Yuridik xizmat ko`rsatish markazlari tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-iyundagi PQ-5168-sonli “Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko`rsatish faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori asosida 2021-yil 1-oktabr sanasidan respublikaning barcha tuman (shahar)larida yuridik xizmat ko`rsatish markazlari o`z faoliyatini boshladi. Ushbu markazlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan tarkibiy bo‘linma tarzida tashkil etildi. Bundan ko`zlangan asosiy maqsad – davlat organlari va tashkilotlariga markazlashgan yuridik xizmat ko‘rsatish tizimini joriy qilishdir.
Qarorga muvofiq Markazlar faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib:
yuridik xizmat ko‘rsatiladigan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini huquqiy jihatdan ta’minlash;
davlat tashkilotlariga sifatli va malakali yuridik yordam ko‘rsatish;
davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish;
davlat tashkilotlarining mulkiy hamda boshqa huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘z vaqtida, har tomonlama va samarali himoya qilinishini ta’minlash;
davlat tashkilotlari tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarning qonuniy hamda har tomonlama puxta va sifatli bo‘lishini ta’minlash belgilandi.
Markazlar xodimlari maqomi va mehnatga haq to‘lash shartlariga ko‘ra tegishli ravishda tuman (shahar) adliya bo‘limlari xodimlariga tenglashtirilishi, ularga adliya organlari xodimlari uchun nazarda tutilgan martaba darajalari va ko‘p yillik xizmatlari uchun ustama haq miqdorlari tatbiq etilishi mazkur Qarorda o`z aksini topgan.
Bundan tashqari, 2021-yil 1-oktabrdan markazlar hamda yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro ishni tashkil qilish uchun “E-huquqshunos” elektron tizimi joriy qilindi. Tizim orqali yuridik xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar, ichki buyruq, farmoyish, shartnoma va boshqa hujjat lohiyalarini yuborish, qayta ishlash, tahlil qilish kabi jarayonlarni to`liq elektron tarzda amalga oshirish imkoniyati mavjud. Bugungi kunda markazlarning mas’ul xodimlari tomonidan, tegishli xulosa tayyorlash, hujjatlarni elektron raqamli imzo bilan tasdiqlagan holda, elektron tizimga biriktirish hamda o‘zaro hujjat almashish faoliyati ushbu tizim orqali olib borilmoqda.
Toshkent shahar adliya boshqarmasi huzuridagi Mirzo Ulug`bek tuman yuridik xizmat ko`rsatish markazi ham PQ-5168-sonli Qarorga binoan tashkil etilib, tumanda joylashgan 10 ga yaqin davlat tashkilotlari faoliyatini huquqiy jihatdan ta’minlab kelmoqda. Kelgusida xizmat ko`rsatiladigan tashkilotlar soni yanada oshirilishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish sohasida muntazam ravishda targ‘ibot tadbirlarini tashkil etib borish yo`lga qo`yildi.

Nasim Nosirov

Mirzo Ulug`bek tuman yuridik xizmat ko`rsatish markazi bosh yuristkonsulti

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications