Mustaqillik yillarida pedagogning huquqiy maqomi: 35 yillik rivojlanish va ijobiy oʻzgarishlar dinamikasi

Mustaqillik yillarida pedagogning huquqiy maqomi: 35 yillik rivojlanish va ijobiy oʻzgarishlar dinamikasi

Oʻzbekistonda pedagogning huquqlari va maqomi soʻnggi 35 yil ichida sezilarli darajada yaxshilandi. 2024-yilda qabul qilingan "Pedagogning maqomi toʻgʻrisida"gi yangi qonun oʻqituvchiga koʻplab huquqlar berdi: u oʻz faoliyatida erkin usullar va yangi texnologiyalarni qoʻllash, oʻquvchilar bilimini xolis baholash, oʻzining kasbiy dasturlarini yaratish huquqiga ega boʻldi. Qonun shuningdek, oʻqituvchini kasbiy boʻlmagan topshiriqlardan (masalan, obodonlashtirish ishlari yoki hisobotlar yozishdan) ozod qiladi va uning asosiy vaqtini darsga tayyorgarlikka sarflashini taʼminlaydi. Bundan tashqari, pedagoglarga maxsus mehnat kafolatlari (masalan, 56 kunlik haq toʻlanadigan taʼtil) va kasbiy rivojlanish imkoniyatlari beriladi. Eng muhim amaliy xulosa: bu qonun oʻqituvchini faqat topshiriq bajaruvchi sifatida emas, balki taʼlim jarayonining mustaqil, professional ishtirokchisi sifatida e’tirof etadi va uning huquqlarini amalda qoʻllash uchun asos yaratadi.

AI tomonidan yaratilgan xulosa

Oʻzbekiston mustaqilligining dastlabki yillaridan boshlab ta’lim tizimini rivojlantirish, oʻqituvchining jamiyatdagi oʻrnini mustahkamlash va pedagogik faoliyat uchun zarur huquqiy shart-sharoitlarni yaratish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib kelmoqda. Ta’lim tizimining huquqiy asoslari takomillashgani sari pedagogning huquqiy maqomiga boʻlgan yondashuv ham oʻzgarib bordi: dastlab oʻqituvchi, avvalo, ta’lim tashkilotida mehnat qiluvchi xodim sifatida koʻrilgan boʻlsa, keyinchalik uning kasbiy mustaqilligi, mehnat huquqlari, ijtimoiy himoyasi va ta’lim jarayonidagi alohida oʻrni tobora kengroq e’tirof etila boshlandi. 2020-yil 23-sentyabrda qabul qilingan “Ta’lim toʻgʻrisida”gi OʻRQ–637-son Qonun ta’lim tizimini zamonaviy huquqiy asosda qayta tashkil etishning muhim bosqichi boʻlgan boʻlsa, 2024-yil 1-fevralda qabul qilingan “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi OʻRQ–901-son Qonun pedagogning huquqlari, majburiyatlari va faoliyatining asosiy kafolatlarini maxsus qonun darajasida tizimlashtirdi. Qonun pedagogning huquqlari, sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsi davlat himoyasida ekanligini belgiladi, uning kasbiy faoliyatini amalga oshirishi uchun tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratish va ijtimoiy himoyasini ta’minlashni davlatning muhim vazifalaridan biri sifatida mustahkamladi.

     Xoʻsh, pedagogning maqomi qonunda mustahkamlanganidan keyin uning kundalik faoliyatida nimalar oʻzgardi? Ushbu savolning dolzarbligi shundaki, har qanday huquqiy maqomning haqiqiy qiymati undagi huquqlar soni bilan emas, balki huquq egasining ulardan amalda foydalana olish darajasi bilan belgilanadi. Shu ma’noda, “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi Qonunning eng muhim jihatlaridan biri pedagogning kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashuvni cheklashga qaratilgan normalardir. Pedagog oʻz kasbiy faoliyatini amalga oshirishda zamonaviy pedagogik texnologiyalarni, oʻqitish va tarbiya vositalari hamda usullarini erkin tanlash, mualliflik dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish, ilmiy-tadqiqot va ijodiy faoliyat bilan shugʻullanish, innovatsiyalarni ishlab chiqish va joriy etish, ta’lim oluvchilarning bilimini mustaqil baholash kabi huquqlarga ega. Bu normalar oʻqituvchini faqat yuqoridan berilgan topshiriqlarni bajaruvchi ijrochi sifatida emas, balki ta’lim jarayonining professional ishtirokchisi sifatida e’tirof etadi.

     Ayniqsa, bilimlarni mustaqil va xolis baholash huquqi pedagogik maqomning mazmunini ochib beruvchi asosiy kafolatlardan biridir. Chunki oʻqituvchi oʻquvchining bilimini belgilangan talablar asosida baholashi uning bevosita kasbiy vakolatiga kiradi va ushbu vakolatga ota-ona, rahbar yoki boshqa shaxslarning asossiz aralashuvi ta’lim jarayonining xolisligiga putur yetkazishi mumkin. Shu sababli qonunda pedagogning kasbiy faoliyatiga aralashish, uni asossiz ravishda tekshirish, ta’lim oluvchilar bilimini toʻgʻri va xolis baholashga ta’sir koʻrsatish hamda pedagogning xizmat majburiyatlarini bajarishiga toʻsqinlik qilishga yoʻl qoʻyilmasligi belgilangan. Pedagogning maqomini amalda ta’minlashda yana bir muhim yoʻnalish - uni kasbiy faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga jalb etishning cheklanganidir. Qonunga koʻra, pedagogni kasbiy faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga, jumladan hududlarni obodonlashtirish va qishloq xoʻjaligi ishlariga jalb qilish, undan kasbiy majburiyatlariga taalluqli boʻlmagan hisobotlar va boshqa ma’lumotlarni talab qilish, shuningdek uning zimmasiga tovar va xizmatlarni sotib olish majburiyatini yuklash, ish haqidan uning yozma roziligisiz tegishli mablagʻlarni ushlab qolish taqiqlangan. Bu normalarning amaliy ahamiyati juda katta, chunki pedagogning asosiy vaqti dars berish, ta’lim oluvchilar bilan ishlash, darsga tayyorgarlik koʻrish, metodik faoliyat va kasbiy rivojlanishga sarflanishi kerak. Oʻqituvchining professional resursini uning asosiy vazifalariga aloqador boʻlmagan topshiriqlar bilan band qilish nafaqat mehnat huquqi, balki ta’lim sifati nuqtai nazaridan ham muammoli hisoblanadi. Shuning uchun pedagogning maqomini baholashda “oʻqituvchiga kasbiy boʻlmagan topshiriqlar berilmayaptimi?” degan savol ham muhim mezonga aylanishi lozim. Shu bilan birga, qonun pedagogga faqat taqiqlardan himoya bermaydi, balki uning kasbiy rivojlanishi uchun muayyan imkoniyatlarni ham belgilaydi. Pedagog malakasini oshirish va qayta tayyorlash orqali oʻz bilim, koʻnikma va malakasini muntazam yangilab borishi, kasbiy rivojlanishi hamda tegishli hollarda malaka toifasini yoki lavozimini oshirish imkoniyatiga ega.

     2024-yilda qabul qilingan “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi Qonun bilan pedagoglarning kasbiy rivojlanishi huquqiy maqomning tarkibiy qismi sifatida mustahkamlangan boʻlsa, keyingi normativ hujjatlar orqali uzluksiz kasbiy rivojlanish mexanizmlari ham rivojlantirildi. Pedagog maqomining yana bir muhim jihati uning mehnat va ijtimoiy kafolatlar bilan ta’minlanganidir. Qonunda davlat ta’lim tashkilotlarining pedagoglariga davomiyligi ellik olti kalendar kundan iborat haq toʻlanadigan har yilgi asosiy uzaytirilgan mehnat ta’tili kafolatlangan. Bundan tashqari, pedagoglar uchun qisqartirilgan ish vaqti, tegishli tibbiy koʻriklardan oʻtish, ayrim hududlarda faoliyat yuritayotgan pedagoglarni qoʻllab-quvvatlash va boshqa ijtimoiy kafolatlar nazarda tutilgan. Bu kafolatlarning mazmuni shundan iboratki, pedagogik mehnat oddiy mehnat faoliyati sifatida emas, oʻziga xos professional va ijtimoiy ahamiyatga ega faoliyat sifatida e’tirof etiladi. Biroq bu yerda ham huquqiy normaning mavjudligi bilan uning amalda bajarilishi oʻrtasidagi farqni e’tibordan chetda qoldirib boʻlmaydi. Masalan, pedagogga qonunda belgilangan ta’til berilishi bir masala boʻlsa, ta’tilning haq toʻlanadigan ekanligi, uning davomiyligi toʻgʻri hisoblanishi va tegishli toʻlovlarning oʻz vaqtida amalga oshirilishi boshqa masaladir. Shu sababli pedagogning maqomi haqiqatan ta’minlanganini baholashda faqat “ellik olti kunlik ta’til mavjudmi?” degan savol emas, balki “ushbu kafolat amalda toʻliq va oʻz vaqtida ta’minlanyaptimi?” degan savol qoʻyilishi lozim.

     Pedagogning huquqiy maqomi uning huquqlari bilan bir qatorda muayyan majburiyatlarni ham nazarda tutadi. Pedagog ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini hurmat qilishi, ta’lim oluvchilarga sifatli ta’lim berishi, zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalaridan foydalanishi, ularning individual xususiyatlarini hisobga olishi, oʻz malakasini muntazam oshirib borishi va pedagogik etika qoidalariga rioya qilishi lozim. Demak, pedagogning huquqiy maqomi “koʻproq huquq va kamroq majburiyat” tamoyiliga emas, balki “kengroq professional vakolat - yuqoriroq professional mas’uliyat” tamoyiliga asoslanadi. Bu jihatdan pedagog maqomining rivojlanishi ta’lim sifati bilan bevosita bogʻliq. Oʻqituvchiga mustaqil metod tanlash huquqi berilayotgan boʻlsa, u ushbu metodlarni professional darajada bilishi kerak, mualliflik dasturini ishlab chiqish huquqi berilayotgan boʻlsa, undan metodik va ilmiy kompetensiya talab etiladi, mustaqil baholash huquqi berilayotgan boʻlsa, baholash mezonlari va akademik xolislik tamoyillarini chuqur bilishi zarur. Ayniqsa, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt ta’lim jarayoniga tobora chuqur kirib kelayotgan sharoitda pedagogning maqomi yangi mazmun bilan boyimoqda. Endilikda zamonaviy oʻqituvchi nafaqat oʻz fanini yaxshi bilishi, balki raqamli vositalardan oqilona foydalanishi, sun’iy intellekt yaratgan ma’lumotlarni tanqidiy baholashi, akademik halollikni ta’minlashi, shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilishi va ta’lim oluvchilarning raqamli xavfsizligini hisobga olishi kerak. Shunday ekan, pedagogning maqomi kengaygani sari uning kompetensiyasiga qoʻyiladigan talablar ham oshib boradi. Shu nuqtai nazardan, pedagog maqomining realligini baholash uchun bir qator aniq mezonlarni taklif etish mumkin:

     birinchidan, pedagogning dars jarayonidagi kasbiy mustaqilligi va metod tanlash imkoniyati;

     ikkinchidan, uning bilimlarni baholashdagi mustaqilligiga noqonuniy aralashuv holatlari mavjud yoki mavjud emasligi;

     uchinchidan, pedagogning kasbiy faoliyatiga aloqador boʻlmagan ishlarga jalb etilish holatlari;

     toʻrtinchidan, kasbiy rivojlanish va malaka oshirish imkoniyatlaridan foydalanish darajasi;

     beshinchidan, qonunda belgilangan mehnat va ijtimoiy kafolatlarning amalda ta’minlanishi;

     oltinchidan, huquqi buzilgan pedagogning oʻz huquqlarini himoya qilish mexanizmlaridan foydalanish imkoniyati.

     Ana shu mezonlar “pedagogning huquqiy maqomi yaxshilandi” degan umumiy bahoni aniq va oʻlchanadigan koʻrsatkichlarga aylantirish imkonini beradi. Zero, huquqiy maqomning samaradorligi normativ hujjatlar soni bilan emas, huquq egasining real imkoniyatlari bilan oʻlchanishi kerak. Umuman olganda, Oʻzbekistonda pedagogning huquqiy maqomi soʻnggi yillarda deklarativ e’tirofdan aniq huquqiy kafolatlar tizimiga oʻtish bosqichini boshdan kechirmoqda.

     Demak, bugungi vazifa mavjud huquqlarning har birini real hayotda ishlaydigan kafolatga aylantirishdan iboratdir.

Maqola foydali bo'ldimi? Ulashing:
Ulashish
Ma'rufjon Yoqubjonov
Muallif
Ma'rufjon Yoqubjonov

Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti o'qituvchisi

Barcha maqolalarini ko'rish
#Mustaqillik

Shu kabi maqolalarni har hafta oling

Telegram kanalimizga obuna bo'ling — yangi qonun o'zgarishlari va amaliy maslahatlarni birinchi bo'lib oling.

@civil_uz kanalga o'tish

Istalgan vaqt chiqib ketishingiz mumkin