Oʻzbekistonda ish tashlash huquqi faqat jamoaviy mehnat nizolarida, ya’ni ish beruvchi bilan xodimlar oʻrtasidagi kelishmovchiliklarni hal qilish uchun mavjud. Oddiy norozilik yoki shaxsiy sabablar uchun ishga chiqmaslik ish tashlash hisoblanmaydi. Ish tashlash eʼlon qilish uchun xodimlarning kamida 50% dan koʻprogʻi umumiy yigʻilishda ovoz berishi kerak. Ish tashlash boshlanishidan kamida bir oy oldin eʼlon qilinishi va rasmiy tartibda tashkil etilishi lozim. Ish tashlashga faqat kasaba uyushmasi qoʻmitasi rahbarlik qiladi va ish tashlashda qatnashgan xodimlarni ishdan boʻshatish mumkin emas. Shunday qilib, asosiy xulosa: ish tashlash faqat jamoaviy norozilikda, qonuniy tartibda va ishdan boʻshatishdan himoyalangan holda amalga oshirilishi mumkin.
AI tomonidan yaratilgan xulosa
Oʻzbekistonda xodimlar ish beruvchidan norozi boʻlsa, oʻzaro kelishib olib shunchaki ishga chiqmay qoʻyishi mumkinmi?
Yoʻq.
Mehnat qonunchiligidagi ish tashlash huquqi oddiy norozilik yoki ishga kelmaslikdan farq qiladi. Ish tashlash — jamoaviy mehnat nizosini qonunda belgilangan tartibda hal qilish vositalaridan biridir.
2026-yil 11-iyundagi OʻRQ-1150-son Qonun bilan Oʻzbekiston mehnat qonunchiligida ish tashlash huquqini amalga oshirishning batafsil mexanizmi belgilandi. Qonunda oʻzgartirishlarning maqsadi xodimlarning ish tashlash huquqini belgilash, ish tashlashni amalga oshirish tartibi va mexanizmini huquqiy jihatdan tartibga solish ekanligi bevosita qayd etilgan.
Quyida Oʻzbekistonda ish tashlash qanday e’lon qilinishi, kimlar unda qatnashishi mumkinligi, ish tashlashda xodimning ish joyi va ish haqi bilan nima boʻlishi hamda noqonuniy ish tashlash qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini koʻrib chiqamiz.
Ish tashlash nima?
Mehnat kodeksining yangi tahrirdagi 581-moddasi ish tashlash huquqini jamoaviy mehnat nizosini hal qilish mexanizmi sifatida belgilaydi.
Biroq xodimlar ish beruvchidan norozi boʻlishi bilanoq ish tashlash e’lon qila olmaydi.
Ish tashlash masalasi quyidagi hollarda koʻtarilishi mumkin:
jamoaviy mehnat nizosini yarashtiruv-vositachilik tartib-taomillari orqali hal qilishning iloji boʻlmasa;
ish beruvchi yarashtiruv-vositachilik tartib-taomillaridan bosh tortsa;
ish beruvchi jamoaviy mehnat nizosini hal qilish jarayonida erishilgan kelishuvni bajarmasa.
Shunday vaziyatda mehnat jamoasi jamoaviy mehnat nizosini hal qilish usuli sifatida ish tashlash toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
Demak, ish tashlash odatda mehnat nizosini hal qilishning dastlabki emas, balki muzokara va yarashtirish mexanizmlari natija bermaganidan keyingi vositasi hisoblanadi.
Ish tashlashda qatnashish majburiymi?
Yoʻq.
Mehnat kodeksining 581-moddasiga koʻra, ish tashlashda qatnashish ixtiyoriy.
Hech kim xodimni:
ish tashlashda qatnashishga;
yoki ish tashlashda qatnashmaslikka
majburlashi mumkin emas.
Shunday qilib, qonun ikki huquqni bir vaqtda himoya qiladi:
ish tashlash huquqini ham, ish tashlashdan voz kechish huquqini ham.
Bitta xodim oʻzi ish tashlash e’lon qilishi mumkinmi?
Mehnat kodeksida nazarda tutilgan ish tashlash instituti jamoaviy mehnat nizosi bilan bogʻliq.
Shuning uchun alohida bir xodimning shaxsiy mehnat nizosi sababli ishga chiqmay qoʻyishi Mehnat kodeksidagi jamoaviy ish tashlash bilan aynan bir xil huquqiy holat hisoblanmaydi.
Ish tashlash toʻgʻrisidagi qaror tashkilot, filial, vakolatxona yoki boshqa alohida tarkibiy boʻlinma xodimlarining umumiy yigʻilishi yoki konferensiyasi orqali qabul qilinadi.
Ish tashlash uchun nechta xodim ovoz berishi kerak?
Bu masala Mehnat kodeksining 582-moddasida tartibga solingan.
Ish tashlashni e’lon qilish toʻgʻrisidagi qaror umumiy yigʻilish yoki konferensiyada qatnashayotgan xodimlar yoxud delegatlarning 50 foizidan koʻprogʻi tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi kerak.
Masalan, konferensiyada 200 nafar delegat qatnashayotgan boʻlsa, kamida 101 nafari ish tashlashni yoqlab ovoz berishi talab qilinadi.
Bu yerda muhim jihat bor:
qonun tashkilotdagi barcha xodimlarning 50 foizini emas, balki umumiy yigʻilish yoki konferensiyada qatnashayotganlarning 50 foizidan koʻprogʻini nazarda tutadi.
Ish tashlashni bir kun oldin e’lon qilish mumkinmi?
Yoʻq.
Mehnat kodeksining 582-moddasiga koʻra, ish tashlashni e’lon qilish toʻgʻrisidagi qaror ish tashlash boshlanishidan kamida bir oy oldin qabul qilinishi kerak.
Demak:
“Bugun kelishdik, ertadan ishga chiqmaymiz”
degan qaror qonunda belgilangan ish tashlash protsedurasiga mos kelmaydi.
Bir oylik muddat taraflarga ish tashlash boshlanguniga qadar mavjud jamoaviy mehnat nizosini hal qilish imkonini ham beradi.
Ish tashlash toʻgʻrisidagi qarorda nimalar yozilishi kerak?
Ish tashlash haqidagi qaror faqat ish tashlash niyatini bildirish bilan cheklanmaydi.
Unda quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
ish tashlashga sabab boʻlgan jamoaviy mehnat nizosi taraflarining kelishmovchiliklari roʻyxati;
ish tashlash boshlanadigan sana;
ish tashlash boshlanadigan vaqt;
ish tashlash oʻtkaziladigan joy;
ish tashlashga rahbarlik qiluvchi haqidagi ma’lumotlar;
uning vakolatlari;
yarashtiruv-vositachilik tartib-taomillarida qatnashadigan xodimlar vakillari roʻyxati.
Bu talablar ish tashlashning huquqiy jihatdan rasmiy va oldindan tashkil etilgan jarayon ekanini koʻrsatadi.
Ish beruvchini kim xabardor qiladi?
Mehnat kodeksining 583-moddasi bu tartibni alohida belgilaydi.
Ish tashlashni e’lon qilish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingach, kasaba uyushmasi qoʻmitasi ish beruvchini qaror qabul qilingan paytdan e’tiboran bir ish kunidan kechiktirmay yozma ravishda xabardor qilishi kerak.
Ish beruvchi esa boʻlajak ish tashlash haqida yozma xabarnomani olganidan keyin bir ish kunidan kechiktirmay jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish boʻyicha davlat organlarini yozma ravishda ogohlantiradi.
Ish tashlashga kim rahbarlik qiladi?
Mehnat kodeksining 584-moddasiga koʻra, ish tashlashga kasaba uyushmasi qoʻmitasining vakolatli vakili rahbarlik qiladi.
Ish tashlash rahbari, jumladan:
xodimlarning umumiy yigʻilishlarini yoki konferensiyalarini chaqirishi;
ish beruvchidan xodimlar manfaatlariga daxldor masalalar boʻyicha axborot olishi;
kelishilishi zarur boʻlgan masalalar yuzasidan mutaxassislarni jalb qilishi
mumkin.
Shu bilan birga, u:
Konstitutsiya va qonunchilikka rioya qilinishini ta’minlashi;
jamoaviy mehnat nizosini tinch yoʻl bilan hal qilish choralarini koʻrishi;
ish tashlashning belgilangan sanasi, vaqti va joyiga rioya etilishini ta’minlashi;
yolgʻon yoki buzib koʻrsatilgan axborot bermasligi;
oʻz vakolatlaridan chetga chiqmasligi
shart.
Ish tashlagan xodimni ishdan boʻshatish mumkinmi?
Mehnat kodeksining 585-moddasi xodimlarga ish tashlash munosabati bilan muhim kafolatlarni beradi.
Xodimning ish tashlash bilan bogʻliq jarayonda ishtirok etgani uni intizomiy javobgarlikka tortish uchun asos sifatida koʻrilishi mumkin emas.
Bundan tashqari, ish tashlash paytida unda ishtirok etayotgan xodimning:
ish joyi va lavozimi saqlanib qoladi.
Shu sababli qonuniy tartibdagi ish tashlashda qatnashganlikning oʻzi xodimni ishdan boʻshatish yoki unga intizomiy jazo qoʻllash uchun mustaqil asos boʻla olmaydi.
Bu esa xodim istalgan boshqa qonunbuzarlik uchun javobgarlikdan ozod etiladi degani emas. Kafolat aynan ish tashlash bilan bogʻliq qonuniy ishtirokka tegishli.
Ish tashlash vaqtida oylik toʻlanadimi?
Bu masalada ish joyining saqlanishi bilan ish haqining saqlanishini farqlash zarur.
Mehnat kodeksining 585-moddasiga koʻra, ish beruvchi xodimga u ish tashlashda qatnashgan vaqtida ish haqini toʻlamaslik huquqiga ega.
Demak, qonuniy ish tashlashda qatnashayotgan xodim uchun ikki alohida qoida amal qiladi:
uning ish joyi va lavozimi saqlanadi;
ammo ish beruvchi ish tashlashda qatnashilgan vaqt uchun ish haqi toʻlamasligi mumkin.
Shuning uchun:
“Ish tashlagan xodimni boʻshatish mumkin emas ekan, demak oyligi ham toʻliq saqlanadi”
degan xulosa notoʻgʻri.
Ish tashlash huquqining kafolatlanishi ish tashlash davridagi ish haqining avtomatik ravishda saqlanishini anglatmaydi.
Ish tashlashda qatnashmagan, ammo ishlay olmagan xodimga nima boʻladi?
Bunday xodimning holati boshqacha.
Ish tashlashda ishtirok etmagan, biroq ish tashlash sababli bekor turib qolgan xodimlarga haq Mehnat kodeksida belgilangan tartibda toʻlanadi.
Shuningdek bunday xodimlar bekor turib qolish munosabati bilan ish beruvchining tashabbusiga koʻra qonunda belgilangan tartibda vaqtincha boshqa ishga oʻtkazilishi mumkin.
Ish tashlash boshlansa, muzokaralar tugaydimi?
Yoʻq.
Mehnat kodeksining 586-moddasi boʻyicha ish tashlash vaqtida ham jamoaviy mehnat nizosi taraflari nizoni yarashtiruv-vositachilik tartib-taomillari orqali hal qilishni davom ettirishi kerak.
Demak, ish tashlashning maqsadi muzokaralarni butunlay toʻxtatish emas.
Aksincha, jamoaviy nizoni hal qilish jarayoni ish tashlash davomida ham davom etadi.
Ish tashlash vaqtida xavfsizlik talablariga rioya qilish kerakmi?
Ha.
Ish tashlash korxonadagi xavfsizlik majburiyatlarini bekor qilmaydi.
Mehnat kodeksining 586-moddasiga koʻra, xodim, ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi:
jamoat tartibini;
ish beruvchi mol-mulkini;
xodimlar mol-mulkini;
toʻxtatilishi inson hayoti yoki sogʻligʻiga bevosita xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan uskunalarning ishlashini
ta’minlash yuzasidan tegishli choralarni koʻrishi shart.
Sud ish tashlashni kechiktirishi yoki vaqtincha toʻxtatishi mumkinmi?
Ha.
Mehnat kodeksining 587-moddasiga koʻra, agar ish tashlash:
insonlarning hayoti yoki sogʻligʻiga zarar yetkazishning real xavfini keltirib chiqarsa;
tinchlik va xavfsizlikka tahdid solsa;
jamoat xavfsizligi yoki jamoat tartibiga tahdid tugʻdirsa;
ekologik barqarorlikka xavf solsa,
sud ish tashlashga aralashishi mumkin.
Sud qarori asosida e’lon qilingan ish tashlashning boshlanish vaqti 30 kalendar kundan koʻp boʻlmagan muddatga kechiktirilishi mumkin.
Sudning ish tashlashni kechiktirish yoki toʻxtatib turish haqidagi qarori darhol ijro etilishi kerak.
Ish tashlash qayta tiklanishi mumkinmi?
Ha.
Mehnat kodeksining 588-moddasiga koʻra, agar ish beruvchi jamoaviy mehnat nizosini hal qilish jarayonida mehnat jamoasi bilan erishilgan kelishuvlarda belgilangan majburiyatlarni bajarmasa, tugatilgan ish tashlash qayta tiklanishi mumkin.
Bunda jamoaviy mehnat nizosini yarashtiruv-vositachilik tartib-taomillari asosida boshidan qayta koʻrib chiqish talab qilinmaydi.
Ammo kasaba uyushmasi qoʻmitasi:
ish beruvchini;
jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish boʻyicha davlat organini
ish tashlash qayta tiklanishi toʻgʻrisida kamida 72 soat oldin yozma ravishda ogohlantirishi kerak.
Kimlar ish tashlashi mumkin emas?
Mehnat kodeksining 589-moddasi ish tashlash huquqiga bir qator cheklovlarni belgilaydi.
Ish tashlashda quyidagilar qatnashishi mumkin emas:
tibbiyot xodimlari;
davlat organining vakolatlarini amalga oshirish uchun Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestriga kiritilgan shaxslar;
harbiy xizmatchilar;
sudyalar;
sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning maxsus yoki harbiy unvonlarga yoxud martaba, malaka yoki mansab darajalariga ega xodimlari;
energiya va suv ta’minoti tizimi tashkilotlari xodimlari;
aloqa tizimi xodimlari.
Shuningdek:
favqulodda holat;
favqulodda vaziyat;
urush holati;
umumiy safarbarlik e’lon qilingan davrda
ish tashlash taqiqlanadi.
Ayrim sohalarda ish tashlash mumkin, lekin minimal xizmat davom etadi
Qonun ish tashlashni butunlay taqiqlash bilan cheklanmaydi.
Ayrim tashkilotlar va xizmatlarda ish tashlash oʻtkazilishi mumkin, biroq aholining odatdagi turmush sharoitlari jiddiy buzilmasligi uchun minimal zarur ishlar yoki xizmatlar davom ettirilishi talab qilinishi mumkin.
Bunday talab:
aholining kundalik hayotini ta’minlashda muhim oʻrin tutadigan tashkilotlarda;
ish tashlashning davomiyligi yoki koʻlami aholining odatdagi turmush sharoitlariga tahdid soladigan xizmat va sohalarda
qoʻllanishi mumkin.
Minimal zarur ishlar va xizmatlar hamda ular amalga oshiriladigan tashkilotlar roʻyxatini Vazirlar Mahkamasi Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishgan holda belgilaydi.
Qachon ish tashlash noqonuniy hisoblanadi?
Mehnat kodeksining 590-moddasi noqonuniy ish tashlash tushunchasini belgilaydi.
Agar:
ish tashlash Mehnat kodeksida yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan talablarni buzgan holda amalga oshirilsa;
yoki ish tashlashni e’lon qilish toʻgʻrisidagi qaror qonundagi talablarni buzgan holda qabul qilinsa,
bunday ish tashlash noqonuniy ish tashlash deb topiladi.
Ish tashlashni noqonuniy deb topish masalasi sud tomonidan hal qilinadi.
Sud ish tashlashni noqonuniy deb topsa, xodimlar bu haqda ish tashlashga rahbarlik qiluvchi orqali darhol xabardor qilinishi kerak.
Bundan tashqari, ish tashlash noqonuniy deb topilgan taqdirda sud tegishli javobgarlik masalasini hal qilish uchun prokurorga xabar qiladi.
Ish tashlash qanday tugatiladi?
Mehnat kodeksining 591-moddasiga koʻra, ish tashlash quyidagi hollarda tugatiladi:
jamoaviy mehnat nizosi taraflari yozma kelishuvga erishsa;
ish beruvchi ish tashlashga sabab boʻlgan kelishmovchiliklarni bartaraf etsa;
sud ish tashlashni noqonuniy deb topsa;
ish tashlashda qatnashayotgan xodimlarning 50 foizidan koʻprogʻi ish tashlashdan voz kechishga rozi boʻlsa.
Ish tashlash tugatilganidan keyin xodimlar keyingi ish kunidan kechiktirmay mehnat shartnomasida nazarda tutilgan majburiyatlarini davom ettirishi kerak.
Ish tashlash haqidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik bormi?
Ha.
Mehnat kodeksining 592-moddasi ish tashlash toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻlishini nazarda tutadi.
OʻRQ-1150-son Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga ham maxsus norma kiritildi.
Ish tashlashga majburlash uchun qanday javobgarlik bor?
Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks 201²-modda — “Ish tashlash toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish” bilan toʻldirildi.
Mazkur norma, jumladan:
ish tashlash taqiqlangan holatda ish tashlashda qatnashish;
noqonuniy ish tashlashga rahbarlik qilish;
xodimni ish tashlashda qatnashishga;
yoki ish tashlashda qatnashmaslikka majburlash
uchun javobgarlik belgilaydi.
Xodimni ish tashlashda qatnashishga yoki unda qatnashmaslikka majburlash uchun 15 BHMdan 30 BHMgacha jarima nazarda tutilgan.
Agar bunday majburlash xizmat yuzasidan, moddiy yoki boshqa jihatdan aybdorga qaram boʻlgan shaxsga nisbatan sodir etilsa, jarima 30 BHMdan 50 BHMgacha yetishi mumkin.
Shu sababli rahbar:
“Hamma ish tashlaydi, sen ham chiqasan”
deb xodimni majburlashi mumkin emas.
Xuddi shuningdek:
“Ish tashlashda qatnashsang, oqibati yomon boʻladi”
degan bosim orqali xodimni qatnashmaslikka majburlash ham huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Ish tashlash bilan bogʻliq holatda jinoiy javobgarlik ham bormi?
Ha.
Jinoyat kodeksi 218¹-modda — “Ish tashlash toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish” bilan toʻldirilgan.
Mazkur modda boʻyicha noqonuniy ish tashlashga rahbarlik qilish yoki ish tashlashda qatnashishga yoxud qatnashmaslikka majburlash ma’muriy jazo qoʻllanilganidan keyin yana sodir etilsa, jinoiy javobgarlik kelib chiqishi mumkin.
Bunday holatda:
100 BHMdan 300 BHMgacha jarima;
360 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash;
yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish
nazarda tutilgan.
Agar ushbu harakatlar juda koʻp miqdorda zarar, odam oʻlimi yoki boshqa ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa, jazo yanada ogʻirlashadi.
Qachon 5 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi qoʻllanishi mumkin?
Jinoyat kodeksining 218¹-moddasidagi eng ogʻir holat ish tashlash taqiqlangan vaziyatlarga tegishli.
Mehnat qonunchiligiga koʻra ish tashlash taqiqlangan holatlarda:
shaxsni ish tashlashda ishtirok etishga majburlash;
va/yoki bunday ish tashlashga rahbarlik qilish
uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Agar bunday harakatlar:
odam oʻlimiga;
yoki boshqa ogʻir oqibatlarga
sabab boʻlsa, 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoʻllanishi mumkin.
Demak, qonun bir tomondan ish tashlash huquqini kafolatlasa, ikkinchi tomondan ushbu huquqdan noqonuniy va xavfli tarzda foydalanishga nisbatan qat’iy javobgarlik choralarini ham belgilaydi.
Jamoaviy mehnat nizolarining ayrimlari sudda koʻriladimi?
Ha.
Mehnat kodeksining 593-moddasiga koʻra, qonunchilikni, jamoa kelishuvlari va jamoa shartnomasini, shuningdek ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda qabul qilingan ichki hujjatlarni qoʻllash bilan bogʻliq ayrim jamoaviy mehnat nizolari sud tomonidan koʻrib chiqiladi.
Yangi ish tashlash tartibi qachondan amal qiladi?
OʻRQ-1150-son Qonun 2026-yil 11-iyunda qabul qilingan va shu kuni Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan.
Qonunning 9-moddasiga koʻra:
“Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.”
Shunga koʻra, mazkur yangi tartib 2026-yil 12-sentabrdan qoʻllanila boshlaydi.
Shuning uchun qonunning qabul qilingan sanasi bilan uning amalda kuchga kirish sanasini farqlash muhim.
Oʻzbekistonda ish tashlash boʻyicha eng muhim 7 qoida
Qisqacha aytganda:
Ish tashlash jamoaviy mehnat nizosini hal qilish vositasidir.
Avval nizoni yarashtiruv-vositachilik tartibida hal qilishga urinish kerak.
Ish tashlash toʻgʻrisidagi qarorni umumiy yigʻilish yoki konferensiyada qatnashayotganlarning 50 foizidan koʻprogʻi qoʻllab-quvvatlashi kerak.
Qaror ish tashlash boshlanishidan kamida bir oy oldin qabul qilinadi.
Ish tashlashda qatnashish ixtiyoriy.
Qonuniy ish tashlashda xodimning ish joyi va lavozimi saqlanadi, biroq ish beruvchi ish tashlash vaqtida ish haqi toʻlamasligi mumkin.
Ayrim xodimlar va ayrim davrlarda ish tashlash taqiqlangan.
Koʻp beriladigan savollar
Oʻzbekistonda ish tashlash qonuniymi?
Ha. Mehnat kodeksida belgilangan shart va tartiblarga rioya etilgan holda mehnat jamoasi jamoaviy mehnat nizosini hal qilish usuli sifatida ish tashlash toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
Bitta xodim ish tashlashi mumkinmi?
Mehnat kodeksidagi ish tashlash mexanizmi jamoaviy mehnat nizosiga tegishli. Bir xodimning shaxsiy nizosi tufayli ishga chiqmasligi qonundagi jamoaviy ish tashlash bilan aynan bir xil huquqiy holat emas.
Ish tashlash uchun nechta ovoz kerak?
Umumiy yigʻilish yoki konferensiyada qatnashayotgan xodimlar yoxud delegatlarning 50 foizidan koʻprogʻi ish tashlashni yoqlab ovoz berishi kerak.
Ish tashlash haqida qancha oldin qaror qabul qilinishi kerak?
Ish tashlashni e’lon qilish toʻgʻrisidagi qaror ish tashlash boshlanishidan kamida bir oy oldin qabul qilinishi kerak.
Ish tashlagan xodimni boʻshatish mumkinmi?
Xodimning ish tashlash bilan bogʻliq qonuniy jarayonda qatnashgani uni intizomiy javobgarlikka tortish uchun asos boʻla olmaydi. Ish tashlash vaqtida uning ish joyi va lavozimi saqlanadi.
Ish tashlash vaqtida oylik toʻlanadimi?
Ish beruvchi xodimga u ish tashlashda qatnashgan vaqtida ish haqini toʻlamaslik huquqiga ega.
Ish tashlashga majburlash mumkinmi?
Yoʻq. Xodimni ish tashlashga ham, ish tashlashda qatnashmaslikka ham majburlash mumkin emas. Bunday harakatlar ma’muriy, ayrim hollarda esa jinoiy javobgarlikka olib kelishi mumkin.
Hamma xodimlar ish tashlashi mumkinmi?
Yoʻq. Tibbiyot xodimlari, ayrim davlat xizmatchilari, harbiylar, sudyalar, ayrim sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, energiya va suv ta’minoti hamda aloqa tizimi xodimlariga ish tashlashda qatnashish taqiqlangan.
Xulosa
Oʻzbekistonda ish tashlash huquqi xodimlarga:
“xohlagan vaqtda ishga chiqmay qoʻyish”
huquqini bermaydi.
Ish tashlash qonunda aniq protseduraga bogʻlangan:
jamoaviy mehnat nizosi → yarashtiruv-vositachilik tartibi → umumiy yigʻilish yoki konferensiya → 50 foizdan koʻproq ovoz → kamida bir oy oldin qaror → yozma xabardor qilish → qonunda belgilangan tartibda ish tashlash.
Qonun bir vaqtning oʻzida xodim va jamiyat manfaatlari oʻrtasida muvozanat oʻrnatishga harakat qiladi.
Bir tomondan, xodim:
qonuniy ish tashlashda ishtirok etgani uchun intizomiy jazoga tortilmasligi;
ish joyi va lavozimini saqlab qolishi;
ish tashlashga yoki ish tashlamaslikka majburlanmasligi
kafolatlanadi.
Ikkinchi tomondan:
ish tashlashning aniq protsedurasi;
ayrim kasb va lavozimlar uchun taqiqlar;
xavfsizlik talablari;
sud nazorati;
ma’muriy va jinoiy javobgarlik
ham belgilangan.
Shu sababli Oʻzbekistonda ish tashlash oddiy norozilik aksiyasi emas, balki jamoaviy mehnat nizosini hal qilish uchun qonunda aniq chegaralari va kafolatlari belgilangan huquqiy vosita hisoblanadi.
KIberxavfsizlikni huquqiy ta'minlash va raqamli huquq boshqarmasi Bosh maslahatchisi, Adliya Vazirligi
Barcha maqolalarini ko'rishShu kabi maqolalarni har hafta oling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling — yangi qonun o'zgarishlari va amaliy maslahatlarni birinchi bo'lib oling.
Istalgan vaqt chiqib ketishingiz mumkin
