taʼlim yoʼnalishlari va mutaxassisliklari boʼyicha mutaxassislik fanlaridan oʼtkaziladi.

Test sinovlari natijalariga koʼra 54 va undan kam ball toʼplagan talabgorlarning taʼlim toʼgʼrisidagi hujjatlari tan olinmaydi.

Guvohnomalar tayyorlanganidan keyin Davlat inspektsiyasi masʼul xodimi tomonidan elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanib, 3 ish kuni ichida tegishliligiga koʼra davlat xizmatlari markazlariga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali talabgorlarga yuboriladi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications