Davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligi darajasi baholanadi
Mart 15, 2021 kuni chop etildi, muallif:
Hukumat qarori bilan Davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligi darajasini oshirish va baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga koʻra, davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligi darajasi belgilangan minimal talablar asosida baholanadi.
Bunda xodimlar Davlat xizmatining yagona elektron-axborot tahlil tizimidagi “Davlat xizmatchilarini sinovdan oʻtkazish moduli” – maxsus test tizimida onlayn test sinovidan oʻtkaziladi.
Baholash har 3 yilda bir marta Adliya vazirligi tomonidan tegishli davlat tashkiloti bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan reja-grafik asosida tashkil etiladi.
Davlat tashkilotlariga birinchi marta ishga qabul qilinayotgan ish stajiga ega boʻlmagan shaxslar ishga qabul qilingan kundan boshlab 12 oy oʻtgach tegishli tartibda baholashdan oʻtkaziladi.
Har bir xodim tomonidan 40 ta test savoli bajarilib, baholashdan muvaffaqiyatli oʻtgan davlat tashkilotlari xodimlarining shaxsiy kabinetiga elektron tarzda QR kod orqali tasdiqlangan maʼlumot baholash natijalari chiqishi bilan darhol yuboriladi.
Yuqori natijani qayd etgan davlat tashkilotlarining ijobiy tajribalarini boshqa davlat tashkilotlari faoliyatiga tatbiq etish choralari koʻriladi.
Adliya vazirligi tomonidan baholash natijalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasi hamda Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligiga baholash oʻtkazilgan yilning yakunlari boʻyicha tahliliy maʼlumot kiritib boriladi.